Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Olamlarning Robbi Allohga hamd, “Ko‘zimning quvonchi namozda qilib qo‘yildi” degan sevikligimiz, sayyidimiz Muhammmad Mustafoga salovot va salomlar bo‘lsin.
Biz quyida bomdod namozini jamoat bilan o‘qish va uning fazilati haqida so‘z yuritamiz. Darhaqiqat, bomdod namozi bir qancha foydalari bilan boshqa namozlardan ajralib turadi. Kimki mazkur foydalardan bittasini bilsa, o‘sha foydani qo‘lga kiritish uchun uning himmatini uyg‘otishga, uyqu va dangasalikni yengishga, issiq ko‘rpani tark qilishiga va masjid sari hansirab yetib borishiga o‘sha birgina foyda ham kifoya qilishini anglab yetadi. Mazkur foydalar quyidagilardir:
1. Allohning zimmasiga kirish.
Jundub ibn Abdulloh ibn Sufyon al-Bajaliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim bomdod namozini o‘qisa, u Allohning zimmasida (himoyasida) bo‘ladi. Alloh sizlardan hargiz O‘z zimmasidan biror narsani talab qilmaydi. Chunki, U Zot kimdan O‘z zimmasidan biror narsani talab qilsa, topadi. Keyin uni yuztuban qilib jahannam oloviga uloqtiradi”. Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilishgan.
Bu hadisning ma’nosi quyidagicha: kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qisa, u Allohning himoyasida bo‘ladi. Unga hech kim yomonlik qila olmaydi. Kim Allohga bergan ahdini buzsa, U Zot undan o‘sha ahdni talab qiladi.
2. Qiyomul laylning ajri.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim xuftonni jamoat bilan o‘qisa, kechaning yarmini ibodat bilan o‘tkazgan bo‘ladi. Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, kechaning hammasini ibodat bilan bedor o‘tkazgan bo‘ladi”. Imom Muslim rivoyat qilgan.
3. Nifoqdan ozod bo‘lish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Munofiqlarga eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir. Agar u ikkisidagi narsani bilganlarida emaklab bo‘lsa ham kelar edilar. Batahqiq, namozga amr qilib, u qoim qilinganda bir kishini odamlarga namoz o‘qib berishini buyurib, so‘ngra o‘zim o‘tin ko‘targan odamlar bilan namozga hozir bo‘lmagan odamlarning oldiga borib, ustlaridan uylariga o‘t qo‘yib yuborishni qasd qildim”, deganlar. Imom Ahmad, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.
4. Qiyomat kunidagi to‘liq nur.
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Masjidlarga zulmatlarda yurib boruvchilarga qiyomat kuni to‘liq nur bo‘lishining bashoratini ber”, dedilar.
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
5. Farishtalarning bomdodga kelganlar oldiga hozir bo‘lishlari va ularga Alloh huzurida maqtov aytishlari.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ichingizda kechasi bir xil farishtalar, kunduzi bir xil farishtalar almashib turadilar. Ular bomdod namozida va asr namozida jamlanib turadilar. So‘ngra ichingizda tunaganlar ko‘tariladilar. Bas, Robbilari ulardan O‘zi bilib tursa ham: “Bandalarimni qay holda tark qildingiz?” deb so‘raydi. Ular: “Ularni namoz o‘qiyotgan hollarida tark qildik. Ular huzuriga borganimizda ham namoz o‘qiyotgan ekanlar”, deyishadi”, dedilar.
Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasaiy rivoyat qilishgan.
6. Bir haj va umraning ajri.
Muoz ibn Anas al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo‘lur. To‘liq, to‘liq, to‘liq”, deyilgan.
Imom Termiziy rivoyat qilgan.
7. Dunyo boyliklari teng kela olmaydigan boylik.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir qo‘shinni Najd tomonga yubordilar. Ular ko‘plab o‘ljalar bilan tezda qaytib keldilar. Qo‘shin bilan birga bormaganlardan biri: “Biz bulardan ko‘ra tezroq qaytgan va afzalroq o‘lja to‘plagan qo‘shinni hech ko‘rmadik” dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Sizlarga eng afzal g‘animat to‘plagan va eng tez qaytgan qavmning xabarini beraymi? Ular bomdod namoziga hozir bo‘lib, keyin to quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o‘tirgan qavmdir. Ana o‘shalar eng tez qaytgan va eng afzal g‘animat to‘plaganlardir” dedilar”.
Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Bu zaif hadis” degan.
8. Bomdod sunnatining fazliga erishish.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar”.
Imom Muslim, Imom Ahmad, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan.
9. Do‘zaxdan najot va jannatga kirishga bashorat.
Umora ibn Ruvayba roziyallohu anhu dedilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Quyosh chiqishidan va botishidan oldin namoz o‘qigan kishi hargiz do‘zaxga kirmaydi” deyayotganlarini eshitdim”.
Imom Muslim rivoyat qilgan. Hadisdagi namoz bomdod va asr namozlaridir.
10. Qiyomat kuni Allohni ko‘rish baxtiga erishish (Bu foydalarning eng kattasidir).
Jarir ibn Abdulloh al-Bajaliy roziyallohu anhu dedilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik. Bir payt u zot to‘lin oy kechasi bo‘lgani uchun oyga nazar soldilar va: “Sizlar xuddi mana shu oyni ko‘rganingizdek Robbingizni ko‘rasizlar. Uni ko‘rishda uyushib, qisilib qolmaysizlar. Agar quyosh chiqishidan va botishidan oldin namoz o‘qishni ko‘paytira olsalaringiz, shunday qilinglar” dedilar”. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.
Bomdod namoziga o‘z vaqtida turishga yordam beradigan ishlardan biri xuftondan keyin ko‘p o‘tirmay uyquga yotishdir. Erta yotish kishini tetik bo‘lib uyg‘onishiga va masjidga bora olishiga yordam beradi.
Oramizda Allohning himoyasida, panohida, zimmasida bo‘lishni istaganlar bormi?!
Oramizda qiyomat kuni o‘zi uchun to‘liq nur bo‘lishini istaganlar bormi?!
Oramizda nifoqdan qutulib, chin mo‘minlar qatoriga yozilishni istaganlar bormi?!
Qalbida Allohni ko‘rish shavqi va sevgisi bo‘lganlar bormi?!
Alloh taoloning ushbu “U kunda ba’zi yuzlar yashnab turuvchi, Parvardigorlariga boquvchidir” (Qiyomat, 22-23) oyatida zikr qilinganlardan bo‘lishni xohlaganlar bormi?!
Kim yuqorida sanalgan foydalarni qo‘lga kiritib, shu orqali dangasalikdan, uyqu g‘aflatidan qutulmoqchi?!
Bu foniy dunyodagi oz fursatni g‘animat bilib, oxirat saodatiga erishtiradigan amallarni qilib olmoqchilar bormi?!
Bir olim “Agar sen bugungi ummatning salohiyati, iymonu ixlosi qay darajada ekanligini bilmoqchi bo‘lsang, masjidlarda bomdod namozida necha saf odam namoz o‘qiyotganiga boq!” degan ekan.
Agar sen nafsingni tergasang va muazzin “Assolatu xoyrun minan navm” (Namoz uyqudan yaxshiroq) deb nido qilganda masjidga shoshilsang, u yerda ixlos bilan bomdod namozini ado etsang, ta’rif qilib bo‘lmas lazzatu halovatni his etasan. Bir marta o‘sha halovatni his etganingdan keyin hech qachon tonggi namozga uxlab qolmaysan. Odamlar orasidagi bomdodga eng haris, unga eng ko‘p ahamiyat beruvchi, unga ko‘p rag‘bat qiluvchi, uni eng ko‘p yaxshi ko‘ruvchi insonga aylanasan.
Ey Allohim, Seni zikr qilishimiz, Senga shukr qilishimiz va ibodatingni go‘zal tarzda ado etishimiz uchun bizga yordam ber! Bizlarni yaxshiliklar sari shoshiladiganlardan qilgin! Go‘zal xulq va solih amallar ustida musobaqalashadiganlardan qilgin! Barchamizga bomdod namozini va boshqa farz namozlarni o‘z vaqtida, masjidlarda, jamoat bilan ado etishni nasib et va buni bizlarga oson ayla, omin!
Muallif: Hasan Ramazon Butiy
Tarjimon: Nozimjon Hoshimjon
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.