Misr Arab Respublikasidagi “Al-Azhar” universiteti rektori Doktor Muhammad al-Mahrusoviy terrorizmning dini va vatani yo‘qligini aytib, Islomning tinchlik, mehr-muruvvat va bag‘rikenglik dini ekanini ta’kidladi.
Bu bayonot “Al-Azhar” universiteti rektorining joriy yilning 15-17 sentyabr kunlari Ispaniya poytaxti Madrid shahridagi anjumanlar zalida “Tinchlik sanoqsizdir” shiori ostida o‘tkazilayotgan Umumjahon tinchlik forumidagi nutqida ma’lum qilindi. Doktor Muhammad al-Mahrusoviy agar terrorizm cherkovlar va ibodatxonalarga zarar yetkazgan bo‘lsa, uning masjidlarga ham salbiy ta’sirini o‘tkazishini ma’lum qilib, shunday dedi: “Biz Misr Arab Respublikasining Shimoliy Sinay viloyatining “Bir al-Abed” qishlog‘idagi “Ar-Ravza” masjidida juma namozida sodir bo‘lgan terakt voqeasini eslaylik. Unda 305 kishi halok bo‘lgan edi, chunki bu qishloqning umumiy aholisi 750 kishi edi xolos. Ko‘p sonli erkaklar yo‘q qilindi, ayollar va yosh bolalar qoldi. Barcha dinlarda terrorizm qoralanadi, tinchlik barcha dinlarning, shu jumladan Islom dinining ham asl negizidir. Islomning mehr-muruvvat, tinchlik va to‘g‘rilik dini ekanligi xususida Qur’oni karimning bir qancha oyati karimalarida ta’kidlab o‘tilgan. “As-Salam” ya’ni “Tinchlik” so‘zi Qur’oni karimda 140 marta zikr qilingan”.
“Al-Azhar” universiteti rektori Doktor Muhammad al-Mahrusoviy o‘z nutqida tinchlik turlarini batafsil bayon qilib, jumladan kishining o‘zi bilan, oilasi bilan, jamiyati bilan va butun dunyo bilan tinchligi bo‘lishini ta’kidladi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyos Ahmedov tayyorladi.
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.