Bilasizmi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nabiralari Hasan va Husayn roziyallohu anhumo egizak emaslar. Balki Hasan roziyallohu anhu Husayn roziyallohu anhudan deyarli bir yosh kattadirlar.
Bilasizmi, Salohiddin Ayyubiy rahimahulloh oqsoq edilar. Urushlardan birida oyoqlari jarohatlanib, to vafotlarigacha oqsoqlanib yurganlar. Jangu jadallarda ham shu holda ishtirok etganlar.
Bilasizmi, Salohiddin Ayyubiy rahimahullohning asl ismlari Yusuf ibn Ayyub bo‘lib, “Salohuddin” u kishining laqablaridir.
Bilasizmi, Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yuzdan ortiq jangda ishtirok etganlar. Ammo biror marta mag‘lub bo‘lmaganlar. Tanalarida qilich, nayza, kamon o‘qi tegmagan biror joy yo‘q edi. Deyarli hamma joylari yaralangan edi. Lekin shunga qaramasdan u kishi jang maydonida emas, balki uylarida, to‘shakda vafot etganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishini “Allohning qilichi” deb nomlaganlar. “Allohning qilichi” deb atalgan kimsa mag‘lub bo‘larmidi?!
Bilasizmi, Muhammad ibn Qosim Saqafiy tarixdagi eng kichik fotihdir. U Sind (Pokiston hududi), Hind o‘lkalarini fath qilganda o‘n yetti yoshda edi.
Bilasizmi, erkaklarga nomahram ayollarga nazar solishdan tiyilish buyurilganidek, ayollarga ham nomahram erkaklarga nazar solishdan tiyilish buyurilgan. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
“Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir. Sen mo‘minalarga ayt: Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar...” (Nur surasi, 30-31-oyatlar)
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati