Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Baxting kalitini boshqa shaxsning hamyoniga solishdan ehtiyot bo‘l!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar o‘zingning naqadar boy ekaningni his qilmoqchi bo‘lsang, o‘zing ichida turgan, pulga sotib olish mumkin bo‘lmagan ne’matlarni sanab ko‘r!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar sen tirikchilik uchun qiynalib mehnat qilayotgan, kamsitilayotgan keksa ayolni ko‘rsang, bilginki, sen uyatsizlar o‘lkasida yashayotgan ekansan.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ko‘plab dushmanlarni uchratdim. Ularning orasidagi eng xavflilari mening do‘stim ekanini da’vo qiladiganlaridir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Yoqimli so‘z chiroyli qushga o‘xshaydi. Tilingdan chiqishi bilanoq boshqalarning dillarida sayraydi.
“Fikr durdonalari”
*****
Daraxtga ozor beradigan narsa bolta emas, balki boltaning sopi o‘sha daraxtning shoxidan ekanidir.
“Fikr durdonalari”
*****
Donishmand aytdi: “Uch narsadan foyda yo‘q:
“Fikr durdonalari”
*****
Aqllar boshqalar bilan mashg‘ul bo‘lganda kichrayib, o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lganda kattalashadi.
“Fikr durdonalari”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi