Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

04.10.2019 y. Musulmonlar fitnalardan saqlanishi lozim

30.09.2019   4336   17 min.
04.10.2019 y. Musulmonlar fitnalardan saqlanishi lozim

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي قَالَ: "الْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ: "سَتَكُونُ فِتَنٌ الْقَاعِدُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْقَائِمِ"، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

MUSULMONLAR FITNALARDAN SAQLANISHI LOZIM

Hurmatli jamoat! Dinimizda insof-diyonat, o‘zaro totuvlik, jamiyatdagi birdamlik va mehr-muhabbat kabi xislatlar qadrlanadi. Chunki tinchlik-totuvlik va o‘zaro hamjihatlik bo‘lgan jamiyat rivojlanadi, gullab-yashnaydi. Odamlar orasida fitna va ixtilof chiqarish, bir-biriga qarshi gij-gijlash, ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga harakat qilish qattiq qoralanadi.

Tinchlikni farovonlik va taraqqiyotning bosh mezoni deb bilgan har qanday davlat jamiyatda fitna oralashiga qarshilik qiladi, bunga yo‘l qo‘ymaydi, fitnachilar bilan hech qachon murosaga bormaydi. Insoniyat tarixining ilk kunlaridanoq holat shu. Dushman qayerni egallamoqchi bo‘lsa, qaysi zaminning boyliklarini talamoqchi, xalqini qul qilmoqchi bo‘lsa, albatta o‘sha yerda fitna urug‘ini ekishga harakat qilgan, mahalliy fitnachilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan.

Bunga tarixdan misol keltirsak! Madina shahrida yashagan Avs va Xazraj qabilalari doim bir-biri bilan adovat qilardi. Islom kelganidan keyin ular do‘st-birodar bo‘lib yashay boshladilar. Ularning bu do‘stligini ko‘ra olmaganlar ularga qizg‘in jang bo‘lgan “Buos” kunini eslatdi. O‘sha kungi janglar, qahramonliklardan boshlangan gap, nizoga aylanib, oxiri ikki qabila o‘zaro jang qilishmoqchi bo‘lishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bu voqeaning xabari yetgach, as'hoblari hamrohligida ular yoniga chiqib bordilar. To‘planib turishgan joyga yetib borgach:

“Ey musulmonlar jamoasi! Allohdan qo‘rqsangiz bo‘lmaydimi?! Men hali orangizda bo‘la turib sizlar johiliyat chaqiriqlariga chorlaysizmi?! Alloh sizlarni Islomga hidoyatlab qo‘yganidan va u bilan sizlarni mukarram qilganidan, u sababli sizlardan barcha johiliyat ishlarini uzib tashlaganidan, u sababli sizlarni kufrdan qutqarib, dillaringizni bir-biriga oshno qilganidan so‘ng-a?!”, dedilar. Shundagina qavm o‘zlariga kelib, dushman makriga aldanib qolganliklarini anglab yetdilar, ikkala qabila a’zolari quchoqlashib, bir-birlaridan kechirim so‘radilar (“As-Siyratun nabaviya” kitobidan).

“Fitna” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘atda “sinash”, “imtihon qilish”, “olovda toblash” ma’nolarini bildiradi.

Qur’oni karim va hadisi shariflarda esa “fitna” so‘zi bir necha ma’nolarda kelgan. Masalan, “sinov, imtihon”, “haq yo‘ldan to‘sish”, “olovda azoblash”, “shirk, kufr keltirish”, “botilni haq qilib ko‘rsatish”, “zalolatga ketkazish”, “odamlarni qatl qilish va asir olish”, “odamlar o‘rtasidagi kelishmovchilik” ma’nolarini uchratish mumkin.

Hozirgi kunda musulmonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, ularni bir-biriga gij-gijlash, musulmon yurtlarda urush chiqarib, odamlarni qatl va quvg‘in qilish ham katta fitna hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ

ya’ni:Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir(Baqara surasi, 217-oyat).

Diniy manbalarda fitnaning odam o‘ldirishdan ham yomonroq deb hisoblanishi uning xatarlari bir kishining o‘ldirilishidan ko‘ra ancha keng ko‘lamga ega ekanligi bilan izohlanadi. Albatta, mol ilinjida, g‘azab sababli yoki boshqa har qanday omil tufayli bir jonning hayotiga nuqta qo‘yish katta jinoyat. Biroq, jamiyat a’zolari orasida fitna chiqarish odamlarni bir-birlariga qarshi qayrash, nizo chiqarish orqali birodarkushlik urushlariga, butun boshli millatni taraqqiyotda o‘nlab yillar ortga surib yuboruvchi vayronagarchiliklarga sabab bo‘lishini inobatga olsak, jamiyat uchun bundan ham katta talofat bo‘lmasligini anglaymiz.

Fitnaning eng ko‘p ishlatiladigan ma’nosi buzg‘unchilik, fisqu-fasod qo‘zg‘ash, jamiyatda turli asossiz mish-mishlar tarqatish, xalqni o‘z davlatiga qarshi qo‘yishdir. Fitnaning yomon tomoni shundaki, ko‘pchilik uning asl mohiyatini anglamaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:

وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ، لَا تَذْهَبُ الدُّنْيَا حَتَّى يَأْتِيَ عَلَى النَّاسِ يَوْمٌ لَا يَدْرِي الْقَاتِلُ فِيمَ قَتَلَ، وَلَا الْمَقْتُولُ فِيمَ قُتِلَ، فَقِيلَ: كَيْفَ يَكُونُ ذَلِكَ؟ قَالَ: الْهَرْجُ، الْقَاتِلُ وَالْمَقْتُولُ فِي النَّارِ

(رواه الامام مسلم عنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni:Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, bu dunyo, toki qotil nima uchun o‘ldirayotganini, maqtul nima uchun o‘ldirilayotganini bilmaydigan kun kelmaguncha, yo‘q bo‘lmaydi”. “Bu qanday ro‘y beradi?” – deyildi.Harj (fitna aralashgan urush bo‘ladi), o‘ldirgan ham, o‘ldirilgan ham do‘zaxda!” – dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Afsuski, dunyodagi notinch hududlar haqida fikr qilgan kishi bu hududlar aksar hollarda musulmon diyorlari ekanini anglaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillarda terrorizm balosidan eng ko‘p aziyat chekkan dunyoning 10 ta mamlakatidan 8 tasi musulmon diyorlar ekani aniqlangan. Bu yerlarda musulmon musulmonning qonini to‘kmoqda, o‘ldirmoqda. O‘ldirayotgan nima uchun o‘ldirmoqda, o‘ldirilgan nima uchun qatl qilingani so‘ralsa, tayinli javob yo‘q, hech biri bilmaydi.

“Jihod”, “Islom davlati qurish” kabi niqoblardagi urushlar, xunrezliklar qanchadan-qancha odamlarni o‘z domiga tortib ketdi. O‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lmagan kishilar bunday hollarda chet eldagi gumashtalarining “fatvo”lari bilan fitnani oqlamoqchi bo‘ladilar.

Musulmonlarning boshiga turli kulfatlarni yog‘dirgan “ISHID” terrorchi tashkiloti ham zamonamizning ana shunday fitnalaridan biridir. Binobarin, bu mash’um tashkilot sabab 13 milliondan oshiq tinch aholi o‘z uyini tashlab, qochoqlikka mahkum bo‘ldi. Millionlab yoshlar maktabga borolmay qoldi. Qanchadan-qancha ayollar beva, norasida go‘daklar esa yetim qoldi. Obod yurtlar xonavayron bo‘ldi... Fikr, mushohada qilgan kishi borki, bu fitnalar musulmonlar boshiga faqat kulfat va achchiq azob keltirishini anglab yetadi. Shundan keyin ham ba’zi yoshlarning “jihod” qilaman deb, o‘zini olov domiga tashlashi, musulmonlarga qarshi qurol ko‘tarishini qanday tushunish mumkin?!

Abu Idris al-Xavaloniy Huzayfa ibn al-Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... jahannam darvozasiga da’vat qiluvchilar paydo bo‘ladi, kimki ularning da’vatiga javob qilsa, uni jahannam qa’riga uloqtiradilar”, ­­- dedilar. Men: “Ey, Allohning Rasuli, o‘sha kishilarni bizga tavsiflab bering!” - dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ular o‘z urug‘imizdan bo‘lib, bizning tilimizda so‘ylaydilar”, - dedilar. Men: “Agar men o‘sha davrda hayot bo‘lsam, nima qilishimni buyurasiz?” - dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonlar jamoasidan ayrilmagin, ularning imomlariga ergashgin!”, - dedilar. Men: “Basharti, o‘sha zamonda na musulmonlar jamoasi na imomlari bo‘lmasa-chi?” - dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Garchi daraxt tomirini kemirib kun ko‘rishingga to‘g‘ri kelsa ham seni sabr qilishga da’vat qiluvchi Allohni qalbingga mahkam tugib olgin-da, o‘la-o‘lguningcha o‘sha zamon fitnachilaridan yiroq bo‘lgin!” -  deb aytdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana shunday marhamat qilganlar:

"سَتَكُونُ فِتَنٌ الْقَاعِدُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْقَائِمِ وَالْقَائِمُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْمَاشِي وَالْمَاشِي فِيهَا خَيْرٌ مِنْ السَّاعِي وَمَنْ يُشْرِفْ لَهَا تَسْتَشْرِفْهُ وَمَنْ وَجَدَ مَلْجَأً أَوْ مَعَاذًا فَلْيَعُذْ بِهِ"

(رواه الامامُ البخاري عن ابي هريرة رضي الله عنه )

ya’ni:  “Albatta, kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi. U vaqtda (jim) o‘tiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh bo‘ladigan joy topsa, o‘shani lozim tutsin!” – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Diqqat qilinsa, fitna haqidagi hadislarda unga aralashmaslik, o‘zini chetga olish tavsiya qilinadi. Hadisi sharifdagi “Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga tortadi” jumlasining tasdig‘ini ham hayotda ko‘rdik. “ISHID” terrorchi tashkiloti yoki jihodiy jamoalar da’vatchilarining targ‘ibotini muntazam eshitib yurgan ko‘pchilik yoshlar, ming afsuski, uning to‘riga ilinib qoldilar.

Jamiyatning har bir a’zosi fitna urchimasligiga harakat qilishi, fitnachilarning kirdikorlariga qarshi turishi kerak. Imom Dorimiy rivoyat qiladilar: Subayg‘ al-Iroqiy nomli bir kishi musulmon askarlar orasida Qur’ondagi turli narsalardan so‘rab, askarlar orasida fitna qo‘zg‘ab yurardi. U Misrga kelganida Misr hokimi Amr ibn Os uni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga yubordi. Umar roziyallohu anhu Subayg‘dan “Odamlardan nimalar haqida so‘raysan?” – dedi. U aytib berdi. So‘ng Umar ibn Xattob xurmo shoxini keltirib, Subayg‘ning orqasiga yara bo‘lguncha urdirdi. Yarasi bitgach yana urdirdi. Bu hol bir necha marta takrorlandi. Shunda Subayg‘: “Ey mo‘minlarning amiri, agar meni o‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, chiroyli qilib o‘ldiring. Agar ta’zir bermoqchi bo‘lsangiz, aqlim kirdi”, - dedi. Umar ibn Xattob Subayg‘ni o‘z yurtiga jo‘natib yubordi va o‘sha yurt voliysiga hech kim u bilan suhbatlashmasligini qattiq tayinladi. Subayg‘ avvallari o‘z qavmining sayyidi edi. Bu voqeadan keyin esa haqir bo‘ldi. Sababi, u Qur’ondagi ba’zi oyatlardan ixtilofli masala chiqarishga urinar edi.

Ko‘rinib turganidek, hazrati Umardek zot fitna urchimasligi uchun odamlar orasida fitna-fasod qo‘zg‘aydigan kimsalarga qarshi mana shunday qattiq choralarni ko‘rgan edilar.

Yana bir katta fitna musulmonlar orasida e’tiqodiy va fiqhiy masalalarda ixtiloflar chiqarishdir. Qur’oni karimda ba’zi kishilar odamlarni fitnaga solish va o‘z talqiniga ko‘ra ma’no berish uchun mutashobeh oyatlarni o‘zlariga dastak qilib olishi xabar beriladi. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:   

فَأَمَّا الَّذِينَ فِي قُلُوبِهِمْ زَيْغٌ فَيَتَّبِعُونَ مَا تَشَابَهَ مِنْهُ ابْتِغَاءَ الْفِتْنَةِ وَابْتِغَاءَ تَأْوِيلِهِ وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ...

ya’ni: “Ammo dillarida og‘ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o‘z talqiniga muvofiq ma’nolar berish uchun uning (Qur’onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta’vilini (asl ma’nosini) faqat Allohning O‘zigina bilur...” (Oli Imron surasi, 7-oyat).

Hozirgi kunimizda ham odamlar orasiga turli ixtilof urug‘larni sochayotgan kishilar asosan mutashobeh oyatlarni o‘zlariga dalil qiladilar. Ming yillardan beri amal qilinayotgan mazhablarni tashlab, mazhabsizlikka da’vat etadilar.

          Bunday fitnadan saqlanishning yo‘li, islom ummati qabul qilgan, to‘g‘riligiga ijmo qilgan fiqhiy mazhablarga amal qilishdir. Firqalanishni qo‘yib, ittifoq bo‘lishga qiziqtiruvchi dalillar juda ko‘p. Ixtilof chiqqanda ko‘pchilikka ergashish to‘g‘risida Payg‘amabarimiz alayhissalomdan shunday buyruq kelgan:

فإذَا رَأَيْتُمْ اِخْتِلاَفًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ

(رواه الامام  ابن ماجه عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya’ni: “Qachon ixtilofni ko‘rsangiz, katta jamoatni mahkam tutinglar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

“Katta jamoat”dan murod to‘rt fiqhiy mazhabga amal qiladigan va ko‘pchilikni tashkil qiladigan musulmonlardir. Ixtilof chiqqanda ularning yo‘lidan yurish kerak bo‘ladi. Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi, Umar raziyallohu anhu xutbalarida shunday deganlar:

عَلَيْكُمْ بِالْجَمَاعَةِ وَإِيَّاكُمْ وَالْفِرْقَةَ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ مَعَ الْوَاحِدِ، وَهُوَ مِنَ الْاِثْنَيْنِ أَبْعَدُ

ya’ni: “Jamoatni mahkam tutinglar, firqalanishdan saqlaninglar. Chunki shayton bir kishi bilan birga bo‘ladi. Ikki kishidan esa uzoqroqda bo‘ladi”.

Ixtilof va fitnadan qochishning yana bir chorasi, bilmagan narsalarini ishonchli, mazhabni mahkam tutgan ahli sunna olimlaridan so‘rab olishdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom:

...فَإِنَّمَا شِفَاءُ الْعِيِّ السُّؤَالُ...

(رواه الامام ابو داود عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه )

ya’ni: “...Bilimsizlikning davosi so‘rashdir”, – dedilar.

          Fitnalar domiga tushib qolmasligi uchun yoshlarimiz birinchi navbatda do‘st bilan dushmanning farqiga borishlari kerak. Kim bizga to‘g‘ri maslahat beradi, xato-kamchiliklarimizni to‘g‘rilaydi-yu, kimlar bizning qoqilishimizni poylaydi. O‘zini do‘stdek tutib, fursat kelganda orqadan pichoq uradi? Buning farqiga borish lozim.

Yana har kimning gapini haqiqat deb ergashib ketavermaslik kerak. Biror yangilikni o‘qiganda, uning manbasini yaxshilab tekshirish, bu qanchalik haqiqat ekani, u kimning foydasiga xizmat qilishini aniqlash darkor. Ba’zan yoshlarimiz ijtimoiy tarmoq saytlarida e’lon qilingan yolg‘on-yashiq ma’lumotlarni ham boshqalarga tarqatadilar, uni muhokamaga qo‘yib, odamlarni chalg‘itadilar. Bu esa dinimizda qattiq qoralangan amaldir. Imom Muslimdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qildilar:

مَنْ دَعَا إِلَى هُدًى كَانَ لَهُ مِنْ الْأَجْرِ مِثْلُ أُجُورِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا، وَمَنْ دَعَا إِلَى ضَلَالَةٍ كَانَ عَلَيْهِ مِنْ الْإِثْمِ مِثْلُ آثَامِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ آثَامِهِمْ شَيْئًا

(رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim hidoyatga chaqirsa, unga (o‘z ajri bilan birga) ergashuvchilarning ajricha ajr bo‘ladi, bu narsa ergashuvchilarning savobini kamaytirmaydi. Kim zalolatga chaqirsa, unga (o‘z gunohi bilan birga) ergashuvchilarning gunohicha gunoh bo‘ladi, bu narsa ergashuvchilarning gunohini kamaytirmaydi”.

Fitnalar qarshisida har kimning asl qiyofasi fosh bo‘ladi. Haqiqiy vatanparvar, imonli kishilar kimlar-u, xoin-xudbinlar kim - hammasi aniq bo‘ladi.

Yaqin tariximizda, yurtimiz mustaqillikni endi qo‘lga kiritgan yillarda yosh davlatimizga nisbatan turli fitnalar uyushtirildi. Sir emaski, o‘sha fitnalarga aralashganlar, tinchlik-osoyishtaligimizni buzib, g‘arazli maqsadlar yo‘lida harakat qilganlar jazoga tortildi. Lekin davlatimiz doim kechirimlilik yo‘lini tutib keldi. Ayniqsa, keyingi yillarda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ketma-ket afvlar e’lon qilindi. Minglab kishilar oila a’zolari bag‘riga qaytib, tinch-osuda hayot kechirmoqda. Ular hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishlari uchun har tomonlama yordam berilmoqda, ish bilan ta’minlanmoqda, moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Zero dinimiz kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Bu haqda Alloh taolo marhamat qiladi:

فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاصْفَحْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ...

ya’ni: “...Ularni afv eting va kechiring! Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).

O‘z navbatida, bunday insonlar ham berilgan imkoniyatlarning shukronasini qilib, jinoyat yo‘llaridan uzoq yurishlari, oilasi, mahallasi, Vatani xizmatida kamarbasta bo‘lishlari zarur.

Musulmon o‘lkalar, jumladan, bizning jonajon vatanimizdagi taraqqiyot, bugungi ijobiy o‘zgarishlar kimlargadir yoqmasligi va ular bizni chalg‘itish uchun fitnalar uyushtirishi tabiiy. Biz esa bu fitnalarga aldanmasligimiz kerak. Fitnalarning nechog‘li zararli, yomon oqibatlarga olib kelishini hayotda ko‘rdik. Bu xatoni takrorlashga aslo haqqimiz yo‘q.

Xalq ichiga fitna solmoqchi bo‘lganlarga har birimiz nasihat qilib, o‘tgan og‘ir kunlarni eslatib, bugungi tinch-xotirjam hayotimizga shukr qilishni targ‘ib qilishimiz kerak.

Tinchlik, salomatlik katta ne’mat. Ular  bor joyda rivojlanish, erkinlik bo‘ladi. Vaholanki, shu kunlarda ham fitna o‘choqlarida qurbon bo‘layotgan, uy-joysiz qolib, qochoq bo‘lib yurgan, urushdan qo‘rqib, bolalarini maktabga ham chiqarmay qo‘ygan millionlab insonlar bor. Bu voqealarni tafakkur qilgan kishi, aslida inson o‘z uyida xotirjam istirohat olishi ham ulkan ne’mat ekanini anglaydi.

Alloh taolo fitna va qiyinchilikda qolgan insonlarga ham xotirjamlikni qaytarsin!  Jonajon o‘lkamizni turli xil fitna-fasod va balo-ofatlardan O‘z hifzu himoyasida saqlasin, xalqimizning tinch-xotirjam va farovon hayotini bardavom qilsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ISLOMDA VATANPARVARLIK TUSHUNCHASI mavzusida bo‘ladi.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   4493   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.