Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan hozirgi asrda bir insonning qarashlari jamiyatning boshqa a’zolariga va hattoki, butun jamiyatga katta ta’sir etmoqda. Avvalo shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’i nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.
Diniy ta’limot o‘ta nozik va xassos bo‘lgani tufayli yurtimiz hududida diniy qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi masjidlar yopilar ekan, ayrim imomlar ishdan bo‘shar ekan, degan mazmundagi xabarlar keng tarqaldi. Biz ushbu xabarlarda nima deyilgani, qanday fikrlar bayon etilgani to‘g‘risida to‘xtalmoqchi emasmiz.
Balki muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida oxirgi uch yilda masjidlarni obod etish, fuqarolarimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi jomelarni ochish borasida qilingan ishlarni muxtasar aytib o‘tmoqchimiz, xolos.
So‘nggi yillarda respublikamizda 24 ta yangi masjid ochildi. Ular qatorida namozxonlarga tuhfa etilgan Qoraqalpog‘istondagi “Imom Eshon Muhammad”, Toshkent shahridagi “Suzuk ota”, “Imom at-Termiziy”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, Surxondaryo viloyatidagi “Hakim Termiziy”, Xorazm viloyatidagi “Oxun bobo” va Farg‘ona viloyatidagi “Chiligijiyda” kabi masjidlarni alohida ko‘rsatish mumkin.
Shuningdek, o‘lkamizda 106 ta masjid to‘liq yangidan qurildi, 231 ta masjid kapital ta’mirdan chiqarildi. Bunday ulug‘vor ishlar diyorimizda shiddat bilan davom etmoqda.
Yana bir jihat, aslida masjidlarni yopish masalasi qandaydir mansabdor shaxsning vakolatiga kirmaydi, balki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 409-son qarori asosida ijro qilinadi.
Shuningdek, masjid imom-xatibini ishga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalasi ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.
Demak, huquqiy tamoyillarni inkor etish, O‘zbekiston aholisining haq-huquqlari, diniy qadriyatlari va ehtiyojlariga hurmatsizlik ko‘rsatishga hech kimning haqqi yo‘q.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Islom shiorlari, imom-domlalar va masjidlarga nisbatan bildirilgan har qanday nomaqbul fikrlarga nisbatan doimo murosasizdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yaqin kunlarda yurtimizga ham muqaddas ramazon oyi kirib keladi. Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar yanada kuchaytiriladi.
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish xayrli amallardan hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Moddiy-ma’naviy yordamlar ko‘lamini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi bir qancha davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, arab davlatlarida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan Saudiya podshohligi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan aloqalar yildan yilga yanada ijobiy tus olyapti. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi ikki yildan buyon aynan ramazon oyida O‘zbekistonga ehtiyojmand aholi qatlami uchun hurmo mevasi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilib kelyapti. Ramazon oyi munosabati bilan yaqinda ushbu markaz O‘zbekistonga kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun yana 6 750 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat qutilar va un mahsulotlarini xayriya qilib, fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar salmog‘ini yanada oshirdi. Joriy yilning 24 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, ularni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subay’iy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi vakillari, OAV xodimlari hamda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalar ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar Respublika bo‘ylab taqsimlanib, Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali Ramazon oyi davomida ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi. Demak, bu oyda 6 750 ta ehtiyojmand oilaga Ramazon tuhfalari kirib boradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
"Vaqf" xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati