O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari jahonning eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxatidan joy oldilar. Bu haqda «The muslim 500» nashri xabar bermoqda.
Ummonda joylashgan Sultonlik Islomiy ctrategik tadqiqotlar markazi tomonidan shu yilning 30 sentyabr kuni "Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni" ro‘yxati e’lon qilindi.
Ushbu ro‘yxat 2009 yildan beri Amerikaning George Town universiteti qoshidagi Shahzoda Al-Valid bin Talal markazi bilan hamkorlikda muntazam ravishda chop etib kelinadi.
Dunyoning eng qudratli musulmonlari ro‘yxatini pokistonlik Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy boshlab beradi.
Ikkinchi o‘rinda Eron Oliy diniy ruhoniysi Oyatulloh Said Ali Homanaiy keladi. Abu Dabi valiahdi Zayd Al-Nahyon uchinchi o‘rinda.
Yuqori beshlikdan Iordaniya podshohi Abdulloh ibn al-Husayn va Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdul Aziz ol Saud joy olganlar.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on oltinchi o‘rinda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bir necha yillardan buyon ushbu ro‘yxatdan joy olib kelmoqdalar.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham eng nufuzli musulmonlar qatoridan joy olgan.
Amaldagi UFC chempioni Xabib Nurmagomedov ham taniqli musulmonlar ichida.
Ro‘yxatda musulmon liderlari yoki ulamolarining siyosatdan tortib din, matbuotdan tortib, san’at, ilm-fan va taraqqiyotga qo‘shgan hissalari ham inobatga olingan.
"Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni" ro‘yxati mualliflari bildirishicha, bu kabi tadqiqotlar Islom olamining dunyoga ijobiy ta’siriga xizmat qiladi, odamlarning Islom dinini yaqindan anglashlariga ko‘maklashadi va Islomning maqsadi tinchlik va taraqqiyot ekanini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abdulaziz YO‘LDOSHEV/«Xalq so‘zi». Samarqand shahrida «Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilyapti. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan yetmishdan ziyod ulamo va olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, muftiylar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashyapti.
Konferensiya ishtirokchilari 29 aprel kuni ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qilib, tarixiy obidalar va ziyoratgohlardan katta taassurot oldi.
Xorijiy ulamolar bu diyor dunyo sivilizatsiyalar markazi bo‘lgani, Islom tamadduni rivojiga ham muhim hissa qo‘shgani, ko‘plab olimu ulamolarni yetishtirib berganini e’tirof etdi.
Bugun konferensiya ishtirokchilari Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati, moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalarni muhokama qiladi.
xs.uz