Britaniyalik astronom olim Jeyms Jins hindistonlik musulmon alloma Inoyatulloh Mashriqiyning إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاء (“Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar”) oyatini tilovat qilganini eshitganda, dodlab yubordi va:
“Nima? Nima deyapsan? Allohdan faqat olimlar qo‘rqadilar? Ajablanarli! Juda ajoyib-ku! Axir bu (ya’ni, Allohdan faqat olimlar qo‘rqishi) ellik yillik izlanishlarim natijasida aniqlagan narsam-ku! Muhammadga bu haqiqatning xabarini kim bergan? Ushbu oyat rostdan ham Qur’onda bormi? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, unda men guvohlik beramanki, albatta, Qur’on Allohning huzuridan unga (Muhammadga) vahiy qilingan kitobdir!” dedi.
Xo‘sh, Inoyatulloh kim edi?
Alloma Inoyatulloh Mashriqiy 1888 yilda Hindistonning Amritsar shahrida tug‘ilgan. U 18-19 yoshlarida matematika fani bo‘yicha magistrlik diplomiga ega bo‘ladi. U Islom olimi, matematik va siyosatshunos sifatida faoliyat yuritadi.
Olim 30 yoshga yetganda, Qur’oni Karimni aniq va tabiiy fanlardan foydalanib tafsir qilishga kirishadi va 36 yoshida tafsir kitobining birinchi jildini yakuniga yetkazadi. Ishni bitirgach, Nobel mukofotini berish bo‘yicha hay’at uni ham Nobel mukofotiga nomzodlar ro‘yxatiga kiritadi. Mukofotni berish uchun yozgan tafsirini ingliz yoki fransuz tiliga tarjima qilishini shart qilib qo‘yishadi. U tafsirni urdu tilida amalga oshirgan edi. Olim hay’atning shartini eshitgach, «Urdu tilini hurmat qilmaydigan mukofotni olishni istamayman» deya uni olishdan bosh tortadi.
1963 yilda Pokistonning Lahor shahrida vafot etgan.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bir ayol har safar o‘g‘illaridan birontasini xulqida yomon o‘zgarishni ko‘rsa, darrov sadaqa qilib taom tarqatar va ushbu: “Ularning mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan va ularning haqqiga duo qil...” (Tavba surasi, 103-oyati)ni o‘qib duo qilarkan: “Allohim, ushbu sadaqam farzandimning axloqi poklanishi uchundir, chunki uning bu holi menga u kasal bo‘lib, xastalanganidan ko‘proq ta’sir qiladi, bezovta qiladi” der ekan.
Yana bir ayol bo‘lsa, kambag‘al edi, kunlik topganlariga kifoya qilarli kun kechirishardi. Shu sabab sadaqa qilishga hech narsa topolmasdi. Eri yoki o‘g‘li biron ayb, gunoh sodir qilishsa, kechasi turib namozida Baqara surasini zam qilib o‘qir va: “Allohim, bu mening sadaqamdir, uni mendan qabul et. Uni menga isloh qilib bergin”, deya duo qilardi.
Nima uchun vafot etgan inson dunyoga qaytish imkoni berilsa, sadaqani tanlaydi? Bu haqda Qur’oni karimda: «Va biringizga o‘lim kelib: “Ey Robbim, agar mening o‘limimni yaqin muddatga orqaga sursang, bas, sadaqa qilib solihlardan bo‘lsam”, demasdan avval Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiling» (Munofiqun surasi, 10-oyat), deb aytilgan.
Nima uchun “umra qilaman”, “namoz o‘qiyman” yoki “ro‘za tutaman” demaydi, balki “sadaqa qilaman” deydi?!
Ulamolar aytishadi: “Vafot etgan kishi o‘limidan keyin sadaqani qay darajada foydasi, asari ulkan bo‘lishini ko‘rgani uchun ham shunday deydi”.
Sadaqani ko‘paytiringlar, albatta mo‘min qiyomat kunida sadaqasining soyasi ostida bo‘ladi.