Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447

AZON TINGLAGANDA BAJARILADIGAN 5 AMAL

24.09.2019   7751   3 min.
AZON TINGLAGANDA BAJARILADIGAN 5 AMAL
  1. Azon eshitgan kishi muazzin aytgan kalimalarni qaytaradi. Azonni eshitgan musulmon kishi uni diqqat bilan tinglashi va muazzin jumlani tugatishi bilanoq uni ichida takrorlashi lozim.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki azonni eshitsangiz, muazzin aytayotgan narsani aytinglar”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

  1. Muazzin “Hayya ’alas solah” va “Hayya ’alal falah” deganida esa “Laa havla va laa quvvata illa billah” deb aytish.

Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim chin qalbdan muazzin aytgan narsani aytib tursa hamda “hayya ’alal”larda “Laa havla va laa quvvata” desa jannatga kiradi», dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).

 

  1. Muazzin “Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh” lafzini aytganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qachonki muazzinning ovozini eshitsangiz, uning aytganlarini qaytaring, so‘ngra menga salavot ayting. Zero, kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot yo‘llaydi (Imom Muslim rivoyati).

 

 

 

 

  1. Azon tamom bo‘lgach ushbu duoni o‘qish:

اللَّهُمَّ رَبِّ هَذهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاةِ القائِمةِ، آتِ مُحَمَّداً الوَسِيلَةَ والفَضِيلَةَ وابْعَثْهُ مَقاماً محموداً الذي وَعَدْتَهُ

“Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah”

“Allohim! Ey ushbu yetuk chaqiriqnig, hozir bo‘lib turgan namozning Robbi! Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vasila va fazilatni ato et. U zotni O‘zing va’da qilgan maqomi mahmudga yetkaz”.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim azonni eshitgandan keyin “Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah” desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo‘ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Muazzinlar aytgan kalimalarni ayt, qachonki oxiriga yetsang, so‘ra, beriladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

  1. So‘ngra ushbu duoni qilish:

أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ

رَضِيتُ بِاللَّهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا

“Ashhadu alla ilaha illalloh vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu. Roziytu billahi Robban va bi Muhammadin rasulan va bil Islami diynan”

“Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning Rasulidir. Allohni Robb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar, Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Imom Muslim rivoyati).

 

  1. Alloh taolodan avf va ofiyat so‘rash.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: "Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi", dedilar. Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima deb duo qilaylik?" deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolodan dunyo va oxirat ofiyatini va avfini so‘rang", dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD

 

 
Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

01.08.2025   6294   1 min.
“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:

“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.


“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.


“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.


“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.


“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.


“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.


“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.


“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.


“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.


Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat dedi.
 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV