Britaniyalik astronom olim Jeyms Jins hindistonlik musulmon alloma Inoyatulloh Mashriqiyning إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاء (“Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar”) oyatini tilovat qilganini eshitganda, dodlab yubordi va:
“Nima? Nima deyapsan? Allohdan faqat olimlar qo‘rqadilar? Ajablanarli! Juda ajoyib-ku! Axir bu (ya’ni, Allohdan faqat olimlar qo‘rqishi) ellik yillik izlanishlarim natijasida aniqlagan narsam-ku! Muhammadga bu haqiqatning xabarini kim bergan? Ushbu oyat rostdan ham Qur’onda bormi? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, unda men guvohlik beramanki, albatta, Qur’on Allohning huzuridan unga (Muhammadga) vahiy qilingan kitobdir!” dedi.
Xo‘sh, Inoyatulloh kim edi?
Alloma Inoyatulloh Mashriqiy 1888 yilda Hindistonning Amritsar shahrida tug‘ilgan. U 18-19 yoshlarida matematika fani bo‘yicha magistrlik diplomiga ega bo‘ladi. U Islom olimi, matematik va siyosatshunos sifatida faoliyat yuritadi.
Olim 30 yoshga yetganda, Qur’oni Karimni aniq va tabiiy fanlardan foydalanib tafsir qilishga kirishadi va 36 yoshida tafsir kitobining birinchi jildini yakuniga yetkazadi. Ishni bitirgach, Nobel mukofotini berish bo‘yicha hay’at uni ham Nobel mukofotiga nomzodlar ro‘yxatiga kiritadi. Mukofotni berish uchun yozgan tafsirini ingliz yoki fransuz tiliga tarjima qilishini shart qilib qo‘yishadi. U tafsirni urdu tilida amalga oshirgan edi. Olim hay’atning shartini eshitgach, «Urdu tilini hurmat qilmaydigan mukofotni olishni istamayman» deya uni olishdan bosh tortadi.
1963 yilda Pokistonning Lahor shahrida vafot etgan.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Mir Arab oliy madrasasi Ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i Mustafo domla Xodjayevning otalari vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Mustafo domla Xodjayevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz