Maktab davrida ko'pchilik qizlar sevgi-muhabbat dardiga mubtalo bo'lishadi. Achinarlisi, bu “dard” yigit-qizlarni ilm olishdan chalg'itib qo'yadi. Undan ham yomoni ko'p holatlarda bu “muhabbat qissalari”ning oxiri xayrli bo'lmaydi.
Biz ham maktabda yukori sinflarda, undan keyin kollejda o'qigan paytimiz sinfimizdagi qizlarni so'rab keladigan yigitlar ko'p bo'lardi. Eng asabni buzadigani ularning dars mahalida, darsni bo'lib, qizlarni chaqirishlari edi. Bu ustozlarning ham jahlini chiqarardi. Lekin dugonalarim ichida hamma meni so'rab keladigan “sevgilim”ga havas qilishardi. Chunki ularni oxiri baribir tashlab ketadigan, yolg'onchi yigitlar so'rab kelishsa, meni so'rab keladiganim otam edilar.
Birorta dugonamning dadasi maktabga mening dadamchalik ko'p kelmasdi. Dadam tanaffus paytlari kelib meni maktabimiz tashqarisiga olib chiqar, jazirama kunlarda menga muzdek sharbatlar olib berardilar. Keyin qo'ng'iroq chalinishi bilan xarajatlarimga etarli pul berib maktabga kirgazib yuborardilar. Sinfga qo'limda pul va shirinliklar bilan kirib borarkanman, ko'pchilik dugonalarim menga havas ko'zlari bilan qarashardi.
Dugonalarim gohida o'zlari uchrashadigan yigitlarining sifatlarini, minadigan mashinalarini aytib maqtanib qolishardi. Shunday paytlarda men dadam haqlarida gapirib maqtanardim. Ular yigitlari haqida uydagilari bilib qolishidan doim qo'rquvda, ular haqida gapirishdan doim xavotirda yurishardi. Men esa, o'z “yigit”im haqida gapirishdan doim xotirjam edim. Qolaversa ular yigitlarini tashlab ketishidan qo'rqishardi. Men esa, doim yonimda bo'ladigan sadoqatli va vafodor “sevgilim” borligidan faxrlanardim. Men ulardan ko'ra o'zimni ancha baxtiyor his qilar edim.
Otam rahmatlikning elib-yugurishlari, menga bo'lgan e'tiborlari, g'amxo'rliklari sabab o'smirlik paytimda, to turmushga chiqib ketgunimcha biror yigitga qaramadim. Biror yigit bilan gaplashish haqida o'ylab ham ko'rganim yo'q. Yillar o'tib bildimki, otam hamma harakatlarini mening iffatimni, or-nomusimni saqlash uchun, meni chiroyli holatda turmushga berish uchun qilgan ekanlar. Hamma qizlarning ham otasi mening padarim kabi bo'lishini xohlardim...
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
«Hech shubha yo‘qki, Alloh taolo Toha va Yasiynni osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgan. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida, ushbu narsa nozil bo‘ladigan ummatga Tubo bo‘lsin! Ushbuni ko‘tarib yuradigan qalblarga Tubo bo‘lsin! Ushbu ila gapiradigan tillarga Tubo bo‘lsin!» degan».
Bag‘oviy rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatda ham Qur’oni Karimning fazli qanchalar ulug‘ligini ko‘rsatuvchi ma’nolar kelmoqda. Albatta, bunda ham Qur’oni Karimni o‘rganishga, qiroat qilishga va amal qilishga targ‘ib bor.
Ushbu hadisi sharifda Qur’oni Karim nozil bo‘ladigan ummatga, Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga va Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» bo‘lishi xabar qilinmoqda.
«Tubo» jannatning nomlaridan biri yoki jannatdagi daraxtning ismi yoxud saodat va yaxshilik ma’nolarini anglatadi. Bularning hammasi ahli Qur’onga va’da qilinmoqda.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Qur’oni Karimning fazilati ulug‘ ekani.
2. Alloh taolo Qur’oni Karimning Toha va Yasiyn suralarini osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgani.
3. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida u nozil bo‘ladigan ummatga havas qilganlari.
4. Qur’oni Karim nozil bo‘lgan ummat – Muhammad ummatiga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
5. Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
6. Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
Hadis va hayot,
“Qur’on fazilatlari” kitobidan.