Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki azonni eshitsangiz, muazzin aytayotgan narsani aytinglar”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim chin qalbdan muazzin aytgan narsani aytib tursa hamda “hayya ’alal”larda “Laa havla va laa quvvata” desa jannatga kiradi», dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qachonki muazzinning ovozini eshitsangiz, uning aytganlarini qaytaring, so‘ngra menga salavot ayting. Zero, kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot yo‘llaydi” (Imom Muslim rivoyati).
اللَّهُمَّ رَبِّ هَذهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاةِ القائِمةِ، آتِ مُحَمَّداً الوَسِيلَةَ والفَضِيلَةَ وابْعَثْهُ مَقاماً محموداً الذي وَعَدْتَهُ
“Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah”
“Allohim! Ey ushbu yetuk chaqiriqnig, hozir bo‘lib turgan namozning Robbi! Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vasila va fazilatni ato et. U zotni O‘zing va’da qilgan maqomi mahmudga yetkaz”.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim azonni eshitgandan keyin “Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah” desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo‘ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Muazzinlar aytgan kalimalarni ayt, qachonki oxiriga yetsang, so‘ra, beriladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ
رَضِيتُ بِاللَّهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا
“Ashhadu alla ilaha illalloh vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu. Roziytu billahi Robban va bi Muhammadin rasulan va bil Islami diynan”
“Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning Rasulidir. Allohni Robb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar, Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: "Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi", dedilar. Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima deb duo qilaylik?" deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolodan dunyo va oxirat ofiyatini va avfini so‘rang", dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.
“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.
“Tarviya” – “tafakkur” ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.
Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.
Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.
Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.
Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).
Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.
Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..
Davron NURMUHAMMAD