Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446

Nega bilganimizga amal qilmaymiz?

02.09.2019   4273   16 min.
Nega bilganimizga amal qilmaymiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qildik yoki qilamiz deb) aytursiz?! Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishingiz Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir” (Saf, 2-3). 

Oyatda ko‘rinib turibdiki, ilmga amal qilmaslik Allohning nafratiga sabab bo‘lar ekan. Ilmga amal qilmaslik, aytganlarini avval o‘zi bajarmaslik katta gunoh, or va sharmandalikdir. 

Ilmga amal qilmaslikning bir qancha sabablari bor. Quyida ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

 

1.    Amal qilishga undaydigan yetarli darajada ilm bo‘lmasligi. 

Qur’oni karim amal qilish uchun nozil qilingan. Sahobalar ilmni amal qilish uchun o‘rganar edilar. Ushbu hadislarga diqqatimizni qaratsak, hammasi oydinlashadi. 

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar, u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dedilar: “Menga bir duo o‘rgating, u bilan namozimda duo qilay”. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Allohim, men o‘z nafsimga katta, Qutayba “ko‘p” degan, zulm qildim. Gunohlarni faqatgina Sen mag‘firat etasan. Huzuringdagi mag‘firat ila meni kechirgin va menga rahim qilgin. Albatta, Sen gunohlarni ko‘plab kechiruvchi hamda o‘ta rahimli Zotsan” deb ayt” dedilar”. Muslim rivoyati. 

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi dedilar: “Men Nabiy alayhissalomdan “Ey Allohning Rasuli, bandani jannatga yaqinlashtiruvchi amal qaysi?” deb so‘radim. U zot: “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz” dedilar. Men: “Keyinchi, ey Allohning Rasuli?” dedim. U zot: “Ota-onaga yaxshilik qilish” dedilar. Men: “Yana nima, ey Allohning Rasuli?” dedim. U zot: “Alloh yo‘lida jihod” deb javob berdilar”. Muslim rivoyati. 

Bu hadislarga yaxshilab e’tibor bersak, barcha sahobalarning Payg‘ambar alayhissalomdan amal qilish maqsadidagina savol so‘raganlariga guvoh bo‘lamiz. Darhaqiqat, barchamiz ilmni faqatgina unga amal qilish maqsadidagina o‘rganishimiz kerakligini tushunib olishimiz lozim. Qur’onni ham unga amal qilish maqsadida o‘qishimiz kerak. Zero, undagi buyruq va qaytariqlar bizga qarata aytilgan, bizdan boshqalarga emas. Qolaversa, bilganiga, o‘qiganiga amal qilish kishida yaxshilikni va sabot (mustahkamlik, puxtalik)ni ziyoda qiladi. Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday marhamat qiladi: “Bordi-yu, ular aytilgan nasihatlarga muvofiq ish qilganlarida edi, o‘zlari uchun yaxshiroq va (imonlari) mustahkamroq bo‘lur edi” (Niso, 66). Demak, amal insonning iymonini, ilmini mustahkamlar ekan.

 

2.    Tarbiyaning zaifligi. 

Musulmon bolaga uyda, maktab-madrasada va jamiyatning boshqa barcha manzillarida zaif tarbiya berilsa, bu ham amal qilishning susayishiga sabab bo‘ladi. Ba’zi xonadonlarda solih ota-ona farzandiga chiroyli tarbiya beradi, ilmga amal qilishda, avvalo, o‘zlari namuna bo‘lishadi. Ayrim xonadonlarda esa, vaziyat umuman nochor. Maktab-madrasalar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Ba’zi madrasalarda ta’lim berayotgan mudarrisu ustozlar o‘quvilarga o‘rgatayotgan narsalariga oldin o‘zlari amal qilishadi. Buni ko‘rgan talabalar ham ularning izida borishadi. Ayrimlarida esa, ahvol ancha achinarli.

 

3.    Amalga beriladigan ajru mukofotlarni bilmaslik ham unga nisbatan sustkashlikni keltirib chiqaradi. 

Nima uchun Alloh taolo bizga ajrlarni ma’lum qildi? Albatta, amal qilsinlar deb. Bordi-yu sizga bir kishi “Agar mana bu ishni qilsang, lavozimingni oshirib, darajangni ko‘taraman” desa, siz o‘sha ishni qilishga darhol kirishib ketgan bo‘lar edingiz. Hadislarda amallarga beriladigan ajrlar ko‘plab kelgan bo‘lib, ular bizni amal qilishga qiziqtiradi. Abdurahmon ibn Abu Amradan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Bir kuni Usmon ibn Affon roziyallohu anhu shom namozidan keyin masjidga kirib, bir o‘zlari o‘tirgan edilar. Men ham u kishining oldilariga borib, o‘tirdim. Shunda u kishi dedilar: “Ey birodarimning o‘g‘li, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shunday deganlarini eshitganman: “Kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, go‘yo kechaning yarmini ibodat bilan o‘tkazgandek savobga ega bo‘ladi. Kimki bomdodni jamoat bilan o‘qisa, kechaning hammasini ibodat bilan o‘tkazganning savobiga erishadi”. Yana shunday amallar ham borki, ularni qilgan kishining o‘tgan gunohlari kechiriladi. Usmon roziyallohu anhuning mavlolari Humrondan rivoyat qilinadi, u kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning bir idishda suv keltirishlarini so‘raganini, suv kelgach, ikki kaftiga suvni uch bor quyib ularni yuvganini, keyin o‘ng qo‘lini idishga kiritib, undan suv olib, u bilan og‘iz-burunlarini yuvganini, keyin yuzini uch bor, ikki qo‘lini tirsaklari bilan qo‘shib uch bordan yuvganini, keyin boshiga mas'h tortganini, oxirida esa, ikki oyog‘ini uch bordan yuvganini, tahoratdan so‘ng “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kimki mening mana shu tahoratimdek tahorat olsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, unda nafsi ila gaplashmasa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” deganlarini ko‘rgan. Buxoriy rivoyati. Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “Kim taom yeb bo‘lgach: “O‘zimning hech qanday harakatim va quvvatimsiz menga ushbu taomni yedirgan va u bilan meni rizqlantirgan Allohga hamd bo‘lsin” desa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”. Termiziy rivoyat qilgan va “Bu hadis hasan” degan.

 

4.    Mustahab va nafl ibodatlarga qiziqmasdan, faqatgina farz va vojiblar bilan cheklanaverish amalning susayishiga sabab bo‘ladi. 

Nima mustahablarda ajr yo‘qmi? Sizga qo‘shimcha ajr kerak emasmi? Nega bizning hayotmizda sunnatu mustahablarning martabasi pasayib boryapti? Ba’zi tolibi ilmlar, yangi ibodatga kirgan yoshlar boshida dinga, ibodatlarga haris bo‘lishadi. Katta-yu kichik amallarning barchasini qilishga harakat qilishadi. Ichimlikni sunnatga muvofiq o‘tirib ichishadi, namozda sutraga jiddiy e’tibor berishadi. Keyinchalik esa, bu kabi narsalarga nisbatan sustkashlik paydo bo‘ladi. Ulardan buning sababini so‘rasangiz, bundan ham muhim amallar, farz va vojibotlar borligini aytishadi. To‘g‘ri, farz va vojib amallar birinchi galda qilinishi lozim. Ammo, ulardan keyingi o‘rinda turadigan sunnat va mustahablarni qilib, ularning savobidan bahramand bo‘lishga himmat yo‘qmi? Nima uchun sunnatlarga beparvolik kuchayib boryapti? Sunnatni o‘rganib, uni hayotga tatbiq etishga haris bo‘lgan sahobalardan o‘rnak olish qayerlarga ketib qoldi?  

Ziyod ibn Jubayrdan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar roziyallohu anhu bir kishining oldiga borganlarini ko‘rdim. U odam tuyasini so‘yish uchun cho‘ktirgan edi. Ibn Umar unga: “Tuyangni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga binoan tik turg‘izib, bog‘langan holda so‘y” dedilar”. Buxoriy rivoyati. 

Sahobalar sunnatga butun umr vafo qilib yashashgan. Quyidagi rivoyat so‘zimizga yorqin dalil bo‘ladi.

Abu Rofe’dan rivoyat qilinadi: “Men Abu Hurayra roziyallohu anhu bilan xufton namozini o‘qidim. U kishi “Izas samaaun shaqqot” surasini o‘qidilar va unda sajda qildilar. Men u kishidan: “Bu qanday sajda?” deb so‘radim. U kishi: “Men Abul Qosim sollallohu alayhi vasallamning ortlarida shu surada sajda qilgan edim. Shundan beri to u zotga yo‘liqqunimcha sajda qilaveraman” dedilar”. Buxoriy rivoyati.  

 

5.    Muhitning ta’siri. 

Inson ilmga kam amal qilinadigan muhitda yashasa, atrofidagilar amal qilish bilan emas, balki, o‘rgangan ilmlari ustida bahsu munozara qilish, uni faqatgina rivoyat qilish bilan vaqtlarini o‘tkazadigan bo‘lsalar, bu jamiyatda yashaydigan kishi ham shulardan ta’sirlanmay iloji yo‘q. Bugungi fitna, fahsh va gunohlar bemalol sodir etiladigan zamonda ilmga amal qilish borasida barchaga namuna bo‘ladigan yetakchining o‘rni kattadir. Aks holda inson nomaqbul muhitning ta’siridan qutulishi juda-juda qiyin bo‘ladi. 

Alloh taolo Saba’ malikasi Bilqis haqida shunday marhamat qiladi: “Uni esa Allohni qo‘yib ibodat qilgan narsasi (musulmon bo‘lishdan) to‘sgandir. Chunki u kofirlar qavmidan edi” (Naml, 43). 

Bilqisni Allohga ibodat qilishdan nima to‘sdi? Ibodat qiladigan but-sanamlari, sig‘inadigan quyoshi. Nima uchun o‘sha quyosh uni Allohdan to‘sib qo‘ydi? Chunki, Bilqis kofirlar qavmidan edi. Ularning orasida yashardi. Shuning uchun u ham kofir, mushrik bo‘ldi. Aqlli, farosatli bo‘lishiga qaramasdan o‘zi yashab, rahbarlik qilib turgan xalq va muhit ta’siriga tushib qoldi. Sulaymon alayhissalomning oldilariga kelgandagina islomni qabul qildi.

 

6.    Ilmni hayotga tatbiq qilish, unga amal qilishda voqelikdan uzoqlashib ketish.

Tolibi ilm xuddi o‘ljasiga tashlangan sherdek ibodatlarga o‘zini uradi. Farz, vojib, sunnat, mustahab va boshqa barcha amallarni qilishga o‘ta ishtiyoqmand va haris bo‘ladi. Toqat qilib bo‘lmaydigan darajada ko‘p amal qiladi. Vaziyat shu darajaga yetadiki, bir og‘irroq amalni qilishga to‘g‘ri kelib qolganda, o‘zini qiynab qo‘yadi. Mana shunda ibodatning savoblarini ketkazib qo‘yuvchi malollik, yoqtirmaslik kabi noqulay holatlar vujudga keladi. Oxirida u yigit qilinishi zarur bo‘lgan ibodatlardan ham uzilib qoladi. 

Abu Abbosdan rivoyat qilinadi, u kishi dedilar: “Men Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning shunday deganlarini eshitganman: “Menga bir kuni Nabiy alayhissalom: “Eshitishimcha, sen kechalari uxlamay ibodat qilib, kunduzlari doim ro‘za tutar emishsan?” dedilar. Men: “Ha, Allohning Rasuli, shunday qilaman” dedim. Shunda u zot: “Agar sen shu tarzda ibodat qilaversang, ko‘zing toliqib, nafsing charchab qoladi. Zero, nafsingni senda haqi bor, ahlingni ham haqi bor. Shunday ekan, ro‘za tut, og‘zing ochiq ham bo‘lsin, kechasi ibodat ham qilgin, uxlagin ham” dedilar”. Buxoriy rivoyati. Bu hadisda Payg‘ambar alayhissalom ummatlarini ibodatda iqtisodli bo‘lishga undamoqdalar. Toki nafs malollanib qolib, ibodatlarning savobi ketib qolmasin.

 

7.    Oxirat, jannat, do‘zax, hisob-kitob, mezon va boshqa narsalarga bo‘lgan iymonimiz zaifligidan amallarga sustlik qilamiz.

Shuning uchun ham gohida Abu Bakr roziyallohu anhuning barcha mollarini sadaqa qilganlariga, Hazrati Umarning mol-dunyolarining yarmini sadaqa qilganlariga hayron bo‘lib, ishonqiramay qaraymiz. Ularni aqlimiz lol qoladigan darajada bu kabi sadaqalar qilib, dinga jonlarini fido etishlariga sabab nima? Albatta, sabab ularning qalblaridagi jannat, do‘zax, hisob-kitob va boshqa Alloh taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘ygan mukofotlarga kuchli iymon keltirganlaridir. Bizda ham shu kabi narsalarga bo‘lgan iymonimiz mustahkam va kuchli bo‘lsa, amalimiz ham shunga yarasha bo‘ladi.

 

8.    Qur’on va Sunnatga zaif bog‘lanish ham ilmga amal qilishni susaytiradi. 

Nima uchun Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo Ummu Ayman roziyallohu anhoni ziyorat qilgani borishganda u kishi yig‘ladilar? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dunyoda boqiy qolishlarini istaganlaridan yig‘ladilar. To‘g‘ri, u kishi Allohning huzurida Payg‘ambar alayhissalomga tayyorlab qo‘yilgan mukofotlarni bilardilar, lekin u zot (s.a.v.)ning vafotlari bilan vahiy to‘xtab qolgan edi. Shunga yig‘ladilar. Bu Qur’on va Sunnatga bog‘lanishning yorqin namunasidir.

 

9.    Orzularning ko‘pligi va uzunligi ham amalning kamayishiga ta’sir ko‘rsatadi. 

Alloh taolo uzundan-uzun orzu qiluvchilar haqida shunday deydi: “Albatta, Biz bilan muloqotda bo‘lishni kutmay, dunyo hayoti bilan qanoatlangan va u bilan (dili) taskin topganlar hamda oyatlarimizdan g‘ofil bo‘lgan (kofir)lar, ana o‘shalarning joylari – qilmishlari tufayli – do‘zaxdir” (Yunus, 8). 

“Eh, qaniydi...”, “Koshki edi...” degan so‘zlar bilan vaqtlarimiz behuda sovurilib, amal qilishga beparvo bo‘lib qolyapmiz. Vaholanki, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bir ishga mashg‘ul bo‘lishingdan avval bo‘shligingni g‘animat bil”, boshqa bir hadisda esa: “Amallarga shoshilinglar!” deganlar.

 

10.     Shayton bizlarni amal qilishdan to‘xtatishga juda harisdir. 

 Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ikki xislat bor. Qaysi bir musulmon banda o‘sha ishlarni doimo qilib yursa, jannatga kiradi. U ikkisini qilish oson, ammo qiladiganlar kam. Birinchisi: har namozdan keyin o‘n marta tasbeh, o‘n marta tahmid, o‘n marta takbir aysa, tilda 150 ta, tarozuda 500 ta bo‘ladi; ikkinchisi: uyqusiga yotayotganda 34 marta takbir, 33 marta tahmid, 33 marta tasbeh aytsa, tilda 100 ta, tarozuda esa, 1000 ta bo‘ladi” dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘sha zikrlarni qo‘llari bilan sanab bajarayotganlarini ko‘rdim. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, qanday qilib u ikkisini qilish oson-u, qiladiganlar kam?” deb so‘rashdi. Shunda u zot: “To‘shakka yotganingizda shayton kelib, ularni aytmasingizdan oldin uxlatib qo‘yadi. Namozda ham keladida, o‘sha zikrlarni aytishingizdan oldin bir hojatingizni eslatadi. Natijada zikrlarni esingizdan chiqarasiz” dedilar”. Abu Dovud rivoyati. 

 

Muolaja yo‘llari

 

1.    Ilmning qimmatli narsa ekanligini his etish. 

O‘tgan ulamolar ilmni ulkan xazina deb bilishar edi. Shuning uchun ham uning qadriga yetib, ilmni amal qilish bilan mustahkamlar edilar. Biz esa bugungi kunda ko‘p ilm olamiz. Xoh dunyoviy ilm bo‘lsin, xoh diniy ilm bo‘lsin, hammasini egallaymiz. Ammo amal qilishga kelganda esa dangasalikka, sustkashlikka yo‘l qo‘yamiz. Chunki biz ulkan xazinani qo‘lga kiritganimizni tushunib yetmaymiz. Xazina deyilsa bizning xayolimizga faqat oltinu kumushlarga liq to‘la sandiq yoki ko‘za keladi. 

2.    O‘tgan ulamolarning oyatu hadislarga qanchalik amal qilganlarini tafakkur qilish ham kishida himmatni uyg‘otib, amal qilishga undaydi. 

Marvaziy aytadi: “Menga Imom Ahmad rahimahulloh aytgan edi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biror hadisni eshitadigan bo‘lsam, uni kitobimga yozishdan avval o‘zim amal qilardim. Bir kuni “Nabiy alayhissalom qon oldirdilar va Abu Tiybaga bir dinor berdilar” degan hadisni eshitib qoldim. Uni kitobimga yozishdan avval o‘zim ham bir dinorga qon oldirdim” dedilar”. 

3.    Uyda ota-onalar farzandlariga, maktab-madrasalarda, oliygohlarda ustozlar shogirdlariga ilmga amal qilishni o‘rgatishlari, bu borada o‘zlari namuna bo‘lishlari lozim va lobuddir. 

Birovga yaxshilikni, odob-axloqni o‘rgatayotgan inson, avvalo, o‘zi amal qilib, keyin uni boshqalarga o‘rgatmasa, uning barcha harakatlari befoyda ketadi. O‘zi amal qilmaydigan kishining so‘zida ta’sir bo‘lmaydi. O‘sha odamning o‘zi amal qilmasligini boshqalar bilishi shart emas. Baribir ta’siri sezilmay qolaveradi. Shuning uchun ustoz shogirdlariga so‘z bilan ham, amal bilan ham ibrat bo‘lishi matlubdir. 

4.    Allohdan ilm bilan birga amalni ham berishini so‘rashimiz lozim. 

 Abu Bakr ibn Arabiy aytadi: “Men hijriy 489 yili Makkada turdim. Shu paytda zamzam suvidan to‘yib-to‘yib ichdim. Har safar ichayotganimda ilm va iymonni ziyoda qilishini niyat qilib ichdim. Uning barakasi bilan Alloh menga ilm eshiklarini ochib qo‘ydi. Zamzamni amal niyati bilan ichishni unutibman. Eh, qaniydi o‘shanda ilm va amalni niyat qilib ichganimda edi, Alloh ilm bilan birga amalni ham bergan bo‘larmidi. Men ilmdan ham ko‘proq amalni tanlayman”. 

Allohdan foydali ilm berishini va o‘sha ilmga qo‘shib amal qilish ne’matini ham ato etishini so‘raymiz.  

 

Nozimjon Hoshimjon

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Muhabbat mana shunday bo‘ladi

20.06.2025   5475   3 min.
Muhabbat mana shunday bo‘ladi

 Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati

Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.

Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir... 


Savbon roziyallohu anhuning muhabbati

Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.

 
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati

Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!”dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval  Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Niso surasi, 69-oyat.