Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Makkada bir kambag‘al kishi yashardi. U soliha ayolga uylangan edi. Bir kuni ayoli unga: “Ey aziz xojam, bizda yeyishga taom ham, kiyishga libos ham yo‘q” dedi. Er darhol ish izlab bozorga chiqdi. Rosa ish qidirdi, ammo topa olmagach, Masjidul Haromga borib, ikki rakat namoz o‘qidi va Allohdan mushkulini oson qilishini so‘rab, astoydil duo qildi. Duosini tugatib, Haram maydoniga chiqdi. O‘sha yerda bir hamyon topib oldi. Ochib qarasa, ichida ming dinor bor ekan. Topib olingan pul bilan xotinimni hursand qilaman deb darhol uyiga jo‘nadi. Lekin ayoli hamyonni rad etdi va eriga: “Siz bu hamyonni qaytarib berishingiz kerak. Chunki, Haramda yotgan narsani olish joiz emas” dedi. Er yana Haramga jo‘nadi. Borsa, u yerda bir odam: “Kim ichida ming dinor puli bor hamyon topib oldi?” deb qichqirayotgan ekan. Haligi kishi hursand bo‘lib ketdi va darhol: “Men topib oldim. Ma, ol hamyoningni. Uni Haram maydonidan topib olgandim” dedi. Hamyon egasi faqir kishiga uzoq tikilib turdi-da, keyin: “Hamyonni o‘zingga olib qol. U seniki. U bilan birga yana to‘qqiz ming dinor ham bor edi” dedi. Faqir kishi hayron bo‘lib turgan edi, hamyon egasi yana so‘zida davom etdi: “Shomlik bir sahovatli kishi menga o‘n ming dinor berdi va “Bundan ming dinorini Haram maydoniga tashlab qo‘y. Agar topib olgan kishi hamyonni senga qaytarib olib kelsa, uni o‘ziga qaytar. Chunki, o‘sha qaytarib olib kelgan odam omonatdor kishidir” dedi”. Bu gaplarni eshitgan faqir kishi juda hursand bo‘lib ketdi va Allohga ko‘p shukrlar qildi. Zero, Robbimiz O‘zining muqaddas Kalomida: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur” deb marhamat qilgan. (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
Nozimjon Hoshimjon
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).