26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyatidagi Hadis ilmi maktabida yangi 2019-2020 o‘quv yiliga tayyorgarlik, talabalar va pedagog-o‘qituvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida ushbu oliy ta’lim muassasasiga tashrif buyurdilar.
Muhtaram Prezidentimiz shu yilning 11 yanvar kuni yangi maktab bilan tanishib, bu yerda talabalarga Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va boshqa buyuk allomalarimiz asarlarini puxta o‘rgatish borasida alohida to‘xtalgan edilar.
Shu munosabat bilan tashrif chog‘ida muftiy hazratlari Oliy maktab kafedralari faoliyati, o‘quv xonalari, kutubxona va ta’lim-tarbiya jarayonlarini olib borishning eng zamonaviy uslublari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, elektron portal, xorijiy professor o‘qituvchilar va yurtimizdagi Islom ulamolari o‘tadigan dars mashg‘ulotlarini yozib borish, onlayn darslar o‘tkazish maqsadida tashkil etilayotgan multimediya bo‘limining tashkiliy ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Bundan tashqari, kutubxonani zaruriy adabiyot va darsliklar bilan ta’minlanishi, xorijiy mamlakatlardan keltirilgan kitoblar hamda o‘quv reja va dasturlar, shuningdek xorijiy davlatlardagi Islom oliy ta’lim institutlari, professor-o‘qituvchilar va ulamolardan olingan taqrizlar, taklif va tavsiyalar ko‘rib chiqildi.
Tashrif chog‘ida maktabda ta’lim sifati, o‘quv darsliklari turlari, xorijiy va mahalliy o‘qituvchilarga hamda talabalarga yanada qulayliklar tashkil etish bo‘yicha muftiy hazratlari muhim tavsiyalar berdilar.





O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati