Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Duo
Yo Alloh! Mehribon Robbim! Xotimamizni go‘zal qilgin! Kalimai Shahodatni aytib jon berishimizni oson aylagin, omin!
*****
Muhim vazifa
- Assalomu alaykum, ustoz. Sizga shogird bo‘lib, ilm o‘rganmoqchiman, qalbim pok bo‘lishini, axloqim go‘zal bo‘lishini xohlayman.
- Va alaykum assalom. Gunohlaring kamayganda kelasan.
Oradan taxminan uch yil o‘tib, haligi yigit yana keldi.
- Assalomu alaykum. Ustoz, men keldim. Shu o‘tgan yillar mobaynida gunohdan tiyildim. Endi shogirdlikka qabul qilasizmi? Menga ham vazifa berasizmi?
- Va alaykum assalom. Senga uch yil oldin berganman vazifani. Gunohlardan tiyilish. Shu ishda bardavom bo‘lgin!
*****
Yetmish yildan ortiqroq o‘qidim. Mana bundan chiroyliroq hikmat topmadim:
«Albatta, toatning mashaqqati ketadi va savobi qoladi. Albatta, gunohlarning lazzati ketadi va iqobi qoladi».
Ali Tantoviy rahimahulloh
*****
Agar aka-ukalar birgalashib ishlasalar, tog‘lar ham oltin konlariga aylanadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Tildan boshqa barcha a’zolarga charchoq, qarilik yetadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Yurayotgan yo‘lingga tikon sochma, tikonli o‘simlik ekma. Ehtimol o‘sha yo‘ldan yalangoyoq holda o‘tishing mumkin.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Haqiqat, garchi unga hamma qarshi bo‘lsa ham, haqiqatligicha qolaveradi!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Tarixdagi eng katta ikkiyuzlamachilik va laganbardorliklardan biri
Mamluklar hukmronligi davrida Misrda zilzila bo‘ldi. Shunda shoirlardan biri podshohga: “Misrda zilzila bo‘lmayapti. Balki (Misr) sizning adolatingizdan xursand bo‘lib, raqsga tushyapti” dedi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar bir insonning axloqini bilmoqchi bo‘lsangiz, boshliqlari bilan emas, balki o‘zidan quyiroq kishilar bilan qanday muomala qilishiga qarang!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati