Avval Toshkent viloyatidagi “Zarkent bobo” ziyoratgohida qabr tavof qilinayotgani, ustunlar o‘pilayotgani, zinalarga bosh qo‘yib, sajda etilayotgani kabi shirk holatlarga nisbatan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z munosabatini bildirgan edi.
O‘z navbatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Parkent tumani imom-xatiblari tomonidan ziyoratgohda kuzatilgan dinimizga zid amallarni bartaraf etish choralari ko‘rildi va u yerdagi holat doimiy nazoratga olindi. Ushbu tuman imom-xatiblari tomonidan muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Islom dinida bayon etilgan ziyorat odoblari aks etgan peshlavhalarni idora tasarrufida bo‘lmagan qadamjolarga ham joylashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar Diniy idora tashabbusi bilan boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi yana bir bor shu kabi o‘z tasarrufida bo‘lmagan ziyoratgohlarning mas’ullarini mana shunday ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelishining oldini olish, ziyorat odoblarini tushuntirish borasida hamkorlikka doim tayyor ekanini ma’lum qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi