Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

“Al-Azhar” universiteti rektori Doktor Muhammad al-Mahrusoviy: “Islomning asl negizi – tinchlikdir”

18.09.2019   2356   1 min.
“Al-Azhar” universiteti rektori Doktor Muhammad al-Mahrusoviy: “Islomning asl negizi – tinchlikdir”

Misr Arab Respublikasidagi “Al-Azhar” universiteti rektori Doktor Muhammad al-Mahrusoviy terrorizmning dini va vatani yo‘qligini aytib, Islomning tinchlik, mehr-muruvvat va bag‘rikenglik dini ekanini ta’kidladi.

Bu bayonot “Al-Azhar” universiteti rektorining joriy yilning 15-17 sentyabr kunlari Ispaniya poytaxti Madrid shahridagi anjumanlar zalida “Tinchlik sanoqsizdir” shiori ostida o‘tkazilayotgan Umumjahon tinchlik forumidagi nutqida ma’lum qilindi. Doktor Muhammad al-Mahrusoviy agar terrorizm cherkovlar va ibodatxonalarga zarar yetkazgan bo‘lsa, uning masjidlarga ham salbiy ta’sirini o‘tkazishini ma’lum qilib, shunday dedi: “Biz Misr Arab Respublikasining Shimoliy Sinay viloyatining “Bir al-Abed” qishlog‘idagi “Ar-Ravza” masjidida juma namozida sodir bo‘lgan terakt voqeasini eslaylik. Unda 305 kishi halok bo‘lgan edi, chunki bu qishloqning umumiy aholisi 750 kishi edi xolos. Ko‘p sonli erkaklar yo‘q qilindi, ayollar va yosh bolalar qoldi. Barcha dinlarda terrorizm qoralanadi,  tinchlik barcha dinlarning, shu jumladan Islom dinining ham asl negizidir. Islomning mehr-muruvvat, tinchlik va to‘g‘rilik dini ekanligi xususida Qur’oni karimning bir qancha oyati karimalarida ta’kidlab o‘tilgan. “As-Salam” ya’ni “Tinchlik” so‘zi Qur’oni karimda 140 marta zikr qilingan”.

“Al-Azhar” universiteti rektori Doktor Muhammad al-Mahrusoviy o‘z nutqida tinchlik turlarini batafsil bayon qilib, jumladan kishining o‘zi bilan, oilasi bilan, jamiyati bilan va butun dunyo bilan tinchligi bo‘lishini ta’kidladi.

 

Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi

Ilyos Ahmedov tayyorladi.     

 

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   7183   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.