Yangi hijriy 1441 yil milodiy 2019 yil 31 avgustdan boshlanadi. Uning birinchi oyi Muharram bo‘lib, Ramazon oyidan keyin eng hurmatli oy hisoblanadi. Ashuro kuni esa Muharram oyining o‘ninchi kunidir. Muharram oyi va unda ro‘za tutishning fazilati haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadis rivoyat qilingan. Jumladan:
"أَفْضَلُ الصِّيَامِ بَعْدَ رَمَضَانَ شَهْرُ اللهِ الْمُحَرَّمُ" (رَوَاهُ الْاِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazondan keyin ro‘zalarning afzali Allohning oyi Muharram (ro‘zasi)dir” (Imom Muslim rivoyati). Yana bir hadisda shunday marhamat qilingan:
"صِيَامُ يَوْمِ عَاشُورَاءَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ " (رَوَاهُ الْاَمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي قَتَادَةَ).
ya’ni: Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kuni ro‘zasi (sababli) Alloh o‘tgan yilgi gunohlarni kechirishini umid qilaman” (Imom Termiziy rivoyati).
Bunday ulkan imkoniyat Alloh taoloning biz – bandalariga qilgan fazl va marhamatidir.
Ashuro kuni (Muharramning 10-kuni)ning ro‘zasini 9-kuni bilan qo‘shib tutish sunnat amaldir. Faqat Ashuro kunining o‘zida ro‘za tutish makruhdir (“Fatvoi Hindiya” kitobi).
Ashuro kunidan avval ham, keyin ham bir kun ro‘za tutish mustahab bo‘ladi (“Fathul Qadir” kitobi).
Ashuro kuni oila ahliga kengchilik qilish borasida hadisi sharifda shunday deganlar:
"مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ فِي سَائِرِ سَنَتِهِ (َروَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ عَنْ عَبْدِ اللهِ ابْنِ مَسْعُودٍ).
ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim oila ahliga Ashuro kunida (oziq-ovqat, kiyim-kechakda va boshqa narsalarda) kengchilik qilsa, yilning qolganida Alloh unga kengchilik qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imom Sufyon as-Savriy hazratlari: “Biz ushbu hadisni amalda qo‘llab ko‘rdik va uning aytilganidek ekanligiga guvoh bo‘ldik,” – deganlar. Sufyon ibn Uyayna: “Biz buni 50-60 yil tajriba qilib ko‘rdik va faqatgina yaxshilik ko‘rdik”, – degan.
Demak, Ashuro kuni bozorlik qilib, ro‘zg‘orini but qilib olsa, yilning qolgan oylari ham barakali bo‘lishi umid qilinadi. Bu yil Ashuro kuni 9 sentyabr dushanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.
Fazilatli oylardan bo‘lgan Muharramdagi har bir lahzani g‘animat bilaylik. Yangi hijriy yil yurtimiz, xalqimiz, oilamiz uchun tinchlik, xotirjamlik, xayrlik, barakali yili bo‘lishini Alloh taolo nasib aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati.
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati