“Muhammadning ayollari faqat qiz dunyo keltiradi”. Quraysh mushriklari orasida shunday mish-mishlar tarqaldi. Ularning bunday gapirishlariga chuqur ma’no va yuksak g‘oyadan, ilohiy hikmatdan bexabarliklari sabab edi. Zero, ular johiliyat ahli bo‘lib, amallari ham shunga yarasha bo‘lardi. Alloh taolo Quraysh mushriklarining qiz farzandga nisbatan nafratini qoralab Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Qachon birovlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabga to‘lib, yuzlari qorayib ketar. Va u (qizni) xo‘rlagan holida olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning (ya’ni, qiz ko‘rshnning) «yolg‘on»ligidan (nomus qilib) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo‘lingizkim, ular eng yomon hukm chiqarurlar” (Nahl, 58— 59).
Mushriklar botil so‘zlar bilan ovora bo‘lib yurgan payt, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning yana bir go‘zal, oy yuzli qizlari dunyoga keldi. Bunday sifatlari sababli otasi chaqaloqqa Ummu Gulsum (roziyallohu anho) deb ism qo‘ydi.
Qiz o‘sib-ulg‘aygach, opasi Ruqayya roziyallohu anho bilan birga Abu Lahabning o‘g‘illaridan biriga uzatildi. Biroq har ikkisi ham u xonadonda uzoq yashay olmadilar. Kur’oni karimda “Ikki qo‘li halok bo‘lsin, halok!” deya lan’natlangan Abu Lahabning xotini bilan yashash azobidan qutuldilar.
Sinovlar ichra qolgan opa-singillar.
Musulmonlar, mushriklarining ozorlari ko‘paygani sabab Xabashistonga ko‘chib o‘tganlarida Ummu Gulsum va Fotima roziyallohu anholar hijrat qilmay, Makkada, otalari yonida qoldilar. Opa-singil onalari Hazrati Hadicha roziyallohu anhoning dardlariga sherik bo‘ldilar, otalariga mushriklar tomonidan bo‘layotgan aziyat va yomonliklar g‘amini yengillatishga harakat qildilar.
Ummu Gulsum roziyallohu anho, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan qilingan zulm va iskanjalarning, odamlarni haq yo‘lga da’vat etishdagi juda og‘ir mashaqqatlarning guvohi bo‘ldi.
Kuraysh mushriklarining zo‘ravonligi kundan-kunga ortib bordi. Hatto ular Banu Hoshim urug‘i va musulmonlar bilan aloqalarni butunlay uzish haqida qaror qabul qilib, mazkur qarorni Ka’baga osib ko‘ydilar.
Ummu Gulsum juda og‘ir iztrob ichra qoldi. Otasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummat dardi ila qayg‘uda... Opasi Zaynab roziyallohu anho eri Abul Os bilan Makkada bo‘lsalarda, yordamga muhtoj, qiyin ahvolda. Yana bir opasi Ruqayya roziyallohu anho esa juda olis manzilda, musofir... Onasi ummul mo‘minin Hadicha roziyallohu anho og‘ir betob, singlisi Fotima roziyallohu anho esa hali yosh, mehrga, parvarishga muhtoj...Bu holatda Ummu Gulsum roziyallohu anho zimmasiga juda katta mas’uliyat tushayotgan edi. Barchasini tushungani uchun, sabr etdi. U sabrining mukofotini Allohdan kutardi. Qo‘lidan kelganicha otasiga yordam qilar, onasiga ham:
— Xafa bo‘lmang, onajon! Ajablanadigan hech narsa yo‘q, - deya tasalli berar edi.
Hazrati Hadicha roziyallohu anho onamizning ahvoli juda og‘ir edi. Aziz va jalil Allohga yetadigan kunlarini kuta boshladilar. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, vafot etdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qizlarini bag‘rilariga bosib, tasalli berdilar. Ummu Gulsum roziyallohu anhoning mas’uliyati yanada oshdi. Zero, endi u oilaning mehr-shafkat ulashuvchisi edi!
Musulmonlar Madinaga hijrat kildilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham ular bilan birga edilar. Bu hijrat insoniyat tarixidagi Alloh yo‘lida qilingan eng buyuk hijrat bo‘ldi. Xavfsizlikni ko‘zlab, Ummu Gulsum va Fotima roziyallohu anhumolar, vaktincha Makkada qoldirildi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelgach, ularni olib kelish uchun Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni Makkaga yubordilar. Opa-singil yo‘lga chiqishdan oldin Hojunga borib, onalarninng qabrini ziyorat etdilar.
Hijratdan so‘ng juda buyuk voqealarga boy ikki yil o‘tdi. Bu davr mobaynida Ummu Gulsum roziyallohu anho otasi va musulmonlarning Badrda erishgan zafariga, qadrli opasi Ruqayya roziyallohu anhoning vafotiga ham shohid bo‘ldi.
Bir qun Hazrati Umar roziyallohu anhu jahllari chiqqan holda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga shikoyag qilib keldi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam buning sababini so‘raganlarida, Hazrati Umar Abu Bakr va Usmon roziyallohu anhularga qizlari Hafsa roziyallohu anhoni nikohlariga olishni taklif etganini, biroq ular qabul etishmaganini aytdi. Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam uni tinchlantirib, xushnud etdilar.
- Hafsa Usmondan xayrlirog‘i bilan, Usmon ham Hafsadan xayrlirog‘i bilan turmush quradi, — deb ko‘nglini ko‘tardilar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Hafsa roziyallohu anhoga uylandilar. Tabiiyki, Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam Usmon roziyallohu anhudan xayriliroq edilar. So‘ng Hazrati Usmon roziyallohu anhuga:
- Seni Ruqayyaning singlisi Ummu Gulsumga uylantiraman. Agar qizlarimdan biri vafot etsayu yana qizim bo‘lsa, albatta senga berar edim, — deb marhamat qildilar.
Ummu Gulsum roziyallohu anho Ruqayya roziyallohu anhoga berilgan miqdordagi mahr bilan Hazrati Usmon roziyallohu anhuga nikohlandi.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Jabroil alayhissalom menga o‘rgatdi. Sizlarga uni aytib beraman, kim nayson (aprel) oyida yomg‘ir yoqqanda suvidan olib, 70 martadan fotiha, oyatal kursi, falaq, nas, kafirun, suralarini o‘qib dam solib ichsa erkak va ayol bepusht bo‘lsa farzand ko‘radi, falaj bo‘lmaydi, tanadagi bor kasalliklar tuzaladi", mazmunli xabar tarqaldi. Haqiqatan ham shu ma’nodagi hadis bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur rivoyatni hadis deb aytish katta gunoh hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish hisoblanadi. Birorta ham e’tiborli va ishonchli hadis kitoblarida bunday mazmundagi hadis kelgan emas. Ayrim ulamolar uni hadis to‘qish bilan shug‘ullanadiganlarning to‘qimasi ekanligini ta’kidlab o‘tishgan. Shuning uchun har qanday ma’lumotlarni, xususan, dinga oid ma’lumotlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlamasdan turib tarqatishdan juda ham ehtiyot bo‘lish lozim. Bunday ishlar yolg‘onga xizmat qilish va boshqalarni aldash hisoblanadi. Qolaversa, bu yolg‘on oddiy yolg‘onlar kabi shunchaki harom bo‘lib qolmay, jahannam bilan tahdid qilingan gunohlar sirasiga kiritilgani haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللَّه عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "إِنَّ كَذِبًا عَلَيَّ لَيْسَ كَكَذِبٍ عَلَى أَحَدٍ ، مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)
“Mening nomimdan (aytilgan) uydirilgan yolg‘on so‘z boshqa bir kishi nomidan uydirilgan yolg‘on kabi emasdir. Kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on so‘z to‘qisa, jahannamdagi joyiga tayyorgarlik ko‘rsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘rni kelganda shuni ham ta’kidlash kerakki, shu mavsumda, ya’ni, aprel oyida yog‘adigan yomg‘irning foydalari tibbiy jihatdan isbotlangan bo‘lsa, soha mutaxassislarining ko‘rsatmasi bo‘yicha iste’mol qilish xato yoki gunoh hisoblanmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.