Ibn Sinoni hamma joyda tabib, faylasuf sifatida tanishtiriladi va shunday taniladi. Ammo negadir olimning Qur’oni Karimni yoshligidayoq yod olgani, Qur’oni Karimga tafsir yozgani gapirilmaydi.
*****
Beruniyni astronom, fizik, geolog, faylasuf, tarixchi, geograf deya tanishtiriladi. Ammo olim shariat ilmlarining bilimdoni bo‘lganini, hatto meros ilmini yaxshi bilganini, merosga oid birgina masalani bilishga ulgurmagani sababli o‘sha masalani vafoti oldidan bilib, keyin vafot etganini gapirilmaydi.
*****
Abdulloh ibn Muborak zohid, taqvoli, odobi yuksak zot edilar. Bir kuni oldilarida turgan kishi aksirib yuboradi-da, alhamdulillah demaydi. Shunda Imom undan “Aksirgan kishi nima der edi?” deb so‘raydilar. U odam “Alhamdulillah” deganda, u zot “Yarhamukalloh” deb aytadilar.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD