Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Allohning rahmati keng

27.08.2019   3496   7 min.
Allohning rahmati keng

Biz mo‘minlar shunday saodatli ummatmizki, Alloh taolo O‘zining rahmatini keng qilib, mag‘firat eshiklarini biz uchun ochib qo‘ygan. Bunga quyidagi oyat dalolat qiladi. Alloh taolo O‘z suyukli Payg‘ambariga shunday amr qilgan:

“Mening o‘z nafslariga zulm qilgan bandalarimga: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar! Albatta Alloh (O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qiladi”, deb ayting” (Zumar, 53).

Ushbu oyat ma’nosiga ko‘ra, banda bilmay turib biron gunoh ish qilib qo‘yib, ketidan chin dildan istig‘for aytsa va o‘sha ishni qayta qilmaslikka qat’iy qaror qilsa, garchi uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham, Alloh taolo u bandaning gunohlarini O‘z rahmati ila kechirib yuboradi. Zero, Allohning rahmati kengdir.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “O‘z nafslariga zulm qilgan bandalarimga... ayting oyati Makka mushriklari haqida nozil bo‘lgan” (Ibn Jarir va Ibn Abu Hotim  rivoyati).

Ato ibn Yasor aytadi: “Bu uch oyat – “o‘z nafslariga zulm qilgan bandalarimga... ayting”dan “o‘zlaringiz sezmagan holingizda”gacha (Zumar, 55) – Madinada Vahshiy va uning do‘stlari haqida nozil bo‘lgan” (Ibn Jarir rivoyati).

Abu Saiddan rivoyat qilinadi: “Vahshiy musulmon bo‘lganida Alloh taolo “ular Alloh bilan birga boshqa ilohga duo-iltijo qilmaydilar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaydilar” oyatini nozil qildi. Shunda Vahshiy va uning hamrohlari: “Biz oldin bu gunohlarning hammasini qilganmiz-ku?!” deyishdi. Shunda Alloh taolo “o‘z nafslariga zulm qilgan bandalarimga... ayting” oyatini nozil qildi” (Ibn Abu Hotim  va Ibn Mardavayh rivoyat qilgan).

Savbon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Dunyo va undagi bor narsadan ko‘ra menga ushbu oyat – o‘z nafslariga zulm qilgan bandalarimga... ayting – oyati afzaldir”, deganlarida, bir kishi: “Ey Rasululloh, qaysi bir inson shirk keltirsa ham (Alloh uning gunohlarini kechirib yuboraveradimi?)” deb so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam indamadilar va keyin: “Yo‘q, faqat shirk keltirgan(larning gunohi kechirilmaydi)”, deb uch marta aytdilar” (Ahmad, Ibn Jarir, Bayhaqiy, Ibn Abu Hotim, Ibn Mardavayh rivoyati).

Albatta, Allohning rahmat-mag‘firatiga sazovor bo‘lish o‘tkinchi dunyo ashyolariga erishishdan ko‘ra yaxshiroq. Ammo buning uchun shirk deb atalmish illatdan salomat bo‘lib, mo‘min holida yashash va mo‘min holida Allohning dargohiga borish kerak.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday degan: “Ushbu oyat Qur’oni karimdagi eng umidbaxsh oyatlardan biridir”.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam kulishib o‘tirgan bir guruh sahobalar oldiga chiqib, “nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, sizlar men bilgan narsalarni bilganingizda, kam kulib, ko‘p yig‘lar edingiz”, dedilar va ketdilar. Shunda qavm yig‘lay boshladi. Alloh u zotga vahiy qilib, “ey Muhammad, bandalarimni noumid qilma!” dedi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam ortlariga qaytib bordilar va: “Xursand bo‘linglar, yaqin bo‘linglar va to‘g‘ri bo‘linglar!” dedilar” (Buxoriy “Al-adabul-mufrad”da rivoyat qilgan).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu odamlarga va’z-nasihat qilayotgan kishini ko‘rib, unga: “Ey odamlarga va’z aytuvchi, sen bandalarni Allohning rahmatidan hech qachon noumid qilma”, deb “o‘z nafslariga zulm qilgan bandalarimga... ayting” oyatini tilovat qildi. (Bayhaqiy, Tabaroniy, Ibn Jarir, Ibn Abu Hotim , Ibn Abu Shayba, Abd ibn Humayd, Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Odamlarni Alloh taoloning rahmatidan noumid qilmagan, ularning ma’siyatga botishlariga ruxsat berib qo‘ymagan, ularni Allohning azobidan omonda qilib qo‘ymagan, boshqa narsadan ta’ma qilib Qur’onni tashlab qo‘ymagan faqih haqiqiy faqihdir. Zero, ilm yo‘q ibodatda yaxshilik yo‘q, tushunish bo‘lmagan ilm ilm emas, tadabbur bo‘lmagan qiroat qiroat emas” (Ibn Zurays va Abulqassom ibn Bashir rivoyati).

Zayd ibn Aslam roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, o‘tgan ummatlarda bir kishi juda ko‘p ibodat qilardi, hatto o‘ziga og‘ir ham qilib qo‘yardi. Ammo va’z-nasihat qilsa, odamlarni Alloh taolo rahmatidan noumid qilardi. U vafot etdi va: “Ey Parvardigor, men uchun Sening huzuringda nima bor?” dedi. U Zot: “Jahannam”, dedi. Shunda banda: “Shuncha qilgan ibodatim va harakatlarim qayerda qoldi?!” dedi. Shunda unga: “Sen odamlarni Mening rahmatimdan noumid qilarding. Bugun Men ham seni rahmatimdan noumid qilman!” deyildi” (Abdurazzoq va Ibn Munzir rivoyati).

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar sizlar gunoh qilmasangiz, Alloh gunoh qiladigan bir qavmni yaratadi va ularni mag‘firat qiladi”, deb aytganlarini eshitganman” (Muslim va Ibn Abu Shayba rivoyati).

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar yeru osmonni to‘ldirib yuboradigan darajada (ko‘p) gunoh qilsalaringiz, keyin Allohga istig‘for aytsangiz, U Zot (gunohlaringizni) albatta kechiradi. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar gunoh qilmasangiz, Alloh gunoh qiluvchi (boshqa) qavmni keltiradi. So‘ng ular istig‘for aytadilar va Alloh ular(ning gunohlari)ni kechirib yuboradi”, dedilar” (Ahmad, Abu Ya’lo va Ziyo Maqdisiy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan, avvalambor, Allohning mag‘firati ulug‘ligi va U Zot bandalariga mehribon ekani, ikkinchidan, xato-gunoh ishlarni qilish inson tabiatiga xosligi, shuningdek, kishi bir xatoga bexosdan yo‘l qo‘yganida darrov o‘zini o‘nglab, xatosi uchun pushaymon bo‘lishi va Allohga ko‘p istig‘for aytishi lozimligini bilib olamiz.

Agar kishi biron ma’siyat ishni qilib qo‘ygach, afsus-nadomat cheksa, Alloh ana o‘sha bandani yaxshi ko‘radi, gunohini tan olmay, kibr-havo qilgan kimsalardan esa g‘azablanadi. Ushbu ma’nodagi hadisni Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan:

“Darhaqiqat, Alloh taolo biron gunohni bexosdan sodir etib, so‘ngra muttasil tavba qiluvchi bandasini yaxshi ko‘radi” (Ahmad, Abu Ya’lo va Bayhaqiy rivoyati).

Demak, bizlar birinchi navbatda, Alloh taologa osiy bo‘lmaslikka harakat qilishimiz, agar nogahon shunday holat yuz bergan taqdirda darrov Ulug‘ va Mehribon Parvardigorimizga iltijo qilib, xatolarimizga pushaymon bo‘lishimiz lozim ekan. Shunda ham gunohlardan forig‘ bo‘lamiz, ham Allohning roziligiga erishamiz.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li,

Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   2572   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari