Muslim.uz saytining fidoyi xodimlari bugundan e’tiboran Islom dinining besh ustunidan biri bo‘lgan namoz o‘qishning tartib-qoidalarini Hanafiy mazhabi bo‘yicha tushunarli qilib, matnli va ovozli shaklda taqdim etib boradilar. Har bir ovozli audio mp3 shaklda tayyorlangan, ko‘chirib olib foydalanishingiz mumkin (tijoriy maqsadda foydalanish taqiqlanadi).
Shuningdek, imon va islom shartlari, Allohning sifatlari, masjid odoblari, tahorat, g‘usl tayammum tartiblari, eng fazilatli duolar haqida qisqa va muhim ma’lumotlar taqdim etiladi. Ushbu ma’lumotlar “Movarounnahr” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Men ham namoz o‘qiyman” nomli kitobi asosida tayyorlandi.
Alloh taboraka va taolo ushbu xayrli ishni muvaffaqiyatli va mo‘min-musulmonlarimiz uchun manfaatli qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
SO‘ZBOSHI
Mo‘min-musulmonlarga bir kunda besh mahal namozni farz qilgan va: «Namozni barkamol o‘qingiz...» (Baqara surasi, 43-,110-oyatlar) deya amr etgan Alloh taologa O‘zining ulug‘ligi va qudraticha, dunyo yaralganidan to qiyomatgacha imon keltirgan barcha bandalar tomonidan o‘qiladigan barcha namozlar rakatlari adadidan ham ortiq, har bir ruku, barcha sajdalarda aytiladigan tasbehlar miqdoridan ham karrot-karrot ko‘p hamdu sanolar bo‘lsin. Muborak hadisi shariflarida namozga: «Jannatning kaliti», «Dinning ustuni», «Mo‘minning me’roji», deya juda chiroyli ta’rif bergan, ummatlarini ushbu ibodatni barkamol ado etishga hamda: «Mening namoz o‘qiganimni ko‘rganingizdek sizlar ham namoz o‘qingiz» (Imom Buxoriy rivoyati), degan suyukli Payg‘ambarimiz, olamlar sarvari Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam)ga hadsiz, hisobsiz durudu salavotlar bo‘lsin. Islom dinining bizgacha bekamu ko‘st yetib kelishida juda katta hissa qo‘shgan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan eshitgan har bir so‘zni, hadisni xotirasiga jo aylab, juda katta mas’uliyat va yagona maqsad – Alloh rizosi uchun keyingi avlodlarga yetkazgan sahobalarga, tobeinlarga, tabaa tobeinlarga, muhaqqiq ulamolarga Allohning rahmati va mag‘firati bo‘lsin. Namoz shunday ibodatki, undagi lazzat, rohat, farog‘at, huzur-halovat, xotirjamlikni so‘z bilan ta’riflash juda qiyin. Ta’bir joiz bo‘lsa, banda sajdaga bosh qo‘yib, o‘zining ojizligiyu Buyuk Yaratuvchining qodiri mutlaqligini eslash bilan tuyiladigan ma’naviy lazzatni boshqa biror holatda tuyish mushkul.
Darhaqiqat, saodat kaliti – namozning foydalari bisyor. Zotan, Alloh taolo buyurgan har bir amal bandalar uchun koni foydadir. Ularda ko‘plab hikmatlar yashiringan. Alloh amrlariga amal qilgan kishi ko‘nglida ixlos ila ikki dunyo saodatidan umidvor bo‘lsa, rag‘batu mukofot olishi muqarrar. Namoz – odamni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan chiniqtiradigan ibodat. Poklanish jarayoni – tahoratdan to namozning harakatu qoidalari: takbir, qiyom, ruku, sajda, jalsa va taslim — bularning barchasi Allohning bandalariga benazir in’omi, buyuk tuhfasidir. Shunday ekan, bu amallarni so‘zda emas, balki chin ixlos bilan amalda bajarsakkina, ulkan foydalarga erishamiz. Namozning ma’naviy foydalari – savobini esa Alloh taolo niyatimizga, ixlosimizga yarasha ko‘paytirib beraveradi. Muhtaram mo‘min-musulmonlar! Yurtimizda toat-ibodatlar Imomi A’zam – Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit (rahmatullohi alayh) asos solgan hanafiy mazhabida ado etiladi. Shu bois, ibodatlarni hanafiy mazhabi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda ado etsangiz, turli fitnalarning oldini olishga hissa qo‘shib, ulkan ajrlarga ega bo‘lgan bo‘lasiz, inshoalloh.
Ushbu kitob, inshoalloh, Alloh taolo amriga bo‘ysungan, Rasuli muhtaram Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam)ningko‘rsatmalariga rioya qilishni ich-ichidan istayotgan mo‘min-musulmonlar uchun toat-ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlarida juda zarur qo‘llanmadir. Hozir yurtimizda el-yurt manfaati, xalq
farvonligini ko‘zlab barcha sohalarda ulkan islohotlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari avj olgan. Besh vaqt namozlardan so‘ng mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini, xayrli ishlar bardavomligini so‘rab, Alloh taologa duo-iltijolar qilish nur ustiga nur bo‘ladi.
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy
Ummatga qilingan so‘nggi vasiyat
“Hajjatul vado’” ya’ni “Vado xutbasi” lug‘atda “Vidolashuv xutbasi”, “xayrlashuv, ayriliq xutbasi-xitobi” degan ma’nolarni bildiradi.
Hijriy o‘ninchi yilning 9 zulhijja oyida (milodiy 632 yil 8 mart) Payg‘ambarimiz alayhissalom so‘nggi haj ibodatini ado etganlarida xutba qilganlar. Unda Makkada jami 124 ming musulmon to‘plangan edi.
U zot alayhissalom Qasvo degan tuyalariga minib, Arafot vodiysida ummatga so‘nggi vasiyatlarini bayon etganlar. Bu xitob faqat o‘sha joyda to‘plangan hojilargagina emas, balki qiyomatga qadar keladigan butun insoniyatga qaratilgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatga bunday vasiyat qildilar:
“Ey insonlar! So‘zimni yaxshilab tinglang... Bu yildan so‘ng sizlar bilan bu yerda yana ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Buguningiz qanday ham muqaddas kun, bu oylar qanday ham muqaddas oy, bu shahar (Makka) qanday ham muqaddas bir shahar bo‘lsa, Robbingiz bilan ko‘rishgunga qadar qonlaringiz, mollaringiz, obro‘larinigiz ham ayni shaklda muqaddasdir va bir-birlaringizga haromdir!
Ey sahobalarim! Ertaga Robbingizga ro‘para bo‘lib va bugungi holingiz haqida javob berursiz. Mendan so‘ngra eski zalolatlarga qaytib, bir-biringizning bo‘yningizga urmangiz!...
Ey insonlar! Ayollaringizga yaxshi muomala qilishingizni va Allohdan qo‘rqishingizni tavsiya qilaman. Chunki ular amringiz ostidadir. Siz ularni Allohning bir omonati o‘laroq oldingiz va ularning nomuslarini va iffatlarini Alloh oldida so‘z beraroq halol etingiz.
Yaxshi bilingki, sizning ayolingizda haqqingiz bo‘lganidek, ularning ham sizda haqlari bor.
Ey mo‘minlar! So‘zimni tinglang. Yaxshi tushinib oling. Batahqiq Robbingiz birdir. Otalaringiz ham bittadir. Alloh huzurida eng xayrligingiz, Allohdan eng ko‘p qo‘rqqaningizdir.
Arablarning ajamdan, ajamning esa arabdan, oq irqlining qora irqlidan, qora irqlining oq irqdan hech qanday ustunligi yo‘qdir. Ustunlik yolg‘iz taqvodadir.
Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing, rahbar qilib ustingizga burni, qulog‘i kesik bir qulni saylab qo‘ysa, Allohning Kitobi ila hukm etgani qadar uni tinglang va unga itoat eting!
Ey insonlar! Sizga bir omonat qoldirayapman-ki, uni mahkam ushlasangiz yo‘lingizdan adashmaysiz! U omonat Allohning Kitobi va payg‘ambarining sunnatidir.
Ey mo‘minlar! Allohdan qo‘rqing! Besh vaqt namozingizni o‘qing! Ramozon oyidagi ro‘zalaringizni tuting!
Mollaringizning zakotini bering! O‘zlaringizdan bo‘lgan amr sohiblariga itoat eting-ki, Robbingizni jannatiga kirursiz.
Ey insonlar! Haddan oshishlikdan saqlaning. O‘tgan ummatlarning halokatining sababi, dinlarida haddan oshish edi.
Bu sanadan so‘ngra yana siz bilan bu yerda ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Ertaga men xaqimda sizdan so‘raganlarida nima deysiz? Risolatni yetkazdimmi? Ilohiy vazifani ado qildimmi?”, dedilar.
Bunga butun as’hobi kirom shunday javob berdilar: “Albatta, qasam ichamizki siz Allohning xabarini tablig‘ etdingiz, vazifani bajardingiz. Bizga tavsiya va nasihatda bo‘ldingiz. Hammasiga shohidlik beramiz!”
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak ko‘rsatgich barmoqlarini samoga ishorat qildirib, jamoatga boqib bunday dedilar: “Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim!”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv xutbasini yakunlagach, Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:
“Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).
Nabiy alayhissalom vado hajidan qaytishda yo‘lda xastalandilar. Xastaliklari 13 kun davom etdi. Hijriy 11 yili robi’ul avval oyining dushanba kuni Oisha onamizning xonalarida muborak ruhlarini Allohga topshirdilar va o‘sha joyda dafn qilindilar...
Sollallohu alayhi vasallam
Davron NURMUHAMMAD