Britaniyalik astronom olim Jeyms Jins hindistonlik musulmon alloma Inoyatulloh Mashriqiyning إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاء (“Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar”) oyatini tilovat qilganini eshitganda, dodlab yubordi va:
“Nima? Nima deyapsan? Allohdan faqat olimlar qo‘rqadilar? Ajablanarli! Juda ajoyib-ku! Axir bu (ya’ni, Allohdan faqat olimlar qo‘rqishi) ellik yillik izlanishlarim natijasida aniqlagan narsam-ku! Muhammadga bu haqiqatning xabarini kim bergan? Ushbu oyat rostdan ham Qur’onda bormi? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, unda men guvohlik beramanki, albatta, Qur’on Allohning huzuridan unga (Muhammadga) vahiy qilingan kitobdir!” dedi.
Xo‘sh, Inoyatulloh kim edi?
Alloma Inoyatulloh Mashriqiy 1888 yilda Hindistonning Amritsar shahrida tug‘ilgan. U 18-19 yoshlarida matematika fani bo‘yicha magistrlik diplomiga ega bo‘ladi. U Islom olimi, matematik va siyosatshunos sifatida faoliyat yuritadi.
Olim 30 yoshga yetganda, Qur’oni Karimni aniq va tabiiy fanlardan foydalanib tafsir qilishga kirishadi va 36 yoshida tafsir kitobining birinchi jildini yakuniga yetkazadi. Ishni bitirgach, Nobel mukofotini berish bo‘yicha hay’at uni ham Nobel mukofotiga nomzodlar ro‘yxatiga kiritadi. Mukofotni berish uchun yozgan tafsirini ingliz yoki fransuz tiliga tarjima qilishini shart qilib qo‘yishadi. U tafsirni urdu tilida amalga oshirgan edi. Olim hay’atning shartini eshitgach, «Urdu tilini hurmat qilmaydigan mukofotni olishni istamayman» deya uni olishdan bosh tortadi.
1963 yilda Pokistonning Lahor shahrida vafot etgan.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Xolis fikr
Bir nuroniy tog‘amiz bor. Qarindoshlar yig‘ilib ziyoratiga bordik. Suhbatlashib o‘tirganimizda davradagilar o‘tganlarimizni surishtira ketdi va: “Falonchi bilan pismadonchi qanday qarindosh, pismadonchi bilan falonchi?..” qabilidagi savollarni yog‘dirdi. Tog‘amiz: “Ular ota bir ona boshqa...” va shunga o‘xshash javoblar beraverdi. Qarasak, butun qishloq bir-biriga qarindosh chiqyapti. “Bovalarimiz rosa ko‘p uylangan ekan-da o‘ziyam”, dedi biri malomat qilgan ohangda. Unga javoban tog‘amiz: “U vaqtlarda beva ayol bo‘lmasdi, qaysiki ayolning eri o‘ldimi, erkaklardan biri uylanardi va bolalarini qaramog‘iga olardi”, dedi.
Bu endi o‘tgan zamonning gapi. Hozirgi vaqtda bevalar va yetim-yesirlar davlatimiz himoyasida, ularga erning nima keragi bor!.. Ammo shunchalik ko‘p taqiqlarga, va’z-nasihatlarga qaramay, kimlarningdir ikkinchi xotinga uylanish niyatida yurgani quloqqa chalinib qoladi. Ana shunday damlarda o‘sha erkakni go‘rdan olib go‘rga solishlar boshlanadi: xotinboz, pulmast, suyuqoyoq va hokazolar...
Ehtimol, bu ayblovlarning hammasi ham noto‘g‘ri emasdir. Ammo masalaning yana bir jihati bor: aksar hollarda erining uylanishiga ayolning o‘zi tashabbuskor bo‘ladi. Masalan, ayol bir, ikki farzandli bo‘lganidan so‘ng eri uchun emas, to‘ylarga, hashamlarga borish uchun bezanadi, kamiga shu ishni erining ko‘z o‘ngida qiladi; eriga esa katta o‘g‘liga o‘dag‘aylayotgandek muomala qiladi.
Eri ish buyursa, bajarmaydi; chorlasa, sarkashlik qiladi. Ana shunday choqda er jahl ustida (niyat qilib emas, albatta): “Ha, bir hurmatimni biladigan xotin olmasam”, deb qo‘yadi. Shunda ayol: “Astag‘firulloh, unday demang-ay, xatolarim bo‘lsa, to‘g‘rilab olaman”, demaydi-da, “Qani, bir uylanib ko‘ring-chi!” deb nafsoniyatiga tegadi. Bu gapni bir marta aytish bilan kifoyalanmaydi. Oqibatda erining po‘pisa uchun aytgan o‘sha gapi niyatga aylanadi. Chunki xotini keyingi mojarolarda: “Sizga kim ham tegardi o‘zi”, “Uylanishni sizga kim qo‘yibdi” qabilidagi gaplarni qaytaraverib, o‘zi bilmagan holda erini uylanishga majburlashda davom etadi. Keyin esa buyog‘i ma’lum: er – bevafo, xotin –jabrlanuvchi!
Professor, doktor Ahmad Lutfiy Qozonchining “Payg‘ambarimiz alayhissalomning zavjalari (zavjati mutahhirot)” asarida ushbu masalada nihoyatda ibratli ta’rif keltirilgan: “Abu Salama roziyallohu anhu ko‘z nuri deb bilgan xotinidan boshqa gul hidini hidlamagan edi. Chunki Ummu Salama roziyallohu anho (onamiz) erkak o‘z xotinidan kutadigan barcha go‘zalliklarni unga nisor etardi, natijada ikkinchi xotinga ehtiyoj qolmagandi va ikkinchi nikohning nomi ham aytilmagandi”.
Mushohada qilib ko‘raylik, azizlar, ayollar Ummu Salama onamizdek bo‘lsa, eri o‘zini qanday holda ko‘rishni istaganda, o‘shandek ko‘rinishga harakat qilsa, kunlarini o‘zining kayfiyatiga qarab emas, eriga parvona bo‘lib o‘tkazsa, erkakka ikkinchi xotin tashvishi nima kerak!
Darhaqiqat, taqiqlar, jarimalar, do‘q-po‘pisalar, ayniqsa, ushbu masalada kutilgandek samara bermaydi. Zotan, taqiqlangan meva shirin tuyiladi, deganlaridek, erkaklarning qiziqishini yanada kuchaytiradi, xolos. Hamma gap ayollarning o‘zida – erlarini tezlayvermasa, shuning o‘zi kifoya.
Damin JUMAQUL