MUHARRAM OYI
Hijriy yilimizni boshlab beruvchi muharram oyining nomi lug‘atda «hurmatlanuvchi», «ulug‘lanuvchi» degan ma’nolarni anglatadi. Bu oy hijriy sananing boshi bo‘lgani, urushlar harom bo‘lgani, o‘ninchi kuni Ashuro kuni bo‘lgani uchun muhtaramdir, muharramdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muharram oyidagi ro‘zani Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za deganlar, Ramazondan keyin ro‘za tutilsa, muharramda tutish afzalligini aytib, «U Shahrullohdir (Allohning oyidir). Alloh shu oyda bir qavmning tavbasini qabul qilgan, boshqa qavmlarning ham tavbasini qabul qiladi», deganlar.
ASHURO KUNI
«Ashuro» so‘zi lug‘atda «o‘ninchi» degan ma’noni bildiradi. Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhurdir. Bu kun barcha ummatlar tomonidan qadimdan hurmatlab kelinadigan fazilatli kundir. Islom kirib kelgan davrda nasroniylar ham, yahudiylar ham bu kunni ulug‘lashardi. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham Ashuro kuni ro‘za tutganlar, sahobalariga ham ro‘za tutishni buyurganlar. Buni eshitgan ba’zi sahobalar bu kunni boshqa din vakillari ham ulug‘lashini eslatishgan, shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Unday bo‘lsa, kelasi yili muharram oyining faqat o‘ninchi kunida emas, to‘qqizinchi kunida ham ro‘za tutamiz», dedilar. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutadilar.
Ashuro kunining ro‘zasi nihoyatda fazilatli nafl ibodatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Umid qilamanki, Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan yilning gunohlariga kafforot bo‘ladi», deganlar.
Ashuro kunining yana bir ajoyib fazilati, xislati bor. Mo‘min-musulmonlar bu kunlari ro‘zg‘orni but qilib qo‘yishlari sunnatdir.
Oila a’zolari uchun odatdagidan keng-mo‘l sarf-xarajat qilsa, Alloh taolo bu kunning hurmatidan unga yil bo‘yi kenglik qilib beradi.
Imom Tobaroniy va Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi», deganlar.
Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro deb nomlanishi haqida alloma Qozi Iyoz rahmatullohi alayh o‘zlarining «Mashoriqul anvor» asarlarida bayon qilib, johiliyat kishilarining tilida «fo’ulo» vazni ishlatilmagan, deydilar. Binobarin, bu kunning Ashuro deb nomlanishi Islom dini bilan bog‘liqdir.
Ashuro kunida insoniyat tarixidagi juda ko‘p muhim voqealar sodir bo‘lganligi haqida manbalarda bayon qilingan. Jumladan, vatandoshimiz Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh o‘zlarining «Tanbihul g‘ofilin» nomli kitoblarida Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: «Ashuro kuni Odam alayhissalomning tavbalari qabul qilingan, Nuh alayhissalom kemadan tushib, buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir’avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan va shuning uchun ular ro‘za tutgan kundir. Sen ham o‘sha kuni ro‘za tutishga qodir bo‘lsang, albatta tutgin».
Demak, inson biror ulug‘ ne’matga musharraf bo‘lsa, buning shukronasiga hech bo‘lmasa bir kun nafl ro‘za tutmog‘i maqsadga muvofiqdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haftaning har dushanba kuni nafl ro‘za tutar edilar. Sahobalar buning sababini so‘raganlarida: «Men shu kunda tug‘ilganman, shu kuni payg‘ambar bo‘lganman», deb javob berganlar.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Men va mendan oldingi payg‘ambarlarning Arafot maydonida qilgan eng ko‘p duolari:
لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ
O‘qilishi: "Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu. Lahul mulku va lahul hamdu biyadihil xoyru va huva ’alaa kulli shayin qodiyr".
Ma’nosi: "Yagona Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Uning sherigi yo‘q. Mulk ham, barcha maqtovlar ham Unga xosdir. Barcha yaxshiliklar Uning qo‘lidadir. U har bir narsaga qodirdir".
اللَّهُمَّ اجْعَل فى قَلبى نُوراً وفى صَدْرى نُوراً وفى سَمْعى نُوراً وفى بَصَرى نُوراً اللَّهُمَّ اشْرَحْ لى صَدْرِى ويَسِّرْ لى أَمْرى وأعُوذُ بِكَ مِنْ وَسْاوسِ الصَّدْرِ وشَتَات الأمْر وفِتْنةِ القَبْرِ اللَّهُمَّ إنى أعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ ما يَلِجُ فى اللَّيْل وشَرِّ ما يَلِجُ فى النَّهارِ وشَرِّ مَا تَهُبُّ بِهِ الرِّياحُ وشَرِّ بَوائِق الدَّهْر.
O‘qilishi: "Allohumma, ij’al fii qolbiy nuron va fiy sodriy nuron va fiy sam’iy nuron va fiy basoriy nuron. Allohumma, ishroh liy sodriy va yassir liy amriy va a’uuzu bika min vasvaasis-sodri va shataatil-amri va fitnatil-qobri. Allohumma, inniy a’uuzu bika min sharri maa yaliju fil-layli va sharri maa yaliju fin-nahaari va sharri maa tahubbu bihir-riyaaahu va sharri bavoiqid-dahr" (G‘uniyatun nosik).
Ma’nosi: "Allohim qalbimni, ko‘ksimni, quloqlarimni va ko‘zlarimni nurga to‘ldir. Allohim! Qalbimni ochgin, har ishimni oson qilgin.Allohim! Sendan ko‘ksimdagi vasvasalardan, ishlarimning parokandaligidan, qabr fitnasidan panoh so‘rayman.
Allohim, tunda va kunduzi bo‘ladigan narsalarning yomonligidan, ustidan shamol esgan narsalarning yomonligidan, zamona halokatining yomonligidan O‘zingdan panoh so‘rayman".
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
Davron NURMUHAMMAD