Ma’lumki, har yili dunyoning bir qator davlatlarida yoshlarni Allohning kalomini yod olishga va musobaqalashishga qiziqtirish hamda ularni Qur’oni karim xulqlari va odoblari bilan xulqlanishiga targ‘ib etish maqsadida xalqaro Qur’oni karim musobaqalari an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Yurtimizning 2 nafar vakili mazkur musobaqada qatnashdi.
Shu yilning 7-11 sentyabr kunlari Qur’oni karimni yoddan o‘qish va tafsir qilish bo‘yicha Saudiya Arabistonining Makka shahrida o‘tkazilgan 41-Xalqaro Qur’oni karim musobaqasi o‘z nihoyasiga yetdi. Bugun ishtirokchilar uchun Madina Munavvaradagi qadamjolarga ziyorat tashkil qilindi. Ular orasida vakillarimiz Toshkent islom instituti talabasi Husniddinov Zuhriddin qori va Buxoro shahridagi “Mir Arab” oliy madrasasi talabasi Orifjonov Abduraufxon ham mavjud. Ular Qur’oni karimning to‘liq 30 porasini va 15 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish yo‘nalishida qatnashishdi. Musobaqada 103 ta davlatdan kelgan 146 nafar qorilar raqobatlashdi.
Joriy yilning 11 sentyabr kuni Makkai Mukarrama shahrida Makkai Mukarrama amiri Xolid al-Faysal janoblari rahbarligida g‘oliblarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda “Masjidul Haram” va “Masjidun Nabaviy” idorasi Bosh mudiri Shayx Doktor Abdurrohman as-Sudays, Saudiya Arabistoni Islom, irshod va da’vat ishlari vaziri Doktor Abdullatif bin Abdulaziz Ol ash-Shayx, Qirollik devoni maslahatchisi Shayx Sa’d bin Nosir, Masjidul harom imom-xatibi Shayx Solih bin Humayd va boshqa nufuzli shaxslar ishtirok etishdi. Tadbir chog‘ida yuqori uch o‘rinni qo‘lga kiritgan 12 nafar qorilarga sovrinli mukofotlar topshirildi. Qur’oni karimni to‘liq 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish bilan birga 30 poraning lug‘aviy ma’nolarini bilish yo‘nalishida 1-o‘rinni Saudiya Arabistoni, 2-o‘rinni Iordaniya, 3-o‘rinni Nigeriya davlatlari qorilari egalladi. Qur’oni karimning 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Keniya, 2-o‘rinni Iordaniya, 3-o‘rinni Nigeriya va Liviya davlatlari qorilari egalladi.
Qur’oni karimning 15 porasini yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Filippin, 2-o‘rinni Liviya, 3-o‘rinni Bahrayn davlatlari qorilari egalladi.
Musulmonlar kamchilik bo‘lgan davlatlar ishtirokchilari uchun Qur’oni karimning 5 porasini yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Serbiya, 2-o‘rinni Bosniya va Gersegovina, 3-o‘rinni Shri-Lanka davlatlari qorilari egallashdi.
Vakillarimizga ishtiroki to‘g‘risidagi tashakkurnoma yorlig‘i taqdim etildi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Abdulloh PARPIYEV
tayyorladi
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati