Ma’lumki, har yili an’anaviy tarzda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan imomlar o‘rtasida “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovi o‘tkazib kelinadi.
27 avgust kuni Marg‘ilon shahridagi “Saidjalolxon to‘ra” masjidida mazkur tanlovning Farg‘ona viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning birinchi – shahar-tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 19 nafar imom-xatib va imom noiblari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar o‘zlari tanlagan biletlarda belgilangan Qur’oni karim, tajvid, tafsir, hadis, aqoid va fiqh ilmiga doir savollarga egallagan bilimlaridan kelib chiqib javob berdilar. Ishtirokchilarning chiqishi hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Marg‘ilon shahridagi “Saidjalolxon to‘ra” masjidi imom-xatibi Yunusxon Mamarasulov 1-o‘rinni, Qo‘shtepa tumanidagi “Sarmazor” masjidi imom noibi Xayrulloh Karimov 2-o‘rinni hamda Dang‘ara tumani “Oqtepa” masjidi imom-xatibi Otabek Ahmedov 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Birinchi o‘rin sohibi Yunusxon Mamarasulov tanlovaning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, tanlovga hamohang ravishda turli nominatsiyalar bo‘yicha masjidlarda faol xizmat ko‘rsatib kelayotgan xodimlar taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati