Inson hayotidagi vaqt nima, undan qanday istifoda qilish kerak va uning mohiyati nimada degan savollarga ayrim hikmat ahli shunday zarbulmasal orqali javob beradi. Vaqt – go‘yo hayot kiyimi to‘qiladigan iplar bo‘lib, uning pishiq va nafisligiga qarab hayot aziz va bebaho bo‘ladi. Agar iplar yomon va to‘zigan bo‘lsa, hayot ham tuban, ma’no va mazmunsiz bo‘ladi. Vaqtning yana bir xususiyati shuki, agar u o‘tib ketsa, qaytib kelmaydi. Vaqt inson sarf qiladigan asosiy sarmoyadir. U qanchalik ko‘p bo‘lsa ham ozdir. Oz bo‘lsayu barakali bo‘lsa, u ko‘pdir. Inson o‘z hayotining har bir daqiqa va lahzasidan unumli va barakali foydalanib, uni yaxshi amallar qilishga sarflashi vojibdir. Shunda u Hazarati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytgan hadisi shariflari mazmuniga muvofiq ish tutgan bo‘ladi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, molini qayerdan topib, nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani haqida”.
Islom ta’limoti yalqovlik, loqaydlik, beparvolik kabi ijtimoiy illatlardan uzoqda bo‘lishimizga, undan panoh tilashimizga amr qiladi va har vaqt har kuni erta turishga va xayrli amallarni qilishga, hamda yoshlik, sihat-salomatlik, boylik, bo‘sh vaqt va dunyo hayotini g‘animat bilishga chorlaydi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda biz ummatlarga qanday tavsiya berganlariga bir diqqat qilaylik:
“Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtni, o‘limdan oldin tiriklikni g‘animat biling”. (Buxoriy rivoyati).
Buyuk olim Hasan Basriy aytadilar: “Har kun tong yorishganda Alloh taolo tomonidan bir jarchi: “Ey Odam bolasi! Men yangi kunman. Sening barcha amalingga guvohman. Mendan bu kunda solih amallar qilib, foydalanib qol, chunki men to qiyomatgacha senga qaytmayman, deb jar soladi”.
Inson aziz umrini va oltindan ham qimmatli bebaho vaqtini g‘animat bilishi lozimligi Qur’oni karimda shunday bayon qilingan:
“…Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku!…” (Fotir surasi 37-oyat).
Ulug‘ ajdodlarimiz kunlarini, vaqt-u soatlarini foydali ish qilishga, go‘zal axloqiy va ilmiy darajalarga yetishish yo‘lida sarf qilishda doim ogoh va sergak edilar. Shuning uchun ham ularning bugunlari kechagisidan, ertangi kunlari bugungisidan a’lo va afzal bo‘lardi. Ular: “Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang u seni kesadi”, degan maqol mazmuniga amal qilishgan.
Har birimiz o‘tayotgan kunimiz, vaqtimizdan ibrat olmog‘imiz lozim. Zero, kecha va kunduz yangilarni eskirtiradi, uzoqlarni yaqin qiladi, umrlarini qisqartiradi, yoshlarni qaritadi, keksalarni foniylik sari yetaklaydi. Hukamolardan biri shunday deydi: “Kim kunini bekorga o‘tkazsa, bir yaxshi amalni qilmasa, insonlarga chiroyli so‘z yoki yaxshi muomala qilmasa, bir ilmu-ma’rifat hosil qilmasa, u kuniga jabr qilib, o‘ziga zulm qilibdi”.
Dono xalqimizda bir maqol bor, unda shunday deyiladi: “Vaqting ketdi, baxting ketdi”. Ha, vaqt go‘yo ulug‘ baxt kabidir, uni g‘animat bilmaslik katta gunohdir: Kunlar, vaqtlar tinmay o‘tsa-yu, qaytib kelmas daqiqalarimizga beparvo bo‘lsak, bundan pandu-nasihat olmasak, ikki dunyo saodatiga aslo musharraf bo‘la olmaymiz. Albatta, oqilu donishmand inson atrofga ibrat nazari bilan boqadi, dunyoda kechayotgan hodisa va o‘zgarishlarga, oltindan qimmatli vaqtni qadrlash zarurligini qalbida tasdiqlaydi va shunga muvofiq ish tutadi.
Jamiyatimizdagi barcha insonlar, ular kim va qanday mavqega ega bo‘lmasinlar, ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz, aziz farzandlarimiz oltindan qimmat vaqt va undan unumli foydalanish va uni g‘animat bilishi lozimdir. Buning uchun har bir kishi hayotdagi mas’uliyatini chuqur anglagan holda ish tutmog‘i zarur bo‘ladi. Shuning uchun yoshi ulug‘ keksalarimiz, muhtaram ota-onalar farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga beparvo bo‘lmasligimiz ularni o‘z vaqtlarini to‘g‘ri, solih foydali amallar qilishga sarflashni o‘rgatishimiz kerak. Ayniqsa, shu kunlarda ularni hur diyorimizda ilm maskanlari eshiklari kasb-hunar egallash uchun ochib berilganda vaqtni g‘animat bilib, barcha diqqat e’tiborlarini chuqur bilim olishga undashimiz darkor bo‘ladi. Chunki, bugungi kunimiz va porloq kelajagimiz, ana shunday salohiyatli farzandlarimiz qo‘lidadir. Inson hayotda o‘z oldiga ma’lum bir maqsadni qo‘ygan bo‘ladi, ana shu maqsadga erishishda vaqtdan va o‘z imkoniyatidan o‘rinli foydalanishni rejaga solishi ayni muddaodir. “Vaqtni zoye qilish” yo‘lida ayrim kishilar tutgan yo‘ldan mutlaqo yurmaslik, balki insonga berilgan vaqt va hayot muddati Alloh taolo tomonidan chegarali berilganini va uni o‘z o‘rnida ishlatish insonga hayotiy dunyo baxtini va uxroviy dunyo saodatini topishi yo‘lida asosiy omil ekanini yaxshi bilishi kerak bo‘ladi.
Nosirov Botir
Xovos tumani “Xusnobod” jome masjidi imom-xatibi
«Yosh farzandlarni ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvishga, ovqatlanishni «Bismillah» bilan boshlashga, o‘ng qo‘l bilan yeyishga, yeb bo‘lganidan so‘ng Yaratganga shukr aytishga odatlantirishingiz lozim. Shuningdek, o‘ng qo‘l bilan yozish, kiyim kiyganda o‘ngidan boshlash, uyga o‘ng oyoq bilan kirish, har bir ishni «Bismillah» bilan boshlashga ham o‘rgating.
Bolalarga tozalikka rioya qilish, tirnoqlarini olish, kiyimlarini toza-pok saqlash, tahoratxonaga kirish-chiqish tartiblaridan ta’lim bering.
Farzandlarga xoli holda, uyaltirmay, boshqalar oldida sharmanda qilmay nasihat qilishingiz lozim. Ba’zan sho‘xlik qilib, gapingizga quloq solishmasa yoki biror ishda xato qilishsa, ularni urmay-so‘kmay, tushuntirishingiz zarur. Juda iloji bo‘lmay qolganida bir-ikki kun gaplashmay qo‘ysangiz, kifoya.
Farzandlaringizning kimlar bilan do‘st va hamsuhbat bo‘lishlariga e’tiborli bo‘ling, ko‘chada sababsiz, bemaqsad turish va yurishlariga, sizdan so‘ramay, uzoq vaqt biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlariga yoki olis joyga ravona bo‘lishlariga ruxsat bermang.
Farzandlarni uyda va ko‘chadagi tanish-notanish odamlarga «Assalomu alaykum» deb salom berishga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik va yordam ko‘rsatishga, aziyat yetkazmaslikka, uyingizga kelgan mehmonga hurmat ko‘rsatish va xizmat qilishga odatlantiring.
O‘g‘il-qizlaringizni kufr so‘zlardan, birovlarni haqorat qilishdan, behayo gaplarni gapirishdan qaytaring. Bularning nihoyatda yomonligini, yaramas so‘z-gaplar tufayli odam qattiq gunohkor bo‘lishi va zarar ko‘rishini muloyimlik bilan tushuntiring. O‘zingiz ham bu borada ularga ibrat-namuna bo‘ling, chiroyli axloq sohibi ekaningizni isbotlang.
Farzandlarni qimorning turli ko‘rinishlari, qarta, oshiq va o‘rtaga pul qo‘yib o‘ynaladigan barcha o‘yinlardan qaytarish darkor. Qimor bo‘lmasa ham, qimmatli vaqtini behuda sovuradigan, dars tayyorlash va foydali mashg‘ulotlardan ayiradigan o‘yinlarni ham cheklash lozim. Ularning axloqsiz, behayo, fahsh suratli gazeta-jurnallar, kitoblarni o‘qishlariga, jinsiy munosabatlarni, shafqatsizlik, axloqsizlik, yovuzliklarni targ‘ib qiladigan film va tomoshalarni ko‘rishlariga yo‘l bermang.
“Bamisoli sirka asalni buzganidek, badfe’llik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi”.
Farzandlaringizni sigaret chekish va aroq ichishdan qaytarib, bu illatlarning inson sog‘lig‘i va iqtisodiga qanchalar zarar keltirishini, kulfatga boshlashini erinmay tushuntiring. Buning o‘rniga meva va shirinliklar iste’mol qilishga targ‘ib eting”.
O‘g‘il-qizlarimizni har qanday holatda ham rost so‘zlashga, yolg‘onni hatto hazil tariqasida ham gapirmaslikka, va’daga albatta vafo qilishga o‘rgatishimiz lozim. Chunki yosh bolalar odatda o‘ta ta’sirchan va taqlid qilishga o‘ch buladilar. Yolg‘onni atrofidagi muhitdan o‘rganib, ota-onasi yoki aka-ukalaridan biror manfaatga erishish uchun yolg‘on ishlatishlari mumkin. To‘g‘rilik har bir yaxshilikning asosi, yolg‘on esa har qanday yomonlikning onasi va boshlanishidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, to‘g‘rilik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik jannatga boshlaydi. Yolg‘on yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi”, deganlar. O‘zimiz ham ularga biror narsa va’da qilsak, olib berishimiz, bordi-yu, buning imkoni topilmay qolsa, ularga tushuntirib, muddatini uzaytirishimiz kerak.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.