Topganini qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilari bilan baham ko‘radigan xalqimiz to‘ylari bilan mashhur. Bu to‘ylarda xalqimizning boy ma’naviy merosi, madaniyati aks etadi.
Ming afsuski, bugun ayrim hollarda nikoh marosimi ortiqcha hashamga aylanib ketmoqda. Nikoh to‘yi marosimlari haddan ziyod dabdabali o‘tmoqda.
Yoshlarimiz milliy urf-odatlarimiz qolib, chetdan kirib kelgan o‘zgacha odatlar asosida nikoh to‘yini o‘tkazmoqda. Kim o‘zarga to‘y qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi ortiqcha illatlar avj olayotgani kishi dilini xira qiladi.
Qimmat restoranda to‘y qilamiz, falon san’atkorlarni chaqiramiz, deb ota-onasiga shart qo‘yayotganlar ham topiladi. To‘y sohibi katta xarajat uchun qarz ko‘taradi yoki kredit oladi. Shuning ortidan oilaviy mojarolar, nizo-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasida sovuqchilik ko‘payib borayapti. Vaholanki, to‘kin-sochin dasturxon, to‘yga sarflangan xarajatlarni kamaytirib, yosh oilaning ro‘zg‘orini but qilish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi to‘y marosimlarini ixchamlashtirish, ortiqcha dabdabaga berilmaslik borasida turli tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.
– To‘y va marosimlar dabdabasi, soxta maqtovlar, mahallalardagi urchigan gaplar har qancha chiroyli ko‘rinmasin bu, avvalo, katta isrof, dinimizga yot tushunchalardir, – dedi “Al Hudaybiya” jome masjidi imom-xatibi Murodulloh Xunazarov. – Ma’raka-marosimlarda besh xil, ba’zan yetti xil taom tortilishi kerak, degan tushunchalar biz insonlarning qorin g‘amiga mukkasidan ketganimizdan darak. To‘ylardan keyin ortib qolgan taomlar, masalliqlar, ayniqsa, eng aziz ne’mat bo‘lgan non negadir hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Isrofgarchilik gunoh ekanligini eslamay ham qo‘ydik. Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Bu to‘g‘risida Qur’oni karimda va Payg‘ambarimiz hadislarida musulmonlarni ogoh bo‘lishga chaqirgan ko‘rsatmalar bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari tashabbusi bilan bir yosh kelin-kuyovning nikoh to‘yi marosimiga faqat imkoniyati cheklangan insonlarni taklif etish orqali ularning ko‘ngillariga shodlik ulashish maqsad qilingan edi. Mazkur xayriya tadbiri Toshkent shahridagi “Versal” koshonasida bo‘lib o‘tdi.
– Har bir ishda me’yor va mo‘tadillik bo‘lishi zarur. Ana shunda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Bu ikki narsa kishining havoyi-nafsiga qo‘yilgan qopqondir. To‘y qilish deganda, albatta dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng katta savobdir. Oramizda buni anglab yetgan yoshlar ham talaygina. Yashnobod tumanida tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan bir yigit oldimga kelib, uylanayotganini, nikoh to‘yini dabdabali qilib o‘tkazmasligini aytdi. Savob olish niyatida bugun yuz nafardan ortiq kam ta’minlangan, imkoniyati cheklanganlar uchun dasturxon yozdi. Ularning o‘ksik ko‘ngliga dalda bo‘lish, duosini olish dabdabali to‘y qilib, maqtanishdan ming marta yaxshi, – dedi M.Xunazarov.
Yig‘ilganlar yurtimiz tinchligiga shukrona aytib, kelin-kuyov haqiga duo qildi.
Xurshid QODIROV, O‘zA
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati