Barchangiz maktabga borgansiz. U yerda sizlarga Yerda hayot qanday paydo bo‘lgani haqida ta’lim berishgan. O‘sha ta’limni yaxshi eslaysizlar. Unda mana bu gaplar aytilar edi: “Bundan taxminan uch milliard sakkiz yuz million yil oldin ulkan ummon bo‘lgan. O‘sha ummonning ichida boshlang‘ich hayotni ta’minlovchi barcha narsalar tasodifan paydo bo‘lib qolgan. O‘sha narsalar bir-biri bilan aralashib turganida ularga to‘satdan yashin va elektr zaryadlari kelib urilgan. Buning natijasida harorat ko‘tarilib, ilk tirik hujayra paydo bo‘lishiga olib kelgan”. Sizlarga maktablarda aytib berishgan qissa taxminan shunday edi.
Bugun men ushbu darsga qo‘l telefonimni olib keldim. Sizlarga bu telefon qo‘limga qanday kelib qolgani haqida so‘zlab bermoqchiman.
Telefonning ustki qismi qaysi moddadan ekanini bilasizlarmi? Plastik moddadan. Plastik modda nimadan olinishini bilasizlarmi? Neftdan.
Ha, plastik modda neftdan olinadi. Ushbu qo‘l telefonining ichida kremniy moddasidan ishlangan plastinka bor. Kremniy moddasi esa qumlarda bo‘ladi.
Bu telefon asli Iroqdan. Shunday davlat borligini eshitgandirsizlar.
Uch yarim milliard yil oldin Iroqda to‘xtovsiz yer silkinishlari sodir bo‘ldi. Ana shunday silkinishlar sodir bo‘layotganda yer ichidan vulqon lavalari otila boshlaydi. Keyin bu lava tasodifan neft bilan aralashadi. Ushbu aralashish natijasida neft erigan plastikka aylanadi. Keyin bu erigan plastik tasodifan bir xarsangtoshning ustiga tushadi. Xarsangtoshning shakli xuddi qo‘l telefon shakliga o‘xshardi. Shundan so‘ng osmondan qor yog‘ib, boyagi xarsangtosh ustidagi plastik moddaning sovushini ta’minlaydi. Shunday qilib telefonning ustki qismi paydo bo‘ladi. Orqadan qisqa vaqt o‘tgach, yashin plastik turgan joy yaqinidagi qumga uriladi. Natijada qumning yashin tushgan qismi kremniyga aylanadi. Aylanganda ham qandaydir kremniyga emas, aynan qo‘l telefoni ichidagi katta xotira sig‘imiga ega bo‘lgan, maxsus dasturlar bilan ta’minlangan kremniy plastinkasiga aylanadi. Bu orada yana yer silkinishi sodir bo‘ladi va xarsangtosh ustida turgan telefon qutisi shaklidagi plastik yerdagi haligi kremniy plastinkaning ustiga borib tushadi. Ana shundan keyin smartfon ishlay boshlaydi. Bir necha kun avval men Iroqning sahrosida yurganimda to‘satdan ko‘zim yerda yotgan ushbu telefonga tushib qoldi. “Axir bu telefon-ku” dedim-da, darhol o‘sha yerdan turib ayolimga qo‘ng‘iroq qildim.
Bu hech kim ishonmaydigan narsa! Shunday emasmi?
Lekin sizlar maktabda Yerda hayotning paydo bo‘lishi haqida eshitgan hikoyangiz bundan farq qilmaydi.
Endi men sizlarga hayot bilan bog‘liq haqiqatlardan ba’zisini aytib beraman. Tirik hujayralarning barchasi proteinlar (oqsillar)dan tashkil topgan. Ha, bu sayyoradagi har bir tirik hujayra oqsillardan tashkil topgan. Og‘ir atletika, bodibilding bilan shug‘ullanuvchilar protein nimaligini yaxshi bilishadi. Oqsillar esa aminokislotalardan tashkil topadi. Ha, proteinlarning asosini aminokislotalar tashkil etadi.
Aminokislotalar turli shakllarda bo‘lib, ularning tarkibiy tuzilishi ham turlicha bo‘ladi. Har bir aminokislota ikki xil shaklga ega: biri o‘ng tarafga aylanadi, ikkinchisi chap tarafga aylanadi. Ular ko‘rinishidan bir xil hajmga ega bo‘lsa-da, ammo bir-biriga qarama-qarshi joylashgan bo‘ladi. Masalan o‘ng qo‘l va chap qo‘l hajmi bir xil. Ammo ular bir-biriga qarama-qarshi joylashgan. Aminokislotalarning holati ham shunday bo‘ladi. Bir qismi o‘ng tarafga qarab harakatlansa, boshqalari chap tarafga qarab harakatlanadi.
Sayyoramizdagi har bir tirik hujayra faqatgina chap tarafga qarab aylanadigan aminokislotalarni o‘z ichiga olgan. Agar proteinlardagi aminokislotalar faqat o‘ng tarafga aylanadigan bo‘lganida, birorta protein moddasi tashkil topmagan, buning natijasida esa birorta hujayra shakllanmagan bo‘lardi.
Eng sodda tuzilishdagi proteinlar 100 ta aminokislotalardan tashkil topadi.
Endi yuqorida aytib o‘tganimiz ummonni esga olsak. Bir dona protein modda paydo bo‘lishi uchun o‘sha ummon ichida 100 ta chap tomonga qarab aylanadigan aminokislotalar mavjud bo‘lishi kerak. Chunki ummon ichidagi 100 ta aminokislota faqat o‘ng tarafga qarab aylanadigan bo‘lsa, u holda protein shakllanmaydi.
Tasavvur qil: katta bitta xaltada yuzta oq va yuzta qora koptokchalar bor. Sen esa xalta ichidan to‘g‘ri kelgan koptokchani olyapsan. Xaltaga yuz marta qo‘l solganingda ketma-ket faqat oq rangli koptokchalar chiqishi aqlingga sig‘adimi?! Xaltachadan oq koptokchalarning tartib bilan chiqish ehtimoli 2200 ga teng. Ya’ni 2 raqamidan keyin 200 ta nol bor. Bu degani tasodifan yuzta urinishda tartib bilan 100 ta oq koptok chiqishi mumkin emas.
Shunday qilib, bitta oqsil paydo bo‘lishi uchun 100 ta chap tarafga aylanadigan aminokislotalar kerak bo‘lar ekan. Biz hali tirik hujayra haqida gapirmayapmiz. Faqat bitta proteinning paydo bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan modda haqida gapiryapmiz.
Tirik hujayralarning eng sodda turi bo‘lmish bir dona tirik bakteriya paydo bo‘lishi uchun milliard dona protein (oqsil) kerak bo‘ladi.
Britaniya ensiklopediyasida shunday deyilgan: “Tasodifiy yo‘l bilan hayot paydo bo‘lish ehtimoli bir kishi tangani million marta tepaga otganda, tanga har safar tartib bilan raqamli tomoni yuqoriga qaragan holda yerga tushish ehtimoliga tengdir”.
Fred Hoyl ismli astronom shunday degan: “Tasodifning o‘zi bilan hayot paydo bo‘lish ehtimoli temirlar uyumi turgan joydan katta to‘fon o‘tganda Boing 747 samolyoti paydo bo‘lish ehtimoliga teng. Shuningdek, bitta proteinning tasodifan paydo bo‘lish ehtimoli kubik-rubik o‘yinida ko‘r odam barcha ranglarni to‘g‘ri moslashtirish ehtimoliga tengdir”.
Hayot hech qachon tasodifan paydo bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Atrofimizdagi borliqqa va biz yashayotgan ushbu sayyoramizga nazar solganimizdan so‘ng olimlar birorta sayyora kashf etib, u yerda suv bo‘lishi mumkin degan fikrni aytsalar kishi hayron bo‘ladi. O‘sha olimlar suv bor, demak u yerda tirik jonzotlar ham bo‘lishi mumkin, deyishadi. Go‘yo biz bu sayyoramizda faqat suv borligi sababli yashayotgandek. Yo‘q, biz bu sayyorada faqat suv borligi sababidan yashamayapmiz.
Avvalo Yerimizning hajmi. Agar Yer shari hozirgi hajmidan kattaroq yoki kichikroq bo‘lganida, Yerda hayot bo‘lmasdi.
Uning o‘qi 23,5 daraja burchak ostida ekanligi. Ha, bundan ko‘p ham, oz ham emas, aynan 23,5 daraja.
Shuningdek, Yer o‘z o‘qi atrofida 24 soat davomida bir marta aylanib chiqadi. 10 soat yoki 15 soat emas, aynan 24 soat davomida. Agar Yer o‘z o‘qi atrofida 10 yoki 15 soat mobaynida aylanib chiqqanida biz bu yerda yashamagan bo‘lardik.
Shuningdek, biz Quyoshdan muayyan masofada joylashganmiz. Agar Quyoshga biroz yaqinroq yoki biroz uzoqroq joylashganimizda biz bu yerda yashamayotgan bo‘lardik.
Bundan tashqari sayyoramizni havo qobig‘i bo‘lmish atmosfera o‘rab turadi.
Yerimizni ozon qatlami o‘rab turadi. Bu qatlam Quyoshdan keladigan turli zararli radiatsiyalarni, shu jumladan, ultrabinafsha nurlarining ortiqcha qismini tutib qoladi.
Shuningdek, Yerning magnit tasmasi bor. U belbog‘ Quyoshdagi portlashlar, chaqnashlar natijasida Yerga yetib keladigan o‘ta zararli radiatsiyalarni ushlab qolib, Yerga o‘tkazmaydi.
Shu bilan birga atmosferamizda karbonat angidrid gazi bor. Bu gazning atmosferadagi miqdori 0.04%ni tashkil etadi. Aslida bu miqdor hech narsani hal qilmaydi. Ammo shu miqdor sababli Yer sayyorasining o‘rtaja harorati 14 darajani tashkil etadi. Lekin agar havo qobig‘imizda shu miqdorda karbonat angidrid bo‘lmasa edi Yer sayyoramizdagi o‘rtacha harorat -19 darajaga tushib ketardi. Bu muzlatkichning muzxonasidagi harorat bo‘lib, hamma narsa muzlab qolardi.
Yer sayyorasi va unda hayot mavjud bo‘lishi bilan bog‘liq ushbu haqiqatlar odamni juda hayratda qoldiradi.
Agar birgina Yerda hayotning paydo bo‘lish nazariyasiga e’tibor bersak, qoyil qolmay ilojimiz yo‘q.
Yoshligimdan meni astronomiya ilmi o‘ziga jalb etib keladi.
Bir necha yil oldin Diyeter Xeyerman ismli olimning bir ajoyib kitobini o‘qigandim. Bu kitobda borliq va fazo ilmlari haqida so‘z boradi. Muallif ushbu kitobda aytishicha, borliqning qanday paydo bo‘lgani haqida izlanishlar olib borgan olimlar “Borliq shakllanayotgan paytda (“Katta portlash” nazariyasiga ko‘ra) koinotning kengayish tezligi bir kvintillion (bir raqamidan keyin 18 ta nol) kubasi (bir kvintillionning kubasida 1 raqamidan keyin 54 ta nol bo‘ladi)dan 1 nisbatda tezroq harakatlanganda fazoviy moddalar sochilib, tarqalib ketgan, natijada yulduzlar va sayyoralar paydo bo‘lmagan bo‘lardi. Shuningdek, agar koinotning kengayish tezligi bir kvintillion (bir raqamidan keyin 18 ta nol) kubasi (bir kvintillionning kubasida 1 raqamidan keyin 54 ta nol bo‘ladi)dan 1 nisbatda sekinroq harakatlanganda ham fazoviy tuproqlarning birikishi imkonsiz bo‘lgan va biz bu yerda o‘tirmagan bo‘lardik. Ha, bu juda yuqori darajadagi aniq va namunali o‘lchovdir” deyishgan ekan.
Qolaversa, bu kitob tortishish qonuniyati haqida aytishicha, moddalarni bir-biriga tortib, ularni musthahkam tarzda birikishiga sabab bo‘ladigan tortishish kuchi hozirgidan bir trillion (1 raqamidan keyin 12 ta nol) kubasidan (bunda 1 raqamidan keyin 36 ta nol bo‘ladi) 1 nisbatda kattaroq yoki kichikroq bo‘lganida, biz bu yerda mavjud bo‘lmagan bo‘lardik.
Aytmoqchimanki, eslashga arzimaydigan darajada juda kichik o‘zgarish, xoh u tezlikning tez-sekinligi bo‘lsin, xoh tortishish kuchining kattaroq-kichikroqligi bo‘lsin yoki boshqa zaruratlar bo‘lsin, agar ularda juda kichik o‘zgarish bo‘lganda, yulduzlar, sayyoralarning paydo bo‘lishi xayol bo‘lib qolardi.
Shuncha ilmiy haqiqatlar turganda, esipast, nodon kimsa qanday qilib bu borliq tasodifan paydo bo‘lib qolgan deydi?!
Yo‘q, bu borliq tasodifan paydo bo‘lmagan. Uni Alloh taolo aniq nizom va o‘lchov bilan yaratgan. U Zot bu haqida shunday marhamat qilgan:
إِنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ
“Albatta, Biz har narsani o‘lchov bilan yaratdik” (Qamar surasi, 49-oyat).
Bu borliqni Alloh taolo qanday yaratgani haqidagi ushbu oyatga e’tibor beraylik:
أَوَلَمْ يَرَ الَّذِينَ كَفَرُوا أَنَّ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ كَانَتَا رَتْقاً فَفَتَقْنَاهُمَا وَجَعَلْنَا مِنَ الْمَاء كُلَّ شَيْءٍ حَيٍّ أَفَلَا يُؤْمِنُونَ
“Kufr keltirganlar osmonlaru yer bitishgan bo‘lgan ekanini, bas, Biz ularni ochganimizni va suvdan har bir tirik narsani qilganimizni bilmaydilarmi? Iymon keltirmaydilarmi?”
(Oyati karima ma’nosi xususida tafsirchilar bir necha xil ma’nolar aytganlar. Birinchisi, Ibn Umar va Ibn Abboslardan (r.a.) rivoyat qilingan bo‘lib, osmon yopiq edi, Biz uni ochdik va yomg‘ir-qor yog‘dirdik, oqibatda o‘sha suv ila hamma tirik narsalar paydo bo‘ldi, degan ma’no chiqadi. Ikkinchisi, unga ko‘ra osmonlaru yer yo‘q edi, ularni Biz yaratdik, so‘ngra suvdan tirik narsalarni paydo qildik, ma’nosi bo‘ladi. Uchinchisi, Hasan, Qatodalardan (r.a.) rivoyat qilingan bo‘lib, osmonlaru yer bir-biriga bitishgan bir narsa edi, ularning orasini Biz ochdik, so‘ngra suvdan tirik narsalarni paydo qildik, ma’nosi bor. To‘rtinchisi hozirgi zamon ba’zi tafsirchilarning fikrlari bo‘lib: osmonu yer, yulduzlaru quyosh hamma-hammasi bir butun edi, Allohning irodasi ila ko‘p aylanish va ichki portlashlar oqibatida parchalanib, alohida-alohida bo‘lib ketdi: quyosh alohida, yer alohida, oy alohida, yulduzlar alohida va boshqa narsalar ham; suvdan esa, barcha tirik narsalar, inson, hayvon va nabototlar paydo qilindi. Bular, oyati karimaning ma’nosini tushunishga urinishdir. Oyatning haqiqiy ma’nosini Allohning O‘zi biladi.) (Anbiyo surasi, 30-oyat).
Nemis millatiga mansub musulmon olimi mav’izasi
hamda internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bugungi kunda uchrayotgan muammolarimiz nimalardan iborat ekaniga e’tibor beraylik. Islom insonlarning turmush tarziga, hayotiga, rioya qilib yashaydigan dasturiga aylanishi uchun nima qilish kerak? Islomiy ilmlarni qanday qilib yoyish haqida o‘ylash kerak, buning uchun mumkin bo‘lgan hamma imkoniyatni, vositalarni ishga solish kerak. Xo‘sh, hozirgi kunda Qur’on ilmlarini, tajvid ilmlarini ommaga yoya olyapmizmi?
Ha, alhamdulillah. Biz bundan xursandmiz, bular eng yaxshi, eng go‘zal ilmlar. Lekin har bir musulmon erkak va ayolga farzi ayn bo‘lgan ilmi holni ham yoyishimiz shart. Afsuski, bugungi kunda undan ancha uzoqlashib qoldik. Bundan boshqa ilmlarni bilish sunnat, mustahab hisoblanadi, ya’ni farz emas. Masalan, Urdunda kim dinga amal qilmoqchi bo‘lsa, borib, tajvid o‘rganadi. Tajvidni o‘rgatadigan minglab markazlar bor. To‘rt ming-besh ming atrofida. Lekin fiqhni o‘rgatadigan markazlar deyarli yo‘q. Holbuki, barcha mazhablarning ittifoqiga ko‘ra, tajvid ilmini puxta egallash farz emas, sunnat, mustahab amal sanaladi.
Musulmonlar duch kelayotgan muammo aynan shunda: to‘g‘ri qiroat qilish uchun tajvid ilmlarini o‘rganadi, lekin tahorat, namoz, ro‘za fiqhi, er-xotinlik munosabatlari fiqhi, savdo-sotiq fiqhi kabi ilmlarni o‘rganmaydi, chunki eng muhim ilmlarni, farzi aynning ahamiyatini unutib qo‘yyapmiz. Musulmonlarning bugungi ahvolga tushib qolishiga sabab Islom ilmlarini, biz yuqorida aytib o‘tgan ilmi holni o‘rganmay qo‘yishlaridir. Ahvolni isloh qilish uchun bunga katta e’tibor berishimiz, bu ilmni musulmonlar orasida yoyishimiz, ularning saviyasini ko‘tarishimiz, buning uchun qilinadigan ishlarni chuqur o‘ylashimiz kerak.
«Abu Hanifa rahimahulloh faqatgina dalildan kelib chiqib gapirganlariga aniq ishonamiz», deymiz. Holbuki, mazhabda u kishining barcha fikrlariga ham suyanavermaymiz. Buning sababi nimada?
Bu savolga javob shunday: Abu Hanifa rohimahulloh faqat va faqat dalildan kelib chiqib gapirganlar. Agar biror masalada dalilsiz gapirib yuborganlarida, fosiq bo‘lib qolardilar. Lekin nima uchun biz u kishining ko‘plab qavllarini qabul qilmaganmiz? Agar kimdir: «Abu Hanifaning barcha so‘zlari dalillarga suyangan, deyapsizlar, unda nega «Abu Hanifaning 100 dan 50 foiz so‘zlarini qabul qilmaganmiz», deysizlar?» desa, bu chigallikka shunday javob beramiz: «Avvalo, Abu Hanifa rahimahullohning birorta so‘zini olmasak, bundan u kishida bu masalada dalil bo‘lmagan, degan gap kelib chiqmaydi. Bir masalaga fiqhiy hukm berishda ikkita bosqich bo‘ladi: tanzir va tatbiq bosqichlari. Tanzir – masalaning nazariy jihati bo‘lsa, tatbiq uni amalda qo‘llash demakdir.
Tanzir bosqichi shariatda bir masalaga hukm berish faqat va faqat mutlaq ijtihod darajasiga yetgan, o‘zida mutlaq mujtahidning barcha shartlarini mujassam etgan, mutlaq mujtahidning usullarini, ya’ni hukm olish qoidalarini to‘liq egallagan zotdangina qabul qilinadi. Kimki bu shartlarni to‘la qamrab olmagan, ijtihod darajasiga yetmagan bo‘lsa, uning gapi e’tiborga olinmaydi. Shuning uchun hozirgi kunda zamondosh odamlarning Qur’on va Sunnatdan yangi hukm istinbot qilishga taalluqli gaplari umuman qiymatga ega emas, chunki ulardan birortasi mutlaq ijtihod darajasiga chiqa olmagan.
Bu gap mening da’voim emas! Ummatning tarixiga qarasak, birinchi, ikkinchi va uchinchi asrlarda son-sanoqsiz mutlaq mujtahidlar bo‘lgan. Lekin ummat ulardan to‘rttasining so‘zini olib, boshqalarinikini qabul qilmagan. Albatta, bu umumiy gap, tafsilotini keyinroq aytib o‘tamiz.
Ummat mazkur ko‘plab mutlaq mujtahidlar orasidan ma’lum zotlarning so‘zini qabul qilgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, umumiy qilib aytganda, ular to‘rt kishi. Ularning usullari, ya’ni dalil olish qoidalari boshqalarnikidan ustunroq, kuchliroq bo‘lgan, ular eng oliy ijtihod darajasida bo‘lishgan. Ularning zamonidagi boshqa mujtahidlarning ijtihodi ularnikidan quyiroq bo‘lgani uchun ummat ularni qabul qilmagan. Ushbu to‘rt imomdan keyin, ulamolar aytganidek, imom Tabariy rohimahullohdan boshqa hech kim mutlaq ijtihodni da’vo qilmagan. Ammo Tabariyning bu da’vosiga ham rozi bo‘linmagan, ya’ni mutlaq mujtahidlik da’vosi rad etilgan. Buni imom Laknaviy rohimahulloh aytganlar.
Demak, ulamolardan faqat imom Tabariygina buni da’vo qilganlar. To‘rtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi asrlarda boshqa da’vogarlar yo‘q. To‘g‘ri, qishloqlarda, tog‘u toshlarda turib, ilmsiz bo‘lsa ham, nimalarnidir da’vo qiladiganlar topilgan, lekin ularga hech kim e’tibor bermagan, so‘zini qabul qilmagan. Shunday qilib, mazkur to‘rt mazhabdan boshqa e’tirof qilinadigan, mazhab sifatida tanilgan, amal qilib kelinayotgan va hukmi yuritiladigan mazhab yo‘q.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan