Dubay Islom banki Qur'oni karimning dunyo bo'ylab tarqalishi va chop etilishi uchun “Dar al-Bir” uyushmasiga 550 000 dirham ajratganini e'lon qildi.
IQNAning “Al-Bayan” matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, Dubay Islom banki bu tashabbusni Qur'oni karim hofizlari va qorilarini qo'llab-quvvatlash, bankning xayriya faoliyatini amalga oshirish sifatida baholagan.
“Dar al-Bir” uyushmasi direktori Muhammad Sohail al-Mahiri bu sa'y-harakatni yuqori baholab bunday dedi: “Dubay Islom banki mazkur aktsiyaning strategik hamkori bo'lib, uyushmaning turli xayriya tashabbuslari va xayriya loyihalarini qo'llab-quvvatlaydi”.
Qariyb 44 yildan buyon ushbu bank turli gumanitar sohalarda dunyo musulmonlari orasida xayriya va xizmat ko'rsatish sohalarida masjidlar va Qur'oni karimni yodlatish markazlari qurilishida ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Al-Mahiri “Dar al-Bir” uyushmasining kelgusi rejalari haqida ma'lumot berib, jumladan bunday izoh berdi: “Bu chora-tadbirlar Islom dini ta'limoti va xayriya ishlarini amalga oshirishning ahamiyatiga asoslanadi. Uyushma faoliyatining asosiy qismi Qur'oni karimni dunyoning turli mamlakatlarida chop etish va tarqatish, masjidlar va Islom markazlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan”.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov