Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Muharramdagi har bir lahzani g‘animat bilaylik

31.08.2019   2952   6 min.
Muharramdagi har bir lahzani g‘animat bilaylik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

«Ashuro» so‘zi lug‘atda «o‘ninchi kun» degan ma’noni bildiradi. Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhur bo‘lgan.

عَنِ الْحَكَمِ بْنِ الْأَعْرَجِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: انْتَهَيْتُ إِلَى ابْنِ عَبَّاسٍ وَهُوَ مُتَوَسِّدٌ رِدَاءَهُ عِنْدَ زَمْزَمَ، فَقُلْتُ لَهُ: أَخْبِرْنِي عَنْ صَوْمِ عَاشُورَاءَ، فَقَالَ: إِذَا رَأَيْتَ هِلَالَ الْمُحَرَّمِ فَاعْدُدْ، وَأَصْبِحْ يَوْمَ التَّاسِعِ صَائِمًا، قُلْتُ: هَكَذَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم يَصُومُهُ؟ قَالَ: نَعَمْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ.

Hakam ibn A’raj roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Zamzam oldida ridosi ustida yonboshlab yotgan Ibn Abbosning huzuriga borib:

«Menga Ashuro ro‘zasi haqida xabar ber», dedim.

«Qachon Muharramning hilolini ko‘rsang, sanab bor. To‘qqizinchi kuni ro‘za tutgan holda tong ottir», dedi u.

Men:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ro‘zasini shunday qilib tutar edilarmi?» dedim.

«Ha», dedi u».

Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Sharh: Avvalo rivoyat roviysi Hakam ibn A’raj roziyallohu anhu bilan tanishib qo‘yaylik:

Hakam ibn Abdulloh ibn Is'hoq A’raj al-Basriy tobe’inlardan bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini Ibn Abbos, Ibn Umar, Imron ibn Husoyn, Ma’qal ibn Yasor, Abu Bakra, Abu Hurayralar orqali rivoyat qildilar. Bu hadislar uncha ko‘p bo‘lmasa ham lekin ishonchlidir.

Biz tanishgan rivoyatda Ashuro ro‘zasi Muharram oyining to‘qqizinchi kuni tutilishi haqida so‘z ketmoqda. Nima uchun bunday ekanligi haqida so‘z yuritishdan oldin bu masalaga oid boshqa hadislarni ham ko‘rib chiqsak, yaxshi bo‘lar, degan umiddamiz.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: صَامَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّهُ يَوْمٌ تُعَظِّمُهُ الْيَهُودُ وَالنَّصَارَى، قَالَ: فَإِذَا كَانَ الْعَامُ الْمُقْبِلُ إِنْ شَاءَ اللهُ صُمْنَا الْيَوْمَ التَّاسِعَ، فَلَمْ يَأْتِ الْعَامُ الْمُقْبِلُ حَتَّى تُوُفِّيَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutdilar va u kunning ro‘zasini tutishga amr qildilar.

Odamlar:

«Ey Allohninig Rasuli, yahudiy va nasorolar bu kunni ulug‘laydilar», deyishdi.

U zot sollallohu alayhi vasallam:

«Yanagi yil kelsa, inshaalloh, (o‘ninchi bilan birga) to‘qqizinchi kunning ro‘zasini (ham) tutamiz», dedilar.

Bas, kelasi yil bo‘lmasdan turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar».

Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.

Sharh: Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlari Ashuro kuni ro‘zasini tutib, ummatlariga ham o‘sha kunning ro‘zasini tutishni amr qilganlarida ba’zi xabardor sahobiylar u zot sollallohu alayhi vasallamga yahudiy va nasorolarning Ashuro kunini ulug‘lashlarini eslatdilar. Chunki sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yahudiy va nasorolarnikiga o‘xshagan ishni qilmasliklarini, doimo ularnikidan boshqacha, Islom ummatiga xos ish qilishlarini yaxshi bilar edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam doimo sahobai kiromlarni boshqa din egalariga o‘xshashdan, ularga ergashishdan qaytarib kelar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarning Ashuro kuni ro‘zasi haqidagi xabarlarini bag‘rikenglik bilan qabul qilib oldilar. Uni hisobga oldilar va yanagi yili yahudiy va nasorolarga o‘xshab, Muharram oyining faqat o‘ninchi kunining emas, balki ularga xilof qilib, to‘qqizinchi kunining ro‘zasini ham tutishlarini aytdilar. Ammo o‘zlari kelgusi yilning Ashuro kuni kelmasidan Rafiqi A’loga rihlat qildilar.

Lekin gaplari o‘z kuchida qoldi. Barcha mo‘min-musulmonlar u zotning aytganlarini qilib, Muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘zasini tutishga odatlandilar.

وَعَنْهُ قَالَ: أَمَرَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم بِصَوْمِ عَاشُورَاءَ يَوْمَ الْعَاشِرِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro ro‘zasini o‘ninchi kuni tutishga amr qildilar».

Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan.

Sharh: Bu amr avvalgi hadisda zikr qilingan hodisalardan oldin bo‘lgan.

Ushbu rivoyatlardan chiqadigan umumiy xulosa qo‘yidagicha.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro ro‘zasini Muharramning o‘ninchi kunida tutishga amr qilganlar, o‘zlari ham tutganlar.

Yahudiy va nasorolar bu kunni ulug‘lashlarini bilib qolganlaridan keyin o‘ninchi kunga to‘qqizinchi kunni ham qo‘shib tutishga qaror qildilar. Lekin o‘zlari bu ishni qilmay turib, vafot etdilar.

Birinchi rivoyatda kelganidek, Ibn Abbos roziyallohu anhuning Hakam ibn A’raj roziyallohu anhuning savoliga javoban «To‘qqizinchi kunni ro‘za tutgan holingda tong ottir», deganlari Muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘zasini tutish kerak, deganlari, ya’ni, to‘qqizinchi kunni, so‘ng o‘ninchi kunni tutasan, deganlari bo‘ladi. Zotan, Ashuro so‘zining lug‘aviy ma’nosi «o‘ninchi kun» ekanligini avval ham aytib o‘tganmiz.

Demak, bu yil 31 avgustdan hijriy 1441 yil boshlanadi. Uning birinchi oyi Muharram oyi bo‘lib, Ramazon oyidan keyin eng hurmatli oy hisoblanadi. Ashuro kuni esa yuqoridagi hadisga muvofiq Muharram oyining o‘ninchi kunidir. Bunday ulkan imkoniyat Alloh taoloning biz – bandalariga qilgan fazl va marhamatidir.

Ashuro kuni (Muharramning 10-kuni)ning ro‘zasini 9-kuni bilan qo‘shib tutish sunnat amaldir. Faqat Ashuro kunining o‘zida ro‘za tutish makruhdir («Fatvoi Hindiya» kitobi).

Ashuro kunidan avval ham, keyin ham bir kun ro‘za tutish mustahab bo‘ladi («Fathul Qadir» kitobi).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim oila ahliga Ashuro kunida (oziq-ovqat, kiyim-kechakda va boshqa narsalarda) kengchilik qilsa, yilning qolganida Alloh unga kengchilik qiladi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Imom Sufyon as-Savriy hazratlari: «Biz ushbu hadisni amalda qo‘llab ko‘rdik va uning aytilganidek ekanligiga guvoh bo‘ldik,» – deganlar. Sufyon ibn Uyayna: «Biz buni 50-60 yil tajriba qilib ko‘rdik va faqatgina yaxshilik ko‘rdik», – deganlar.

Demak, Ashuro kuni bozorlik qilib, ro‘zg‘orini but qilib olsa, yilning qolgan oylari ham barakali bo‘lishi umid qilinadi. Bu yil Ashuro kuni 9 sentyabr dushanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Fazilatli oylardan bo‘lgan Muharramdagi har bir lahzani g‘animat bilaylik.

«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bu mo‘jizani kim inkor qila oladi?

10.01.2025   557   1 min.
Bu mo‘jizani kim inkor qila oladi?

 Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
 Agar u piri‌t (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!

Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:

وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا

"Ular: “Biz suyaklarga  va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).

Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.

Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?

Homidjon domla ISHMATBЕKOV