To‘ylardagi dabdavozlik ayni isrofdir! Dinimizda isrofgarlik qattiq qoralangan bo‘lib, isrof qilish haromdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَلاَ تُبَذِّرْ تَبْذِيراً إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُواْ إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُوراً
«Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yma. Albatta, isrofchilar shaytonlarning birodarlari bo‘lganlar. Shayton esa, Robbiga o‘ta noshukr bo‘lgandir» (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Isrof faqat ortib qolgan taomni tashlab yuborishning o‘zigina emas. Vaqt, umr isrofi ham bor. Afsuski, vaqtimizning qadriga yetmaymiz, uni befoyda narsalar bilan sovuramiz.
Odamlar kimo‘zarga, maqtanishga dabdabali to‘y qilishadi. Maqtanchoqlik, odamlardan o‘zini ustun deb bilish ham og‘ir gunohdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّ اللّهَ لاَ يُحِبُّ مَن كَانَ مُخْتَالاً فَخُوراً
«Albatta, Alloh o‘zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko‘rmas» (Niso surasi, 36-oyat).
Kishilar odamlar ko‘rsin uchun to‘ylarda ortiqcha xarajat qilishadi. Bu riyodir. Riyo esa og‘ir gunohlardan. Biz “odamlar nima derkin?” deb emas, balki “Alloh nima deydi?”, “Shariatda bu borada nima deyilgan?” degan o‘y bilan harakat qilishimiz kerak.
Ko‘pchilik to‘y qilaman deb qarzga botadi. O‘zim eshitgan bir hodisani aytib bersam.
Bir xonadonda qiz uzatiladi. Ota qarzdor bo‘lib qolib, uni uzish uchun Rossiyaga ishlagani ketayotganda, yo‘lda avtohalokatga uchrab vafot etadi. Qiz onasiga «Qayerdan ham to‘yim bo‘ldi. Agar turmushga chiqmaganimda otam qarzga botmagan va pul topaman deb yo‘lda vafot etmagan bo‘lardilar» deya dodlab yig‘layapti. Shunda onasi «Unday dema qizim. Hech bo‘lmasa, otang to‘yingni ko‘rib qoldi-ku!» deyapti.
Aslida tarixga nazar solsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki olam sarvari bo‘la turib, qizlari Fotima roziyallohu anhoga juda kamtarona sep berib, to‘ylarini ham ixcham, sodda tarzda o‘tkazganlar. Bu biz ummatlari uchun ibratdir!
To‘yga ishlatiladigan ortiqcha mablag‘larga yangi oila uchun kerakli maishiy texnikalar, kitoblar olib bersak, shu oqilona ish emasmi?! Bir soatga kelib ketadigan mashina uchun, artistlar uchun falon pul sarflamay, shu pullarni dunyo va oxiratimizga foydali narsalarga ishlatsak, ayni muddao bo‘lardi. Agar uyimizda maishiy texnika buyumlari, kitoblar yetarli bo‘lsa, u holda qarindoshimiz, qo‘shnilarimiz orasida nochor, muhtoj, qorni to‘ysa xursand bo‘ladigan, qiynalib kun ko‘rayotgan oilalarga ehson qilsak, o‘sha oila a’zolari qanchalik xursand bo‘lishini tasavvur qilib ko‘raylik! Axir ular ikki yoshning haqiga ixlos bilan duo qilishadi. Zero, to‘y kuni xonadonimizga mehmonlarni taklif qilishdan maqsad ham ikki yoshning haqiga ulardan duo olishdir.
Nikoh bu ibodat! Demak, nikoh marosimi Alloh rozi bo‘ladigan tarzda o‘tishi kerak. Agar dasturxonga spirtli ichimliklar qo‘yilsa, bir-biriga begona bo‘lgan erkak va ayollar birga raqs tushsalar, bunda to‘yboshilar ham, kelin-kuyov ham, o‘sha raqsga tushuvchilar ham, spirtli ichimliklarni olib kelganlar, ichganlar, ichuvchilar bilan birga o‘tirganlar barobar gunohkor bo‘lishadi.
Yana bir muhim jihatni aytib o‘tsak. To‘y ziyofatiga imkon boricha nochor, yetim, kambag‘al kishilarni chaqirib, ko‘proq ulardan duo olishga harakat qilsak, biz tashkil etgan ziyofat eng yaxshi ziyofat hisoblanadi. Chunki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Albatta, ziyofatlarning eng yomoni boylar (qorni to‘qlar) taklif etilib, kambag‘allar man etilgan ziyofatdir» deganlar.
Alloh taolo nikoh marosimlarini O‘zi rozi bo‘ladigan tarzda o‘tkazishimizni nasib etib, qurilayotgan oilalar baxtiyor, saodatli oilalardan bo‘lishini nasib aylasin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.