Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan xalqaro Qur’oni karim musobaqasida qorilarimiz qatnashadi

05.09.2019   4464   1 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan xalqaro Qur’oni karim musobaqasida qorilarimiz qatnashadi

Shu yilning 7-11 sentyabr kuni Qur’oni karimni yoddan o‘qish va tafsir qilish  bo‘yicha  Saudiya Arabistonining  Makka shahrida  41 xalqaro   Qur’oni karim musobaqasi o‘tkaziladi. 

Mazkur musobaqa quyidagi 4 yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi: 

  1. Qur’oni karimni tajvid qoidasi bilan to‘liq yoddan o‘qib berish bilan birga Qur’oni karim so‘zlarining ma’nolarini bilishi.
  2. Qur’oni karimni tajvid qoidasi bilan to‘liq yoddan o‘qib berish.
  3. Qur’oni karimning 15 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish.
  4. Qur’oni karimning 5 porasini tajvid qoidasi bilan chiroyli ohangda o‘qib berish. Bu yo‘nalish Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lmagan va musulmonlar kamchilik bo‘lgan davlatlar ishtirokchilari uchundir. Musulmon davlatlar vakillari ushbu yo‘nalishda qatnasha olmaydi.

Ma’lum qilinishicha, bu yilgi musobaqada 103 ta davlatdan 146 nafar vakillar ishtirok etadi.

Yurtimizning 2 nafar vakili Toshkent islom instituti talabasi Husniddinov Zuhriddin qori va Buxoro shahridagi “Mir Arab” oliy madrasasi talabasi Orifjonov Abduraufxon mazkur musobaqada ishtirok etish uchun shu yilning 3 sentyabr kuni Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

                                                                      

Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Kuchingiz yetsa-da, aslo zulm qilmang!

16.04.2025   8550   3 min.
Kuchingiz yetsa-da, aslo zulm qilmang!

Hayotingiz davomida biror kishiga zulm qilmang!
Agar siz ota bo‘lsangiz, farzandlaringizga zulm qilmang!
Bordi-yu, siz rahbar bo‘lsangiz, qo‘l ostingizdagilarga zulm qilmang!
Katta bo‘lsangiz, kichiklarga zulm qilmang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazlumning duosidan ogoh etib, bunday deganlar: “Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi  u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir”[1].

Yana boshqa bir hadisda aytadilar: “Musulmon musulmonga birodardir. Unga zulm ham qilmaydi va (zulm qarshisida uni ) tashlab ketmaydi ham”[2].

Umar ibn Abdulaziz bir vakiliga: “Agar qudrating inson zotiga zulm qilishga undasa, Alloh taoloning ustingda soya solib turgan qudratini yodga olgin”, deya maktub yozgan edilar.

Muoviya roziyallohu anhu aytadilar: “Allohdan o‘zga madadkori bo‘lmagan kishiga zulm qilishdan hayo qilaman”.

Najoshiy aytadi: “Saltanat kufr birla yashamog‘i mumkin, ammo uning zulm bilan boqiy qolishi amrimahol”.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mazlumning badduosidan ehtiyot bo‘ling! Chunki uning duosi bulutlar uzra ko‘tariladi. Alloh taolo: “Izzatim va jalolim haqqi, birozdan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta, nusrat beraman”[3], deydi».


Shoir aytadi:

Zulm etma, bo‘lsang-da olam aro zo‘r,
Razolat so‘ngida nadomat bisyor.
Sen uyqu bag‘rida yotganingda hur,
Mazluming qarg‘agay ko‘zlari bedor.

Abu Mas’ud Badriy roziyallohu anhu aytadi: «Men qulimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan kimningdir “Bilgin, ey Abu Mas’ud” degan ovozini eshitdim. Achchiqlanib turganim uchunmi, bu gapni yaxshi anglamadim. Menga yaqinlashgan paytda qarasam, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zot bunday derdilar: “Bilgin, ey Abu Mas’ud, bilib qo‘y, ey Abu Mas’ud”. Men qo‘limdagi qamchini tashlab yubordim. U zot: “Bilginki, sening mana bu qulga bo‘lgan qudratingdan ko‘ra, Alloh taolo sening ustingda qudratliroqdir”. Men: “Endi hech qachon qullarimni urmayman”, dedim. Hadisning boshqa rivoyatida: “O‘girilib qarasam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turgan ekanlar. Men shu zahoti: “Ey Allohning Rasuli, u Allohning yo‘lida ozoddir”, dedim.

Shunda Nabiy alayhissalom: “Mabodo shunday qilmaganingda, seni do‘zax yondirardi”[4], dedilar.

Siz ham qo‘l ostingizdagilarni urishdan saqlaning va yaqinlaringizdan biror kishiga zulm qilishdan ehtiyot bo‘ling.

Shoir aytadi:

Kishiga og‘irdur xanjar tig‘idan,
Olgan jarohati eng yaqinidan.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom  Buxoriy, Imom Muslim rivoyati.
[2]  Imom Buxoriy rivoyati.
[3]  Ibn Abu Xaysama rivoyati.
[4]  Imom Muslim rivoyati.