Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Salafi solihlarning ota-onalariga yaxshilik qilishlari

05.09.2019   3292   21 min.
Salafi solihlarning ota-onalariga yaxshilik qilishlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Muhammad ibn Munkadir rahimahulloh aytadilar: “Akam tunni namoz o‘qib o‘tkazdi. Men onamning oyoqlarini ushlab o‘tkazdim. Mening tunim o‘zimni hursand qilganchalik uning tuni meni hursand qilmadi”.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh ota-onalariga yaxshilik qiluvchi inson edilar. U zot ularning haqqiga duo qilib, istig‘for aytar edilar. Har oyda ota-onalari nomidan yigirma dinor sadaqa qilardilar. U zot o‘zlari haqida quyidagilarni aytadilar: “Ba’zan onamni Umar ibn Zarrning majlisiga olib borardim. Ba’zan onam menga u kishiga borib, biror masalaning javobini so‘rab kelishimni buyurardi. Men borib, u zotga o‘sha masalani zikr qilardim. U zotga: “Onam meni sizdan falon-falon narsalarni so‘rashimni buyurdi” derdim. Shunda u kishi: “Sendek bir odam mendan bu masalani so‘raydimi?!” derdilar. Men: “Onam shunga amr qildi” derdim. Shunda u zot: “Uning javobi qanday bo‘ladi? Sen o‘zing menga ayt, keyin men senga aytaman” derdilar. Men u kishiga javobni aytardim. Keyin u kishi o‘sha javobni o‘zimga qaytarib aytardilar. Men onamga kelib, u javobni aytardim. Bir safar onam mendan bir narsani so‘radi. Men javob berdim. U kishi javobimni qabul qilmadi va: “Zar’a voizning so‘zinigina qabul qilaman” dedi. Men onamni Zar’a voizning oldiga olib borib: “Onam sizdan shu-shu narsalarning javobini so‘rayapti” dedim. Shunda u kishi: “Sen mendan bilimdonroq va faqihroqsan-ku! O‘zing fatvo ber!” dedilar. Men: “Shunday deb fatvo beraman” dedim. U kishi: “Javob Abu Hanifa aytgan so‘zdir” dedilar. Onam rozi bo‘lib, ortiga qaytdi”. 

Ibn Hidoj rahimahulloh dedilar: “Men Said ibn Musayyab rahimahullohga: “Qur’onda keltirilgan ota-onaga yaxshilik qilishning barchasini tushundim. Faqat “Ularga karamli so‘z ayt!” degan oyatni tushunmadim. Karamli so‘z nima o‘zi?” dedim. Shunda Said ibn Musayyab rahimahulloh: “Gunohkor qulning darg‘azab, qo‘pol xo‘jayiniga aytgan gapidir” dedilar”.

Abu Burda aytadi: “Yamanlik bir kishi onasini bo‘yniga ko‘tarib, Baytni tavof qildirardi. Tavof asnosida: “Men onamning injiq tuyasiman. Tuya mingan onam sarosimaga tushsa-da, men tushmasman” der edi. Keyin u: “Uning haqqini ado qildimmi?” dedi. Shunda Ibn Umar roziyallohu anhu: “Yo‘q! To‘lg‘oq ohlaridan bittasini ham ado qilmading” dedilar”.

Fazl ibn Yahyo otasiga o‘ta mehribon edi. U otasi bilan birga qamoqqa tushib qoldi. Otasi Yahyo doim iliq suvda tahorat qilardi. Qamoqxona xodimi ularni sovuq kechalarda tashqaridan o‘tin olib kirishga qo‘ymadi. Yahyo uyquga ketganda, Fazl o‘rnidan turdi-da, idishni olib, uni suvga to‘ldirdi. Keyin uni chiroqqa yaqin tutib turdi. Qo‘lidagi idish bilan tik turgan holda tong ottirdi.

Hasan Basriy rahimahullohdan ota-onaga yaxshilik qilish haqida so‘raldi. U zot: “Qo‘lingdagi barcha narsangni ular uchun sarf qilmog‘ing, senga buyurgan ma’siyatdan boshqa barcha ishlarida ularga itoat etmog‘ingdir” deb javob berdilar.

Ibn Uyayna rahimahulloh dedilar: “Kim besh vaqt namozni o‘qisa, Alloh taologa shukr qilibdi. Kim namozlarning ortidan ota-onasining haqqiga duo qilsa, ularga tashakkur aytibdi”.

Bir donishmand dedi: “Otangga qara, o‘g‘ling ham senga qaraydi”.

Ahmad rahimahulloh dedilar: “Ota-onaga yaxshilik qilish kabira gunohlarga kafforatdir”.

Urva ibn Zubayr rahimahulloh dedilar: “Kim otasiga tikilib qarasa, unga yaxshilik qilmabdi”.

Umar ibn Zarr rahimahulloh vafot etganda, otasi Zarrdan: “Uning siz bilan birga yurishi qanday edi?” deb so‘raldi. Otasi dedi: “Men bilan kechqurun birga yursa, oldimda yurardi. Men bilan kunduzi birga yursa, ortimda yurardi. Men ostida turgan tomga hech hachon chiqmagan”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhu onalari bilan birga bir dasturxondan taom yeyishdan qo‘rqardilar. U kishidan buning sababi so‘ralganda, “Onamning ko‘zlari tushgan narsaga qo‘limni cho‘zib, oqq bo‘lib qolishdan qo‘rqaman” deb javob bergan ekanlar.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ikki kishi bu ummat ichida onasiga eng ko‘p yaxshilik qiluvchilar edi. Bular Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va Horisa ibn Nu’mon roziyallohu anhu. Usmon shunday degan: “Musulmon bo‘lganimdan beri onamga tikilib qarolmadim”. Horisa esa onasining boshidan hasharotlarni izlar, unga qo‘li bilan taom yedirar, onasi buyurgan ish haqida biror gap so‘ramas, tashqariga chiqqandan keyin onasining yonida turgan kishidan: “Onam nimani istayaptilar?” deb so‘rar edi”.

Kahmas har kuni ikki doniq (arzimas pul) evaziga gips pishiradigan joyda ishlardi. Kech tushgach, o‘sha puliga meva sotib olib, onasiga olib borardi.

Kahmas chayonni o‘ldirmoqchi bo‘lganda, u bir kovakka kirib ketdi. Kahmas uning ortidan o‘sha kovakka qo‘lini tiqdi. Shunda chayon uni chaqdi. Unga: “Kovakka nega qo‘lingizni kiritdingiz?” deyishdi. U: “Kovakdan chiqib, onamning oldiga borib, uni chaqib olishidan qo‘rqdim” deb javo berdi.

     Ba’zi ulamolar shunday deyishgan: “Kim otasini hurmat qilsa, umri uzun bo‘ladi. Kim onasini hurmat qilsa, uni hursand qiladigan narsani ko‘radi. Kim ota-onasiga tikilib qarasa, ularga oqq bo‘ladi”.

Imom Zahabiy o‘zining “Siyaru a’lamin nubala” asarida quyidagilarni keltiradi: “Bundor (yoki Qundor yoki Bundon) muhaddis edi. U Basra hadislarini jamlagan edi. Onasiga yaxshilik qilib, ilm safariga chiqmadi. Abdulloh ibn Ja’far Marvaziy aytadi: “Men Bundorning shunday deganini eshitdim: “Safarga chiqmoqchi bo‘ldim. Onam man’ qildilar. Bas, onamga itoat qildim. Natijada menga ilmda baraka ato qilindi”.

Ibn Avn aytadi: “Muhammad onasining oldida turganda, uni tashqaridan bir odam ko‘rsa, ovozining juda pastligidan kasal shekilli deb o‘ylardi”.

Yana Ibn Avn aytadi: “Bir kishi Muhammad ibn Sirinning oldiga kirdi. U onasining huzurida edi. Kirib: “Muhammadga nima bo‘ldi? Biror narsadan (kasallikdan) shikoyat qilyaptimi?” deb so‘radi. Kishilar unga: “Yo‘q, Muhammad onasining huzurida shunday ahvolda turadi” deb javob berishdi”.

Hishom ibn Hasson aytadi: “Menga Hafsa bint Sirin shunday dedi: “Muhammad ibn Sirinning onasi hijozlik edi. U rangni yoqtirardi. Agar Muhammad onasiga kiyim sotib olmoqchi bo‘lsa, eng rangdorini sotib olardi. Agar iyd bo‘lsa, onasining kiyimini bo‘yatib berardi. Onasiga ovozini ko‘tarib gapirganini biror marta ko‘rmaganman. Agar onasiga gapirsa, tinglayotgan kishidek (boshini quyi solib) gapirardi”.

Omir ibn Abdulloh aytadi: “Otam (Abdulloh ibn Zubayr) vafot etdi. Men to‘liq bir yil davomida faqat Allohdan uni afv etishini so‘radim”.

Sufyon Savriy rahimahulloh aytadi: “Ibn Hanafiyya onasining boshini xitmiy (sovunga o‘xshash xushbo‘y narsa) bilan yuvib, tarab, (hino bilan) bo‘yab qo‘yardi”.

Iyos ibn Muoviyaning onasi vafot etganda, u yig‘ladi. Undan: “Sizni nima yig‘latdi?” deb so‘rashdi. Shunda u: “Mening jannat sari ochilgan ikkita eshigim bor edi. Ulardan biri berkildi” deb javob berdi. 

    Horisa ibn No‘mon roziyallohu anhuning salomiga Jabroil alayhissalom alik olgan edi. Uning ovozini Nabiy alayhissalom jannatda eshitgan edilar. Alloh taolo uning jannatlardagi rizqiga kafil bo‘lgan edi. U yaxshilik va ehsonda o‘rnak bo‘lgan, onasiga yaxshilik qilishda zarbulmasal bo‘lgan zot edi. Horisa ibn No‘mon roziyallohu anhu musulmonlar orasida Madinaga ilk safar qilgan Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuning da’vati natijasida islomni qabul qildi. U bilan birga uning onasi Ja’da bint Ubayd ham, barcha oila a’zolari ham islomni qabul qildilar. Horisa roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning Madinaga hijratlarini intizorlik bilan kutdi. Nabiy alayhissalom Madinaga kelib, Abu Ayub Ansoriy roziyallohu anhuning uyiga tushganlarida juda hursand bo‘ldi. Chunki, u ham Bani Najjor urug‘idan edi. Bu bilan Nabiy alayhissalomga yaqin bo‘lish baxtiga erishdi. U tez-tez Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga qatnar, u zotning xulqlaridan, ilmlaridan, sunnatlaridan ko‘proq nasiba olishga urinardi. O‘zidagi bor narsasini, molini, jonini u zot alayhissalomga fido qilishni butun vujudi bilan istar edi. Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Uxladim. Tushimda o‘zimni jannatda ko‘rdim. Shu payt Qur’on o‘qiyotgan kishining ovozini eshitdim. “Kim bu?” deb so‘radim. “Bu Horisa ibn No‘mon” deyildi”. Nabiy alayhissalom Oisha roziyallohu anhoga: “Buning sababi yaxshiligidir. Buning sababi yaxshiligidir” dedilar”. U zot odamlar orasida onasiga eng ko‘p yaxshilik qiluvchi kishi edi.

Horis ibn Abdulloh Saqafiy roziyallohu anhu ham onasiga yaxshilik qilishi bilan mashhur bo‘lgan sahobalardan edi. Onasining ismi Hunayda yoki Kinna edi. Kinna Yamandagi arab qabilalaridan birida tug‘ildi. Uning qabilasi qul va cho‘rilardan tashkil topgan edi. Shuning uchun Kinna ham cho‘ri edi. Horis roziyallohu anhu onasining qabilasiga tegishli barcha qul va cho‘rilarni sotib olib, ozod qildi. Bu ishni onasiga yaxshilik qilish uchun amalga oshirdi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu bolaligidayoq islomni qabul qildi va otasi bilan birga Madinaga hijrat qildi. Kichik bo‘lgani uchun Badr va Uhud janglarida ishtirok etmadi. Uning ilk qatnashgan jangi Xandaq g‘azoti bo‘ldi. U daraxt ostidagi Rizvon bay’atining a’zolaridan biri edi. U Payg‘ambar alayhissalomdan, o‘z otasi Umar roziyallohu anhudan, Abu Bakr, Usmon, Ali, Bilol, Suhayb, Omir ibn Robi’a, Zayd ibn Sobit, Sa’d, Ibn Mas’ud, Usmon ibn Talha, sinlisi mo‘minlar onasi Hafsa, mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anhum kabi zotlardan hadis rivoyat qildi. Shuningdek, u zotdan ham ko‘plab tobeinlar hadis rivoyat qilishgan. Imom Molik rahimahulloh u zot haqida shunday deganlar: “Bizning nazdimizda Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan keyin insonlarning imomi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudir. U zot oltmish yil odamlarga fatvo berib turdilar”. Buning hech ajablanadigan joyi yo‘q. Zero, Nabiy alayhissalom u kishining solih insonliklariga guvohlik berib: “Albatta, Abdulloh solih kishidir” deganlar. U kishi otalariga haddan ziyoda yaxshilik qiluvchi edilar. Bu yaxshilik otalari hayotlik chog‘ida ham, vafotlaridan keyin ham davom etdi. 

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu shunday deydilar: “Mening bir xotinim bor edi. Uni yaxshi ko‘rardim. Umar esa uni yoqtirmas edi. Bir kuni Umar: “Uni taloq qil!” dedi. Men bosh tortdim va buni Nabiy alayhissalomga aytdim. U zot: “Otangga itoat et va uni taloq qil!” deb amr qildilar. Bas, men uni taloq qildim”. Ha, u otasiga itoat qilib, yaxshi ko‘rgan xotinini taloq qildi. Otasi Umar roziyallohu anhu vafot etgandan keyin ham Ibn Umar unga yaxshiligini davom ettirdi. 

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu bir kuni Makkaga safarga chiqdi. Uning bir eshagi bo‘lib, uzoq yo‘lga chiqqanda minardi. Boshida salla ham bor edi. Yo‘lda ketayotganida yonidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Abdulloh unga: “Sen Falonchining o‘g‘li Falonchimisan?” dedi. U: “Ha, shunday” deb javob berdi. Shunda Abdulloh darhol eshagidan tushib, o‘sha a’robiyni unga mindirdi. Boshidagi sallani yechib, unga uzatdi. Hamrohlari u kishiga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin. Bir a’robiyga o‘zingiz minib turgan eshakni, boshingizdagi sallani berasizmi?!” deyishdi. Shunda Abdulloh ibn Umar: “Men Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning: “Yaxshilikning eng yaxshisi kishining otasi vafot etgandan keyin uning do‘stlarining ahliga yaxshilik qilishidir” deyayotganlarini eshitganman. Bu a’robiyning otasi Umar roziyallohu anhuning do‘sti edi” deb javob berdi. 

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu bir safar Ka’baning yonida o‘tirganida bir yamanlik odamning o‘z onasini yelkasiga mindirib tavof qildirayotganini ko‘rdi. Tavof qildirib bo‘lib, onasini yelkasidan tushirdi. Ibn Umar o‘sha odamni chaqirdi. U kelgach, undan: “Bu ayol senga kim bo‘ladi?” deb so‘radi. “Onam bo‘ladi” deb javob berdi xaligi kishi. Shunda Ibn Umar roziyallohu anhu: “Agar mening ham onam bo‘lganida, sen tavof qildirganingdek uni tavof qildirardim. Mening bu dunyoda shu ikkita shippagimdan boshqa hech narsam yo‘q” dedi. U kishi mingdan ortiq kishilarni qullikdan ozod qildi. Juda ko‘p infoq qilardi. Odamlarning eng saxovatlisi edi. Hijratning 74 yili Makkada 85 yoshida vafot etdi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!

Hishom ibn Hasson aytadi: “Men Hasan Basriyga shunday dedim: “Onam kechki ovqatni yeyish uchun meni kutib turganlarida men Qur’on o‘rganaman”. Shunda Hasan Basriy: “Onang bilan kechki ovqatni birga yeb, uning ko‘zini quvontirishing men uchun nafl haj qilishingdan mahbubroqdir” dedilar”.

Imom Ibn Mahdiy rahimahulloh aytadi: “Men Abdulloh ibn Avn bilan yigirma to‘rt yil suhbatdosh bo‘ldim. U ota-onasiga yaxshilik qiluvchi inson edi. Bir kuni onasi uni bir ishga chaqirdi. Ibn Avn onasining ovozidan balandroq ovozda unga javob berdi. O‘zining ovozi onasining ovozidan balandroq bo‘lgani uchun ikkita qulni ozod qilib yubordi”.

Solihlardan biri har kuni onasining oyog‘ini o‘par edi. Bir kuni do‘stlarining oldiga biroz kech qolib bordi. Ular: “Qayerda eding?” deb so‘rashdi. Shunda u: “Jannat bog‘larida yurgandim. Bizga “Jannat onalar oyog‘i ostidadir” degan hadis yetib kelgan” deb javob berdi.

Melodiy 9 asrning boshlarida Abbosiylar davrida xalifa bosh vazir Yahyo Barmakiyni va u bilan birga o‘g‘li Fazl ibn Yahyo Barmakiyni bir qamoqqa hibs qildi. O‘shanda qish fasli edi. Sovuq juda qattiq edi. Qamoxona esa tor va zax edi. Yahyo sakson yoshlarga borgan keksa kishi edi. Shuning uchun sovuq suvga dosh berolmasdi. O‘g‘li Fazl suvni qamoqxonani yoritib turgan chiroqda ilitishga urindi. Qamoqxona xodimlari buni ko‘rib, chiroqdan foydalana olmasin deb, uni yanada balandroqqa o‘rnatib qo‘yishdi. O‘g‘il suvni ilitish chorasini axtara boshladi. Oxiri u otani hursand qilish uchun og‘ir va alamli yo‘lni topdi. U ko‘ylagini yechib, suv to‘la idishni bag‘riga bosib o‘tirdi. U bu ishni otasi uyquga ketgan paytda qilardi. Bir kuni ota o‘g‘li suvni qanday isitayotganini ko‘rish uchun o‘zini uyquga solib yotdi. O‘g‘lining ishini ko‘rib, uni duo qildi va bu ishni yana takrorlashni unga man qildi. 

Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh aytadi: “Bir kishi safardan keldi. Kelib qarasa, onasi namoz o‘qiyotgan ekan. Onasi tik turgani uchun o‘zi o‘tirib olishni yoqtirmadi. Namoz o‘qiyotgan ona o‘g‘lining maqsadini bildi va o‘g‘lim ko‘proq ajrga erishsin deb qiyomni uzun qildi”.

Tolq ibn Habib onasining boshidan o‘par, onasi o‘tirgan uyning tomida yurmasdi. 

Ibn Abbos roziyallohu anhu dedilar: “Alloh Hudhuddan Sulaymon ibn Dovudning azobini Hudhudning onasiga qilgan yaxshiligi evaziga qaytardi”.

Ibn Abbos roziyallohu anhuning oldilariga bir kishi kelib, dedi: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilarining o‘g‘li! Men bir ayolni yaxshi ko‘rardim. Unga sovchi jo‘natdim. U menga turmushga chiqishdan bosh tortdi. Boshqa bir odam unga sovchi yuborganda, unga rozilik beribdi. Buni eshitib, o‘sha ayolga nisbatan ichimda qahru g‘azab paydo bo‘ldi. Borib, o‘sha ayolni o‘ldirdim. Tavba qilishimga imkon bormi?”. Ibn Abbos roziyallohu anhu undan: “Onang bormi?” deb so‘radilar. U: “Yo‘q” dedi. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Ey birodarimning o‘g‘li! Allohga tavba qil, istig‘for ayt va solih amallarni ko‘paytir!” dedilar. Keyin boyagi kishi ketdi. Biroz vaqt o‘tib, Ibn Abbos roziyallohu anhuning shogirdlaridan biri u zotga: “Nega boyagi odamdan “Onang bormi?” deb so‘radingiz?” dedi. Shunda Ibn Abbos: “Allohga qasamki, onaga yaxshilik qilishdan ko‘ra Allohga muhbubroq birorta amalni bilmayman” deb javob berdilar.

Nuh alayhissalomning ota-onalariga qilgan duolari: “Ey, Rabbim! Meni, ota-onamni, uyimga mo‘min holda kirgan kishilarni va barcha mo‘minu mo‘minalarni mag‘firat etgin!”

Ibrohim alayhissalom mushrik otalariga ham “Ey otajon!” deb murojaat qilganlar. 

Ismoil alayhissalomga otalari Ibrohim alayhissalom ko‘rgan tushlarini aytib berganlarida, u kishi “Ey otajon! Sizga buyurilgan ishni qiling. Inshaalloh, mening sabrli ekanimni topasiz” deganlar. Bu itoatning natijasida Alloh taolo ularga qo‘chqorni nasib etdi.   

Yahyo alayhissalom haqlarida Alloh taolo shunday deydi: “U ota-onasiga mehribon bo‘ldi, jabr qiluvchi, itoatsiz bo‘lmadi”.

Iso alayhissalom esa: “Shuningdek, (meni) onamga mehribon (qildi) va meni takabburli, badbaxt qilmadi” deganlar. 

Abu Hurayra roziyallohu anhu uyga kirsalar onalariga: “Menga kichikligimda tarbiya berganingizdek, Alloh sizga ham rahm qilsin!” derdilar. Shunda onalari: “Menga keksayganimda g‘amxo‘rlik qilganingdek, Alloh senga ham rahm qilsin!” derdilar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu onalariga suv keltirdilar. Kelsalar, onalari uxlab qolibdilar. U kishi onalarining yonida to uyg‘ongunlaricha turdilar. Onalari uyg‘ongach, suvni berdilar. Men ketsam, onam uyg‘onib, suvni topolmay qolmasinlar deb shunday qildilar. 

Ibn Avn rahimahullohni onalari chaqirdilar. Shunda u kishining “Labbay” degan ovozlari onalarinikidan balandroq chiqdi. Bu ishlariga pushaymon bo‘lib, istig‘for aytdilar va ikkita qulni ozod qilib yubordilar. 

Ibn Sirin rahimahulloh onalariga gapirsalar, yerga kirib ketayotgandek tazarru’ bilan gapirardilar. Agar onalari u kishining oldilariga kirsa, yuzlarining rangi o‘zgarar edi. 

Hasan Basriy rahimahulloh onalari bilan bir tovoqdan ovqat yemasdilar. Bunga sabab onalarining yegisi kelgan narsaga qo‘l cho‘zib, oq bo‘lib qolishdan qo‘rqardilar. 

Ibn Shurayh rahimahulloh masjidda dars berar edilar. Onalari kelib: “Tur o‘rningdan! Tovuqlarga don ber!” derdilar. U kishi onalariga itoat qilib, darhol turar va darsni tark qilar edilar. Hech qachon onalarini itob qilib, u kishiga: “Men darsdaman”, “Men leksiyadaman”, “Men zikr majlisidaman” demaganlar. 

Ibn Umar roziyallohu anhu Makka yo‘lida bir a’robiyga duch keldilar. Darhol uni ulovlariga mindirib, boshlaridagi sallalarini ham unga berdilar. Shunda yonlaridagi kishilar: “Ey Ibn Umar! Bu bir a’robiy bo‘lsa, unga oddiyroq narsani bersangiz ham olaverardi” deyishdi. Shunda Ibn Umar: “Bu odam Umarning, ya’ni otamning do‘sti edi” deb javob berdilar. 

Ibn Munkadir rahimahulloh yuzlarini yerga qo‘yar va onalariga: “Turing, onajon! Oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying!” derdilar. 

Ota-onasiga ovozini ko‘tarayotganlar qani? Ota-onasini urayotganlar qani? 

Imom Zahabiy rahimahulloh onalariga yaxshilik qilib, ilm talabiga bormadilar. Onalari vafot etgunlariga qadar o‘z shaharlarida turdilar. Onalari vafot etgach, safarga chiqdilar. O‘zlari shunday deydilar: “Ilm uchun safarga chiqmoqchi bo‘ldim. Onam “Chiqma!” dedilar. Onamga itoat qildim va chiqmadim. Alloh taolo shu ishim uchun menga ilmda baraka berdi”. 

Ba’zi tobeinlar ikki qavatli uyning birinchi qavatida onalari o‘tirgan bo‘lsa, ikkinchi qavatiga chiqmas edilar. Ba’zilar esa, otalari uyda o‘tirgan bo‘lsa, o‘sha uyning tomiga chiqmas edilar. 

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu dedilar: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan “Qaysi amal Allohga mahbubroq?” deb so‘radim. U zot: “Vaqtida o‘qilgan namoz” dedilar. Men: “Keyinchi?” dedim. U zot: “Ota-onaga yaxshilik qilish” dedilar. Men: “Keyinchi?” dedim. U zot: “Alloh yo‘lida jiddu-jahd qilish” dedilar”. 

 

Manbalar asosida 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

"Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!..."

16.07.2025   1677   1 min.

 

VIDEO