Cavol: Ba'zi insonlar o'tganlarining qabrlari ustiga doimiy Qur'on tilovat qilib turuvchi chiplarni o'rnatib qo'ymoqdalar. Shu ish joizmi, ushbu tilovatlardan mayyitga savob etadimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Ushbu savolning javobida ikkita muhim jihatni mulohaza qilish lozim. Birinchisi Qur'oni karimni ulug'lash va tilovat qilinganda unga quloq tutish. Ikkinchisi tilovatdan mayyitlarga manfaat etishi.
1. Qur'oni karim mo'min-musulmonlarga buyuk ne'mat va tengi yo'q in'omdir. Alloh taolo Qur'oni karimni bunday sifatlaydi: «… Bu (Qur'on) imon keltiradigan qavm uchun Robbingizdan ko'rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir»» (A'rof, 203). Alloh taolo: «Qur'on o'qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!» deydi (A'rof, 204).
Mazkur oyatdan Qur'on tilovat qilinganda tinglash va jim turish vojib ekani ma'lum bo'ladi. Kalomullohni tafakkur va xushu bilan tinglash muqaddas dinimiz talabidir. Qur'oni karimni tinglash qalbga shifo bo'lib, insonni toat-ibodat va taqvoga boshlaydi. Natijada banda Alloh taoloning rahmat va mag'firatiga erishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taoloning kitobidan bir oyat tinglasa, unga bitta savob ko'paytirilib beriladi. Kim Qur'on tilovat qilsa, unga qiyomat kuni nur bo'ladi”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
2. Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga ko'ra toat-ibodatlarning savobi marhumlarga etib boradi. Hususan, marhumlarga Qur'on tilovatining savobini bag'ishlash joiz va uning savobi ularga etib boradi.
Imom Subkiy bu xususda quyidagilarni aytadi: “Qabr ustida ma'lum muddat yoki ma'lum miqdor qiroat qilib berish uchun ijara kelishuvi joizdir. Chunki qiroat vaqtida rahmat yog'ilgani uchun mayyit manfaat oladi. Qabrdagi mayyit bu borada tirik kabi bo'ladi. Unga qiroatdan keyin duo qilinsa yoki savobini bag'ishlansa ham, bu ishlarni qilmasa ham Qur'on manfaati etadi... Agar savobini bag'ishlasa bu ham duoga kiradi va o'lik bundan foyda oladi”.
Yuqoridagi iboralardan qabrdagi marhumlarga tilovat savobi etib borishi uchun tilovat qiluvchi kishi tilovatning savobini unga bag'ishlashi kerak bo'ladi. Elektron jihozlardagi tilovatda esa bu narsa topilmaydi. Lekin qabr yonida tilovat qilinsa u erga rahmat yog'ishi, shu e'tibordan qabrdagi mayyitga manfaat etishi umid qilinadi.
Ulamolar bu ikki jihatni hisobga olgan holda bu kabi jihozlarni qo'yish Qur'on karimga hurmatsizlik holatini keltirib chiqarmasligi hamda odamlarga tashvish keltirmasligini shart qiladilar. Masalan, uning yonida qabr kavlansa va boshqa mayyit dafn qilinsa yoki odamlar ziyorat yoki boshqa yumushlari uchun kelib unga quloq solmasalar, Qur'oni karimni eshitib jim turish buyrug'iga zid ish bo'ladi. Natijada ular va bunga sababchi bo'lgan insonlar gunohkor bo'lib qoladilar. Bunday holatlarda Qur'on tilovat qilib turuvchi jihozlarni qabr ustiga qo'yish joiz emas. Buning o'rniga inson o'zi tilovat qilib bag'ishlashi, imkoni bo'lsa qabristonga borib, qabrni ziyorat qilgach tilovat qilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Shunda o'zi uchun ham, mayyit uchun ham savob hosil bo'ladi. Shu mulohazalar e'tiboridan qabrlar ustiga bunday jihozlarni qo'yish tavsiya etilmaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalardan oltitasi bilan ovqatlanayotgan edilar. Shunda bir a’robiy kelib, o‘sha ovqatdan ikki luqma bilan hammasini yeb qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar u Allohning ismini zikr qilganida, sizlar to‘yar edingiz", dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan