Har tong farzandini ishga kuzatayotib, qo‘llarini duoga ochib qolayotgan, farzandi ishdan qaytadigan vaqt bo‘lganda ostonaga chiqib olib, uni ko‘zlari nigoron bo‘lib kutib o‘tiradigan, qaytganida qalbi quvonchga to‘lib quchoq ochib kutib oladigan ota-ona;
Ne-ne orzular bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan jufti halolini tongda ishga kuzatib, kechgacha vaqti-vaqti bilan uning uydagi kiyimlarini hidlab-hidlab qo‘yayotgan, eri ishdan qaytishiga shirin taomlar pishirib, chiroyli kiyimlarini kiyib, atir-upalar surayotgan baxtiyor ayol;
Erta tongda uyquli ko‘zlari bilan otasining pinjiga kirib yotib oladigan, otasi ishga jo‘nayotganda jajji qo‘lchalarini silkib xayrlashib qolayotgan, kechqurun qaytganda esa o‘zini quchog‘iga otib kun davomida uni qanday sog‘inganini ta’riflab berayotgan jajji bolakay;
Ukamning ro‘zg‘oridan xabar olib kelay, tinch o‘tiribdimikan, yeyish-ichishdan qiynalib qolmadimikan, degan ezgu niyatli akalar;
Akamning uyiga bir kirib o‘tay, biror xizmati bo‘lsa qarashib yuboray, degan samimiyatli ukalar;
Sigirining oqligidan orttirib, ukasining ro‘zg‘origa olib keluvchi mehribon opalar;
Akasining uyini supurib-sidirishda yangasiga yordamga oshiquvchi mushfiqa singillar;
Har doim birga ishlaydigan, fikr almashadigan, ziyoratlarga, sayohatlarga birga boradigan, har doim yonida ekanini, taftini his qilib turadigan sodiq do‘st;
Tansiqroq taom pishirsa, ilinadigan, kechqurunlari toza havoga sayrga chiqqanda dilkash suhbatlar quradigan, yaxshi-yomon kunlarda sevinchingizga sherik, qayg‘ungizga hamdard bo‘ladigan xushfe’l qo‘ni-qo‘shnilar, mehribon qavmu qarindoshlar...
Agar biror kishi qandaydir sabab bilan panjara ortiga o‘tib qolsa, ana shularning hammasining boshi egilib, ko‘ziga dunyo tor bo‘lib qoladi.
Muhtaram Prezidentimizning eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligi e’lon qilinganining 28 yilligini nishonlash arafasida e’lon qilingan "Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi Farmonni imzolagani va shu Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga asosan, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaro afv etilishi, qarang, qancha insonlarning baxtini, baxtiyorligini qaytarib berdi. Buni go‘yoki to‘xtab qolgan hayot aravasi birdaniga yurib ketganiga, so‘lib qolgan chechaklar qaytadan barq urib ketganiga mengzasa bo‘ladi.
Binobarin, Alloh taolo aytadi: “...(har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshagan yomonlikdir (ya’ni har bir yomonlikning o‘ziga yarasha jazosi bordir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo‘lgani holda) afv qilib (o‘rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zulm qilguvchilarni sevmas” (Sho‘ro, 40).
Prezidentimizning ushbu farmoni ana shu oyati karimaga muvofiqdir. Adashgani oqibatida xalqimizga, davlatimizga nisbatan yomonlik qilgan kishilarga o‘zlarining yomonliklariga munosib tarzda javob qaytarish imkoni yuz chandon bo‘lib turgan pallada ular afv etildi. Buning uchun afv etuvchiga Alloh taoloning ajri bor.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasining har biri ham gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari, qilgan gunohlariga tavba qiladiganlaridir”, deb marhamat qilganlar.
Hadisi sharifdan gunoh qiluvchilarning eng yaxshilari qilgan gunohlariga tavba qiluvchilar ekani ayon bo‘lmoqda. Shunday ekan, adashib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolgan, bugungi kunda o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri xulosa chiqarib olgan fuqarolarni kechirish qanchalar fazilatli ish. Zotan, Vatanimizda olib borilayotgan islohotlarda avvalambor inson manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etayotgani ham ana shu farmonda o‘z in’ikosini topgan. Zero, islohotlarning asosiy maqsadi butun jamiyatning kuch va imkoniyatlarini xalqimiz farovonligi yo‘lida birlashtirish hamda shu orqali barcha yurtdoshlarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, davlatimizning jahon sahnasidagi mavqeini yana yuksaltirishdan iboratdir.
Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.
Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.
Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat)
Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)
Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.
Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.
Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.
Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!
Abduqahhor domla Yunusov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi