Joriy yilning 28 noyabr-1 dekabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida V Jahon halol sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda "Azon" internet nashri xabar berdi.
Mazkur tadbir «Discover Events» kompaniyasi tomonidan, Turkiya prezidenti shafeligida tashkil etilmoqda. Unda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan ekspertlar va olimlar, davlat tashkilotlari va xususiy sektor vakillari qatnashadi. Sammitda mintaqaviy va xalqaro miqyosda strategik hamkorlik rivojlantirish, butun dunyoda tan olinadigan yagona halol standartini yaratish masalalari muhokama etiladi.
Bir paytning o‘zida halol mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etuvchi kompaniyalar ishtirokida «Halal Expo 2019» ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.