Asma’iy aytadi, A’robiylardan bo‘lgan bir kimsa mana bu voqeani aytib berdi:
Men eng yaxshi odam kim-u, ota-onasiga oq bo‘lganlar kimligini bilish maqsadida o‘z mahallamdan chiqib boshqa mahallalar oralab borar ekanman, bir qari cholning oldidan chiqdim. Uning bo‘ynida quduqdan suv tortadigan chelakning uzun arqoni bor ediki, u yukni hatto tuya ham ko‘tara olmas edi. Bu ayni tush payti bo‘lib, jazirama zaminni qattiq qizdirayotgan edi. U cholning orqasida bir yigit turar, uning qo‘lida arqondan qilingan qamchisi bo‘lib, u bilan cholni urar, hatto cholning orqasi arqonning zarbidan yorilib ketgan edi. Men bu holatni kuzatar ekanman, yigitga: “Allohdan qo‘rqmaysanmi, axir bu qari cholku, uni jarohatlaganing yetmaganidek, qattiq azob ham beryapsan?!”, dedim. U pinagini ham buzmay: “Bundan tashqari u mening otam ham”, dedi. Men: “Alloh seni yaxshilik bilan mukofotlamasin!”, dedim. U: “Jim bo‘l, bu odam, ya’ni otam o‘z otasiga shunday qilgan, otasi esa bobosiga”, dedi. Men aytdim: “Haqiqiy oqpadar shudir!”.
Ibrohim Hozimiyning
OQPADARLIK OQIBATLARI kitobidan
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).