Bir kishi Valid ibn Abu Xayra rohmatullohi alayhni so‘kib yubordi. Shunda u zot: “Bu sening sahifangdir. Shunday ekan, unga xohlagan narsangni yozdiraver!”, dedilar.
Unutmaslik kerak, til – Allohning ulug‘ ne’mati. Har bir insonning yelkasida hayoti davomida amalga oshirgan, sodir etgan gunoh yoki savob amallarini yozib boradigan farishtalar mavjud. Insonni og‘zidan chiqayotgan har bir yaxshi-yomon aytilayotgan so‘zlarni, hatto tortgan oh-vohlarini ham amal daftarining sahifalariga yozib boradilar.
Alloh o‘z kalomida bu haqida aytadi: “U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir”. (Qof: 18).
Tilning zarari ulkan bo‘lib, xatarining ko‘lami esa juda katta sanaladi. Til zararli yirtqich hayvon, chaquvchi ilon hamda alangalanuvchi olovdir. Tilingiz ila kishi aybini gapirmangki, Sizning ham barcha joyingiz ayb, kamchilikdan iboratdir.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi: “Ey Allohning rasuli, gapirganlarimizga ham jazolanimizmi?
– Sen o‘lib, onang bolasiz qolgur, ey Jabalning o‘g‘li! Axir, faqat tillaridan ungan xosillar tufayli odamlar jahannamga yuzlari bilan qulaydi-da”.
Aqaba ibn Amr roziyallohu anhu aytadi: “Najot nimada, ey Allohning rasuli? – deb so‘radim.
– Tilingni tiy, uyingni keng qil va xatolaring uchun yig‘la, – dedilar Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam”.
Sahobai kiromlar Qur’on va sunnat odobi ila tarbiyalangan vaqtlaridanoq, lafzlarini to‘g‘irlab, gaplariga rioya qila boshladilar. Ularning nutqlari zikr, nazarlari ibrat hamda sukut saqlashlari esa tafakkurga aylandi. Mo‘min inson o‘z tili orqali boshqa musulmon birodarlarining qalbi ozor bermasligi kerak. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘z hadislarida marhamat qilganlaridek, “Musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir”.
Muqaddas Islom dinimiz insonlarni qalbiga ozor bermaslikka chaqiradi. Bu amalni Islom o‘zining shiorlari darajasiga ko‘tardi.
Bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan xursand bo‘lib, “Ey Oisha, mendan xohlagan narsangni so‘ra” dedilar. Oisha roziyallohu anho juda ham ziyrak ayol edilar, bu fursatni qo‘ldan boy bermaslik uchun eng yaxshi narsani so‘rashni qasd qildilar va “Bu borada otam bilan maslahatlashsam” dedilar. Chunonchi Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga borib voqe’ani bayon qildilar. Abu Bakr roziyallohu anhu : “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo u zotga sirlarni aytgan. O‘shalardan birini aytib berishlarini so‘ra” dedilar. Oisha onamiz roziyallohu anho o‘sha narsani so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Robbim menga me’roj kechasida “Mening nazdimda mo‘minning darajasi shu darajada yuqoriki, qaysi bir mo‘min boshqa bir mo‘minning qalbiga xursandchilik solsa, albatta jannatiy bo‘ladi” dedi”, dedilar. Oisha roziyallohu anho xursand bo‘lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bu gapni yetkazgan edilar Abu Bakr qattiq yig‘ladilar. Oisha roziyallohu anho “Nega yig‘laysiz, axir bu xursandchilik xabar emasmi” deganlarida, “Bu, mo‘minning qalbi Alloh taoloning nazdida shu darajada qadrliki, kim unga ozor yetkazsa, do‘zaxiydir” degani bo‘ladi – dedilar.
Alloh barchalarimizga o‘z sahifalarimizni solih amallar bilan to‘ldirishimizni nasib qilsin. Bir bir insonning qalbi ozor berishlikdan Alloh panoh bersin. Omin!
Azizlar, Sahifangizni ehtiyot qiling!
Nodirbek Nishonov,
Farg‘ona shahar “Muhammad avliyo” masjid imom-noibi
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.