Allohga shukrki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlarimiz kundan-kunga obod bo‘lmoqda. Yangidan-yangi masjidlar qurilmoqda, ko‘plari ta’mirlanib, chiroyli holatga keltirilmoqda. Namozxonlar bunday jome masjidlarda ibodatlarini xotirjam ado etayotganlaridan mamnunlar.
Toshkent shahri Yakkasaroy tumani “Rakat” jome masjidining eski binosi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hazratlari boshchiligida barpo etilgan edi. O‘sha davrlarda “Rakat” mahallasida yashovchi Mirjalil ota o‘ziga tegishli bo‘lgan bog‘idan sakkiz sotix yer ajratib, bu joyga masjid qurish uchun bergan. Shundan so‘ng 1954 yil masjid tiklangan va o‘z faoliyatini shu kunga qadar davom ettirib kelmoqda.
Muxlisaxon Ziyovuddinxon qori qizlari mazkur masjidning eski binosiga birinchi g‘isht qo‘yishni shunday xotirlaydi:
– Qori amakim bir kuni oq ro‘molga o‘ralgan narsa olib keldilar-u, bizlarga bermay to‘g‘ri bobomiz oldilariga kirib ketdilar. Nima olib keldilarkin, deb qiziqib men ham ketlaridan kirib bordim.
Bobomiz Eshon Boboxon hazratlari o‘shanda 98 yoshda edilar. Uyda krovatda, orqalariga 2-3 ta yostiq qo‘yilgan holda, o‘tirardilar. Salomatxon katta oyimiz ularga qarab turardilar. Qori amakim ular bilan salomlashib, xol-ahvol so‘raganlaridan so‘ng: — Otamiz, Toshkentda “Rakat” mahallasida yangi masjid (Sovet davrida) qurilishiga Moskvadan ruxsat olindi. Shunga bir oq fotiha berib, mana shu birinchi g‘ishtiga muborak qo‘lingizni qo‘yib bersangiz, — deb oq ro‘molni ochib, ichidan g‘ishtni olib, bobomiz qo‘llari oldiga olib bordilar.
Bobomiz: — Alhamdulillah, Alhamdalillah, Alhamdulillah— shu kunlarga yetkkazganiga shukur! - deb chuqur nafas oldilar-da, o‘ng qo‘llarini “Bismillahir-rahmonir-rahim — deb g‘isht ustiga qo‘yib, —Bunday muqaddas dargohlar yurtimizda ko‘plab ochilib, musulmonlarga xizmat qilsin! - deb, yuzlariga fotiha tortdilar.
Mana shunday mustajob duolar sabab bugungi kunda diyorimizda masjidlar soni ortib bormoqda, qayta bunyod etilayotganlarining esa sanog‘i yo‘q.
O‘tgan davr mobaynida ushbu masjid binosi eskirib, poydevorlari yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Shu sababli mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini olg‘a surishdi. Ushbu xayrli tashabbus O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangach qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
Shu yilning 14 sentyabr kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumani “Rakat” jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Marosimga yig‘ilgan ulamolar va mo‘ysafid otaxonlar masjid ko‘p yillar xizmat qilishini niyat qilib, birinchi g‘ishtni qo‘yib berdilar. Nuroniylar, mutasaddilar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht qo‘ydilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi Abduhakim qori Matqulov marosimda masjid ahlini ushbu Allohning uyi bilan tabrik qilib, jumladan shunday so‘zlarni bildirdilar:
– Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida yurtimizda masjid-madrasalarni obod etish ishlari juda keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ayni damlarda vodiy viloyatlari safarida bo‘lganliklari bois kelolmadilar, lekin bunday xayrli ishni kechga surmasdan boshlashni, salom-duolarini yetkazishni bizga topshirdilar, qabul qilgaysizlar.
Davlatimiz rahbari qaysi hududga tashrif buyurmasinlar masjid-madrasalar, ziyoratgohlarni obod etishga juda katta e’tibor qaratmoqdalar. U kishining rahbarlik davrlarida 26 ta yangi jome masjid ochildi, 116 ta masjid qaytadan barpo etildi va 200 tasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu masjidni ham mo‘min-musulmonlarga muborak aylashini Haq taboraka va taolodan so‘raymiz.
Onlayn (Facebook): https://www.facebook.com/tojiyev.umidjon/videos/929585607387934/?t=141
Onlayn (youtube): https://youtu.be/9yP6NoRRefE
Fotojamlanma: http://muslim.uz/index.php/media-17/fotolavhalar-2/item/16669
Tadbirda ulamolar, mahalla faollari, mo‘ysafid otaxonlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV