بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ للهِ الَّذِي قَالَ فِى كِتَابِهِ الشَّرِيف "وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ" وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي قَالَ فِى حَدِيْثِهِ الْمُنِيف "الْمُؤْمِنُ لِلْمُؤْمِنِ كَالبُنْيَانِ يَشُدٌّ بَعْضُهُ بَعْضًا" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمِعِينَ أَمَّا بَعْدُ
MUSULMONNING MUSULMON USTIDAGI HAQLARI
Muhtaram jamoat! Dinimiz mo‘min-musulmonlarni bir-birlari bilan aka-ukalardek yaxshi munosabatda bo‘lishga buyuradi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُون
سورة الحجرات الاية-10
ya’ni: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Ikki musulmonni o‘rtasini isloh qilish – aslida ularga yordam qilishdir. Chunki ba’zan oddiy tushunmovchiliklar ortidan ham o‘zaro adovatlar kelib chiqadi. Bu borada Alloh taolo musulmonlarni bir-birlariga yordam berishga chaqirib, shunday marhamat qilgan:
...وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
ya’ni: “... Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Demak, dinimiz o‘zaro birdamlikka va ezgu ishlarda bir-birimizga ko‘makchi bo‘lishga buyurar ekan, avvalo o‘z haqqimiz hamda zimmamizdagi boshqa musulmonlarning haqlarini ham yaxshi bilmog‘imiz darkor. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"حَقُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ سِتٌّ، قِيلَ مَا هُنَّ يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ: إِذَا لَقِيتَهُ فَسَلِّمْ عَلَيْهِ، وَإِذَا دَعَاكَ فَأَجِبْهُ، وَإِذَا اسْتَنْصَحَكَ فَانْصَحْ لَهُ، وَإِذَا عَطَسَ فَحَمِدَ اللَّهَ فَشَمِّتْهُ، وَإِذَا مَرِضَ فَعُدْهُ، وَإِذَا مَاتَ فَاتَّبِعْهُ،"
(رواه الامام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Musulmonni (boshqa) musulmonning zimmasidagi haqlari oltitadir”, – dedilar. Shunda: “Ular nimalar, yo Rasulalloh?” – deyildi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qachon uchratsangiz, unga salom bering; sizni (uyiga mehmonga) chaqirsa, unga ijobat qiling (ya’ni chaqirilgan joyga boring); nasihat so‘rasa, nasihat qiling; aksa ursa va “Alhamdulillah” desa, unga javob qaytaring; bemor bo‘lsa, uni ziyorat qiling; agar vafot etsa, janozasida ishtirok eting”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida ummatlariga bir-birlaridagi haqlarini o‘rgatmoqdalar:
Ikki musulmon uchrashganda ularning birlarida ikkinchisiga nisbatan salom berish haqi bor. Ulardan qay biri avval salom bersa, savobning ko‘pini oladi va narigi birodariga alik olishni farz qiladi.
Bir musulmon to‘y yoki marosim qilib, biror tanishini taklif qilsa, o‘sha taklifga javoban mazkur marosimga borish – taklif qilinganning musulmonlik burchidir.
Qiyin vaziyatga tushgan inson maslahat so‘raganda, unga to‘g‘ri maslahat berish ham musulmonlik burchi hisoblanadi.
Har bir musulmon aksa urganida “Alhamdulillah” deyishi lozim. Uning aksa urib, hamd aytganini eshitgan kishiga esa, unga “Yarhamukallohu” (Alloh sizga rahm qilsin) deb, yaxshilik tilamog‘i – musulmonlik burchidir.
Bemor bo‘lgan musulmonni ziyorat qilib, ko‘ngil so‘rab, uning duosini olish –avvalo musulmonlik haqqi, qolaversa – insoniylik burchidir.
Vafot etgan musulmonni shariat ahkomlariga muvofiq dafn qilish –musulmonlar zimmasidagi farzi kifoyadir. Shuning uchun biror musulmonning vafoti haqidagi xabarni eshitgan har bir musulmon iloji boricha janozaga qatnashmog‘i lozimdir.
Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsinki, ota-bobolarimiz ming yillardan buyon mana shunday mo‘min-musulmonchilik haqlariga rioya qilib kelganlar. Mahalladagi boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni xizmatlarida bo‘lish kabi ezgu ishlar xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Hozirgi kunimizda ham milliy-diniy qadriyatlarimiz o‘laroq, mahallalarimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hamda ayrim imkoniyati cheklangan fuqarolarimizga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Vaqf” fondini tashkil qilinishi ham musulmonlarning bir-birlaridagi haqlarini ado etishlariga zamin yaratdi.
Musulmon inson boshqa musulmonning biror gunoh ish qilayotganidan xabardor bo‘lsa, uni bu ishidan qaytarishi ham – bir mo‘minlik burchidir. Chunki bu – haqiqiy do‘st-birodarlik ramzidir. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى يُحِبَّ لِأَخِيهِ مَا يُحِبُّ لِنَفْسِهِ
(رواه الامام البخاري والامام مسلم)
ya’ni: “ “Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani boshqa musulmon uchun ham ravo ko‘rmagunicha (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
So‘fi Olloyor bobomiz ham bu haqda shunday deganlar:
Xudoning buyrug‘idin toysa nogoh,
Birodarlik o‘shaldur – qilsang ogoh.
Musulmon insonning zimmasidagi boshqa musulmonlarning haqlaridan biri – uning tilidan va qo‘lidan boshqalar ozor chekmasligidir. Alloma ibn Rajab rahimahulloh o‘zlarining “Jome’ul ulum val hikam” asarlarida: “Musulmonga har qanday ko‘rinishda, xoh so‘z bilan, xoh fe’l bilan bo‘lsin, nohaq aziyat berish – halol emasligi shariy dalillarda o‘z ifodasini topgan”, – deganlar.
Musulmon insonning boshqalardan uch kundan ortiq arazlamasligi ham musulmonlik haqlaridan hisoblanadi. Afsuski, bugungi kunda arzimagan sabablarga ko‘ra bir-birlari bilan arazlashib yurgan mo‘min-musulmonlar ko‘zga tashlanib turibdi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi muboraklarida:
لَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يَهْجُرَ أَخَاهُ فَوْقَ ثَلَاثٍ، فَمَنْ هَجَرَ فَوْقَ ثَلَاثٍ فَمَاتَ دَخَلَ النَّارَ
(رواه الامام ابو داود والامام احمد عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni “Musulmon kishiga o‘z birodaridan uch kundan ortiq arazlash – halol emas. Kim uch kundan ortiq arazlasa va shu holida vafot etsa, do‘zaxga kiradi”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).
Musulmonlarning bir-birlaridagi haqlari bir qancha bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini sanab o‘tamiz:
Muhtaram jamoat! Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan texnika asrida turmushimizning ajralmas qismiga aylangan avtotransport vositalarini boshqarishda ham bir-birlarimizning haqlarimizga rioya qilishimiz lozim. Ko‘chalarimizga o‘rnatilgan svetoforlarga amal qilish, piyodalar yo‘laklaridan o‘tayotgan piyodalarga yo‘l berish va boshqa yo‘l harakati qoidalariga amal qilish ham musulmonlik burchlarimizdan biridir. Hatto svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlanish – o‘zganing haqqini poymol qilishdir. Demak, nafaqat haydovchilar, balki piyodalar ham yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlari talab etiladi. Ayniqsa, avtomobil yo‘llari va ko‘chalarda harakatlanayotgan to‘y kortejlari boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, ularning havfsizligiga rahna solmoqda. Ba’zan bu ayrim ko‘ngilsiz hodisalarni keltirib chiqarmoqda. Aslida bunday dabdababozlik shariatimizda ham, qonunchiligimizda ham qoralangan. Ozgina e’tiborsizlik qilib, boshqa odamlarning haqlarini poymol etib qo‘ymasligimiz zarur.
Darhaqiqat, bugun islohotlar davrida yashayapmiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Joylarda “Xalq qabulxonalari”ning tashkil qilinishi ham tom ma’noda fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, birorta insonning haqqi poymol bo‘lmasligini ta’minlash hamda xalqimizning turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida qilingan ishlardandir.
So‘ngi yillarda o‘nlab yangi masjidlar ochilishi, yuzlab masjidlar esa qayta barpo etilishi, hadis, aqida, fiqh va tasavvuf maktablarining ochilishi va madrasalarda qabul kvotalarining ko‘payishi hukumatimizning mo‘min-musulmonlarga, shak-shubhasiz, yuksak e’tibori hisoblanadi.
Bunday islohotlarni ko‘rgan har bir musulmonning qalbida shukronalik hissi jo‘sh uradi. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak! Chunki, Alloh taoloning ne’matlarini bardavom bo‘lishi ham aynan o‘sha ne’matga shukr keltirish bilan bo‘ladi.
Muhtaram azizlar! Ma’ruzamiz davomida aqidamizga tegishli bo‘lgan vasila qilish masalasi haqida suhbatlashamiz.
Vasila bu – Allohning ism va sifatlari, payg‘ambarlar, sahobalar va solih bandalar, shuningdek yaxshi amallarni vosita qilib, Alloh taologa duo qilishdir. Bu ish ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra, joiz amal hisoblanadi.
Hozirgi kunda soxta salafiylar tomonidan ixtilofga sabab bo‘layotgan masalalardan biri bu – vasila qilish (tavassul) joiz emas, degan da’vodir. Ba’zi firqalar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va solih insonlarni duosida vasila qilayotganlarni kofirga chiqarib, ularga “mushrik” nomini tamg‘a qilib qo‘ymoqdalar.
Ahli sunna ulamolari o‘z asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘min insonlarni vasila qilishga amr qilib shunday deydi:
“Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va Unga vasila (vosita) izlangiz” (Moida surasi, 35-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo insonlarga O‘ziga vasila izlashlarini buyurmoqda. Tafsir kitoblarida vasilani Allohning ism va sifatlari, yaxshi amallar, payg‘ambarlar va solih bandalar ekani aytilgan.
Usmon ibn Hanif raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Allohga duo qiling, menga shifo bersin”, – dedi. “Xohlasangiz, duo qilaman. Xohlasangiz, sabr qiling. Bu – siz uchun yaxshidir”, – dedilar”. “Duo qiling”, – dedi. Uni yaxshilab tahorat qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar: “Allohim! Albatta, men Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, ushbu hojatim ravo bo‘lishi uchun Parvardigorimga sizni vasila qilib yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil”. Shundan so‘ng uning ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyati).
Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ko‘zi ojiz insonga duo qilayotganda Payg‘ambarni vasila qilib so‘rashni o‘rgatdilar. Demak, insonlar duolarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni o‘rtaga qo‘yib hojatlarini so‘rashlari aynan hadisga muvofiq bo‘ladi.
Manbalarda sahobalarning ham vasila qilganlari keltiriladi. Bu borada Hazrati Umarning qurg‘oqchilik vaqtida qilgan quyidagi vasilalari juda mashhurdir.
Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob raziyallohu anhu qurg‘oqchilik vaqtida Abbos ibn Abdulmuttalib ila Allohdan suv so‘rab, quyidagicha duo qilar edi: “Ey Allohim! Biz Senga Payg‘ambarimiz ila vasila qilar edik va Sen bizni suv bilan serob qilar eding. Endi biz Senga Payg‘ambarimiz amakisini vasila qilamiz. Bizni suv bilan serob qilgin”. Natijada ular suv bilan serob qilinar edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ahli sunnaning to‘rt mazhabi – hanafiy, molikiy, shofiiy va hanbaliy ulamolari tomonidan vasila qilish joiz ekanligi bayon qilinib, u haqda ko‘plab asarlar yozilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, vasila qiluvchi inson duosida haqiqiy yaratuvchi – Alloh taolo ekanini e’tiqod qilishi lozim. “Ey Allohim! Men Sendan falon yaxshi amalim yoki falon insonning sening huzuringdagi hurmati ila so‘rayman” shaklida bo‘ladi. Aksincha, qabrlarni ziyorat qilish chog‘ida ba’zi ilmsiz insonlarning qabrlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri sajda qilib, qabr egalaridan “Ey falonchi, menga farzand ber!” yoki “Ey falonchi, meni hojatimni chiqar!” deb so‘rashlari e’tiqodimizga zid amal hisoblanadi. Shuning uchun ham musulmon kishi qabr ziyorati hamda ulug‘larni vasila qilishni shariatga muvofiq holda amalga oshirmog‘i lozim hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, vasila qilish joiz ekanligiga oyat va hadislarda yetarlicha dalillar mavjud. Hozirgi kundagi ba’zi toifalar, xususan, soxta salafiylar va bemazhablar “shirk” va “bid’at” deb da’vo qilayotgan amallar aslida “mustahab”, “joiz” ekanligi ahli sunna ulamolari tomonidan asoslab berilgan.
Alloh taolo barchamizni ahli sunna val-jamoa e’tiqodi va hanafiy mazhabida sobitqadam qilib, o‘zaro hamjihat bo‘lib yashashni muyassar qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “USTOZLARGA EHTIROM VOJIB” mavzusida bo‘ladi.
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.