Barchalarimizga ma’lumki har yili an’anaviy tarzda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan imom-xatiblar o‘rtasida “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovi ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yilda ham Respublikamizning har bir hududida ushbu tanlov ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero ushbu tanlov orqali imom-xatiblar o‘zara bellashadilar, ilmiy munozalara qilishadi. Yakunida esa g‘olib aniqlanadi. Shu kungacha O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligi tomonidan viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan masjid imom-xatiblari va imom-noiblari o‘rtasida “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining shahar-tuman bosqichlari o‘tkazilgan edi.
Bugun esa mazkur ko‘rik tanlovning Andijon viloyati bosqichi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligida juda katta xursandchilik ila o‘tkazildi.
Sababi esa – bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, tashabbuskor, ilg‘or fikrli, zamonaviy axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydalana oladigan va keng xalq ommasiga o‘z fikrini yetkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan eng iqtidorli, faol imom-xatiblarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Tanlovda viloyatimizning shahar va tumanlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar masjid imom-xatiblari ishtirok etdilar.
Tanlov shartlariga ko‘ra ishtirokchilar to‘rt yo‘nalish bo‘yicha baholab borishlik, ko‘rik tanlovni ko‘tarinki ruhda, adolatli tashkil etishlik maqsadida quyidagi tarkibda hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilar baholab bordilar.
“Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovi dastavval Qur’oni Karim tilovati ila boshlangan bo‘lsa, so‘ngidan Andijon viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulloh domla Sulaymonov kirish so‘zi bilan ochib berib, barcha ishtirokchilarga o‘zining samimiy tilaklarini izhor qildi.
“Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida ishtirok etgan ishtirokchilarining chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi hamda yakuniy natijalarga ko‘ra g‘oliblar e’lon qilindi.
Unga ko‘ra,
1- o‘rinni Andijon shahridagi “Hazrati Bilol” jome masjidi imom-xatibi Ravshanbek domla O‘rinboyev;
2- o‘rinni Jalaquduq tumanidagi “Kapa” jome masjidi imom-xatibi Qobiljon domla Turdiyev;
3- o‘rinni Shahrixon tumanidagi “Gultepa” jome masjidi imom-xatibi Shoximardon domla Oripovlar qo‘lga kiritdilar.
Ko‘rik tanlov doirasida turli hil yo‘nalishlar bo‘yicha ham taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unga ko‘ra diniy soha rivoji uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan, imom-xatiblik faoliyatida boshqalarga o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan, masjidlar obodligi, ularning farovonligi va xavfsizligi yo‘lida xizmat qilib kelayotgan bir qator masjid xodimlari ham munosib taqdirlandilar.
G‘oliblikni qo‘lga kiritganlarga O‘MIning Andijon viloyati vakilligining Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lgan kiritgan Andijon shahridagi “Hazrati Bilol” jome masjidi imom-xatibi Ravshanbek domlar O‘rinboyev tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etishlik huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘MIning Andijon viloyati vakilligi
xodimi Nurulloh Qodirov