7 oktyabr kuni Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi seminari boshlandi. Tadbir avvalida Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" jome masjidi imom noibi Habibulloh qori Abdurazzaqov Qur’oni karim oyatlarini tilovat qildi va xayrli duolar o‘qildi.
Nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Diniy idora raisi maslahatchisi Abduhakim qori Matqulov va Kotibiyat mudiri Muhammad Ayubxon Homidov ishtirok etmoqda.
Ushbu xalqaro seminar O‘zbekiston Respublikasi hukumati, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Seminarda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi. Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi loyihasini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Seminarda IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zolari, xalqaro ekspertlar, IHTga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi 50 ga yaqin davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman tafsilotlarini saytimizda yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.