Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Dunyodagi 10 ta eng zaharli jonzotlar

29.08.2019   7762   6 min.
Dunyodagi 10 ta eng zaharli jonzotlar

Dunyo go‘zal hayvonlar va hasharotlarga to‘la, ammo ularning go‘zalliklari ortida insonlarga va boshqa jonzotlarga nisbatan o‘lim xavfi yashirindir. Ko‘pchiligimiz dunyoda eng halokatli hayvonlar qaysilar ekanini bilmasligimiz mumkin. Keling, dunyodagi eng zaharli jonzotlarning o‘ntasi bilan tanishib chiqaylik. Ro‘yxatni “10-o‘rindan 1-o‘ringa” uslubida berdik.

Toshbaliq

Toshbaliq – baliqlarning eng zaharli turidir. Yirtqichlardan himoyalanish uchun ishlab chiqariladigan zahar baliqning umurtqa pog‘onasida joylashgandir. Ushbu baliqning zahari shok, falajlik va to‘qimalar o‘lishi bilan kechuvchi kuchli og‘riqni keltirib chiqaradi. Agar o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, oqibati halokatli bo‘lishi mumkin.

Marmarli chig‘anoq – konus

Dengiz chig‘anoqlari ichida eng xavflisi marmarli chig‘anoq – konusdir. U tashqaridan chiroyli ko‘rinib, o‘ziga jalb qiladi. Biroq zaharining bir tomchisi 20 ta odamning o‘limiga sabab bo‘ladi. Ushbu chig‘anoqning chaqishi sababli kuchli og‘riq, shish, uyquchanlik, oxir-oqibatda falajlik va kislorod yetishmasligi yuz beradi. Uning zahariga qarshi chora topilmagan.

Bananli o‘rgimchak

Bu hasharot juda ko‘p o‘limga sabab bo‘ladigan, o‘ta zaharli jonzotlardan biridir. O‘rgimchak ko‘p hollarda harakatda bo‘ladi va ko‘pincha uylarga hamda mashinalarga kirib oladi. Braziliya banan o‘rgimchagi o‘ta zaharli bo‘lishi bilan birga juda tajovuzkordir. Bu o‘rgimchak banan ichiga tuxum qo‘yishni afzal ko‘radi va shu tariqa butun dunyo bo‘ylab tarqaladi. Ko‘pincha 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar ushbu o‘rgimchak qurboniga aylanadilar.

Moviy halqasimon sakkizoyoq

Ushbu dengiz jonivori Avstraliyaning qirg‘oqbo‘yi suvlarida yashaydi. U golf koptogi kattaligidek bo‘lib, zahari shu qadar kuchliki, bir necha daqiqada taxminan 25 nafar o‘rta yoshli kishilarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar sakkizoyoq chaqishidan keyin darhol tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, jabrlangan odam uyqusiray boshlaydi, gapirish va ko‘rish qobiliyati buziladi. Nafas olish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi. Undan keyin vaziyat to‘liq falajlik va o‘lim bilan yakun topishi mumkin.

Qora beva

Qora beva – juda xavfli o‘rgimchakdir. Ushbu o‘rgimchakning bir gramm zahari o‘rta yoshli 10 kishining o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar darhol tibbiyo tez yordam ko‘rsatilmasa, bir sutka ichida inson halok bo‘lishi mumkin. Bu o‘rgimchakning urg‘ochisi o‘ta zaharli bo‘ladi.

Drevolaz qurbaqasi

Drevolaz qurbaqasining kattaligi atigi 5 santimetr bo‘lsa-da, ammo u eng zaharli jonzotlardandir. U Markaziy va Janubiy Amerikaning yomg‘irli nam o‘rmonlarida yashaydi. Tashqi ko‘rinishi rangbarang, o‘ziga tortadigan bo‘lgani bilan aslida uning zahari 15-20 nafar o‘rta yoshdagi kishilarning halokatiga sabab bo‘lishi mumkin. Zaharni qurbaqaning terisi ishlab chiqaradi. Qadim zamonlarda mahalliy qabilalar bu zahardan o‘qlarning uchlariga surtishda foydalanishgan ekan.

Taypan

Taypan yoki shafqatsiz ilon – ilonlarning eng zaharlisi bo‘lib, oddiy kobraga qaraganda uning zahari 300-400 marta kuchli. Uning zahari tufayli 100 nafar o‘rta yoshdagi kishi halok bo‘lishi mumkin. Agar ushbu ilon chaqishidan so‘ng darhol zaharga qarshi chora ko‘rilmasa, jabrlangan kishi 45 daqiqa ichida vafot etishi mumkin.

Leyurus chayoni

Ko‘pincha chayonlarning zahari o‘limga olib kelmay, og‘riq, uyqu chaqiruvchi va shishga sabab bo‘luvchi bo‘ladi. Biroq o‘ta xavfli turdagi chayonlar ham bor. Bu leyurus chayonidir. Uning zahari chidab bo‘lmas og‘riq, isitma, koma, falajlik va o‘limga olib keluvchi kuchli neyrotoksindir.

Qirollik kobrasi

U sayyoradagi eng zaharli ilon hisoblanmasada, ammo uning bir chaqishi bitta odamning halok bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki u birdaniga ko‘p zahar chiqarish xususiyatiga ega. O‘zidan ana shunday ko‘p zahar chiqargan paytda filning halokatiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu ilon boshqa ilonlarni ham yeyishi mumkin. Uning yashash va ov qilish hududi – Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyodir.

Kubomeduza

Osiyo va Avstraliyaning dengiz suvlarida eng xavfli jonzotlardan biri – kubomeduza yashaydi. U kub shaklida bo‘lgani uchun shu nomni olgan. Uzunligi 15 santimetrga yetadigan paypaslagichlar ichidagi hujayralar «kuydiruvchi» suyuqlik — zahar ishlab chiqaradi. Paypaslagichlar meduza tanasidagi to‘rtta burchakning har birida taxminan 15 tadan joylashgan. Uning zahari dunyodagi har qanday ilonnikidan kuchli ekan. Payraslagichlarga tegib ketgan odamning asab tolalari neyrotoksinlar bilan shikastlanadi. Teri, to‘qimalar buzilishi, qon tomirlar orqali yurakni ishdan chiqarishi natijasida inson qisqa muddatda halok bo‘lishi mumkin. Uning zahari 4 daqiqa ichida 60 ta odamni zaharlashga yetar ekan. Meduza juda jozibali ko‘rinadi. Ammo bu joziba ortida juda dahshatli xatar bor. Uning chaqishi shu qadar kuchliki, cho‘milayotgan odam uning zaharidan jabrlansa, darhol cho‘ka boshlaydi yoki yuragi qattiq shok va og‘riqdan to‘xtaydi. Agar meduza chaqqanidan keyin darhol ta’sirlangan joy sirka kislotasi bilan muolaja qilinsa, u holda odam omon qolishi mumkin.

 

Alloh taolo barcha ishni hikmat bilan qiladi. U Zot hikmatsiz biror ish qilishdan pokdir! Zikr qilingan jonzotlarni ham U Zot ulkan hikmat bilan yaratgandir. Ularning har birini o‘z muhitiga moslab, himoyalanish a’zolari bilan yaratgan. Zahar chiqarish ana shu himoyalanish vositasidir. Ular zahar orqali ov qiladi, dushmanlaridan qutulib qoladi. Nimani yaratish, qachon va qayerda yaratish, qanday shaklda yaratishni Alloh taoloning O‘zi biladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

وَرَبُّكَ يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ وَيَخْتَارُ

“Rabbingiz O‘zi istagan narsani yaratur va (xohlagan ishni) ixtiyor qilur” (Qasas surasi 68-oyat).

Alloh taolo barchamizga yaratgan narsalari borasida tafakkur qilib, iymonimiz nuri yanada ziyoda bo‘lishini nasib etsin!

 

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

28.04.2025   1748   3 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori jahon ilmiy jamoatchiligi, ayniqsa turkiy davlatlarda alohida quvonch va xursandchilik bilan kutib olinmoqda.

Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.

Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.  

Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.

Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.

Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.

O‘zA

MAQOLA