MUHARRAM OYI
Hijriy yilimizni boshlab beruvchi muharram oyining nomi lug‘atda «hurmatlanuvchi», «ulug‘lanuvchi» degan ma’nolarni anglatadi. Bu oy hijriy sananing boshi bo‘lgani, urushlar harom bo‘lgani, o‘ninchi kuni Ashuro kuni bo‘lgani uchun muhtaramdir, muharramdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muharram oyidagi ro‘zani Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za deganlar, Ramazondan keyin ro‘za tutilsa, muharramda tutish afzalligini aytib, «U Shahrullohdir (Allohning oyidir). Alloh shu oyda bir qavmning tavbasini qabul qilgan, boshqa qavmlarning ham tavbasini qabul qiladi», deganlar.
ASHURO KUNI
«Ashuro» so‘zi lug‘atda «o‘ninchi» degan ma’noni bildiradi. Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhurdir. Bu kun barcha ummatlar tomonidan qadimdan hurmatlab kelinadigan fazilatli kundir. Islom kirib kelgan davrda nasroniylar ham, yahudiylar ham bu kunni ulug‘lashardi. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham Ashuro kuni ro‘za tutganlar, sahobalariga ham ro‘za tutishni buyurganlar. Buni eshitgan ba’zi sahobalar bu kunni boshqa din vakillari ham ulug‘lashini eslatishgan, shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Unday bo‘lsa, kelasi yili muharram oyining faqat o‘ninchi kunida emas, to‘qqizinchi kunida ham ro‘za tutamiz», dedilar. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutadilar.
Ashuro kunining ro‘zasi nihoyatda fazilatli nafl ibodatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Umid qilamanki, Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan yilning gunohlariga kafforot bo‘ladi», deganlar.
Ashuro kunining yana bir ajoyib fazilati, xislati bor. Mo‘min-musulmonlar bu kunlari ro‘zg‘orni but qilib qo‘yishlari sunnatdir.
Oila a’zolari uchun odatdagidan keng-mo‘l sarf-xarajat qilsa, Alloh taolo bu kunning hurmatidan unga yil bo‘yi kenglik qilib beradi.
Imom Tobaroniy va Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi», deganlar.
Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro deb nomlanishi haqida alloma Qozi Iyoz rahmatullohi alayh o‘zlarining «Mashoriqul anvor» asarlarida bayon qilib, johiliyat kishilarining tilida «fo’ulo» vazni ishlatilmagan, deydilar. Binobarin, bu kunning Ashuro deb nomlanishi Islom dini bilan bog‘liqdir.
Ashuro kunida insoniyat tarixidagi juda ko‘p muhim voqealar sodir bo‘lganligi haqida manbalarda bayon qilingan. Jumladan, vatandoshimiz Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh o‘zlarining «Tanbihul g‘ofilin» nomli kitoblarida Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: «Ashuro kuni Odam alayhissalomning tavbalari qabul qilingan, Nuh alayhissalom kemadan tushib, buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir’avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan va shuning uchun ular ro‘za tutgan kundir. Sen ham o‘sha kuni ro‘za tutishga qodir bo‘lsang, albatta tutgin».
Demak, inson biror ulug‘ ne’matga musharraf bo‘lsa, buning shukronasiga hech bo‘lmasa bir kun nafl ro‘za tutmog‘i maqsadga muvofiqdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haftaning har dushanba kuni nafl ro‘za tutar edilar. Sahobalar buning sababini so‘raganlarida: «Men shu kunda tug‘ilganman, shu kuni payg‘ambar bo‘lganman», deb javob berganlar.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.
Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.
Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat)
Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)
Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.
Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.
Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.
Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!
Abduqahhor domla Yunusov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi