بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَنْعَمَ عَلَيْنَا نِعْمَةَ الْحُرِّيَّةِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي بَلَّغَ الِّرِسَالَةَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
MUSTAQILLIK – umumxalq bayrami
Aziz yurtdoshlar! Ma’lumki, shu kunlarda katta xursandchilik –davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi arafasida turibmiz. Fursatdan foydalanib, barchalaringizni mustaqillik bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz! Alloh taolo Vatanimizni doimo obod, farovon va tinch yurtlardan qilsin! Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil, fidokorona mehnat qilayotgan rahbaru xodimlarning xayrli ishlarida Alloh taolo madadkor bo‘lsin!
Muhtaram azizlar! Alloh taolo Qur’oni karimda:
وَأَمَّا بِنِعْمَةِ رَبِّكَ فَحَدِّثْ (سورة الضحي الآية-11)
ya’ni: “Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!”, – deb marhamat qilgan. (Zuho surasi, 11-oyat).
Ushbu oyatning hukmiga binoan o‘tgan yillar davomida yurtimizda amalga oshirilgan xayrli ishlar, erishilgan yutuqlarimizni yana bir karra eslab o‘tmog‘imiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, erishilgan ne’matlarni zikr qilish ham shukrona ne’mat hisoblanadi.
Ma’lumki, yurtimizda har sohada yangiliklar, xalq farovonligi yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shaxsan muhtaram Prezidentimizning o‘zlari har sohaning ichiga bevosita kirib borib, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘l-yo‘riqlarini ham oqilona tarzda ko‘rsatib bermoqdalar. Jumladan, aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar qatorida kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan kishilarni ham alohida imtiyoz asosida uy-joylar bilan ta’minlab berilayotgani tahsinga sazovordir.
Yurtimizda ta’lim sohasiga, xususan, o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, oylik maoshlarini oshirilishiga, ularga uy-joy olish imkoniyatlarini yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘z-o‘zidan bu kelajagimiz vorislari bo‘lmish yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasini yuqori darajaga olib chiqishga asos bo‘ladi. Zero, har bir o‘zini hurmat qilgan xalq bugungi kunini o‘ylashi bilan birga, kelajagi haqida ham qayg‘uradi. Agar bizdan farzandlarimizga obod yurt meros qolishini istasak, yoshlarimizga, ularning tarbiyasiga beparvo bo‘lmasligimiz kerak.
Oxirgi yillar davomida diniy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Keyingi ikki yilda muborak Haj safariga boruvchilar soni ikki mingtaga oshirilgani va yil davomida Umra ziyoratiga borish imkoniyati mavjud bo‘lgani mo‘min-musulmonlarimiz qalbida mamnuniyat paydo qildi. Alloh taoloning baytini Haj qilish har bir musulmonning orzusi sanaladi. Joriy yilda narxlar arzonlashtirildi va xizmat sifati yanada yaxshilandi.
Muhtaram jamoat! Adolat o‘rnatish, avf qilish – dinimizning asosiy g‘oyalaridandir. Adolatparvarlik va kechirimlilik – jamiyat farovonligi hamda yurt obodligi uchun muhim omil hisoblanadi.
Turli xil sabablar bilan urush bo‘layotgan mintaqalarga ketib qolgan va tutqunlikda bo‘lgan bir qancha vatandoshlarimiz yurtimizga qaytarib olib kelindi.
Shariatimizda bag‘rikenglik va afv etishga ko‘p da’vat qilingan. Chunki, afv qilish – Alloh taoloning ulug‘ sifatlaridan biridir. Parvardigorimiz oyati karimada:
﴿ وَإِنْ تَعْفُوا وَتَصْفَحُوا وَتَغْفِرُوا فَإِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ ﴾ (سورة التغابن الآية-14)
ya’ni: “...Agar sizlar afv etsangiz, koyimasangiz va kechirsangiz, u holda, albatta, Alloh (ham sizlarga nisbatan) mag‘firatli va rahmlidir”, – degan (Tag‘obun surasi, 14-oyat).
Aldov oqibatida o‘zga yurtlarga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu vatandoshlarimizga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratildi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.
Shuningdek, o‘tgan Muborak Ramazon hayiti bayrami arafasida 600 ga yaqin mahbusni afv etilishi tug‘risida Prezident Farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra bir qancha mahbuslar jazodan butunlay ozod etildi, bir qismining esa jazo muddati qisqartirildi. Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish yuzasidan mas’ul vazirliklar, idoralar va hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek: “Har bir millatning taraqqiy etishi, yuksalishi, davlat va hukumatlarning bardavom bo‘lishi adolatga bog‘liqdir”. Ushbu fikrning isboti ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi – mamlakatimiz kundan-kun chiroy ochib, yurtdoshlarimizning ijtimoiy ahvoli yaxshilanib, eng muhimi – xalqimizda davlatga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi mustahkamlanib bormoqda.
Muhtaram jamoat! Albatta, bu erishilayotgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning zamirida yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik va farovonlik alohida o‘rin tutadi. Bu haqda hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:
"مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فِي سِرْبِهِ، مُعَافًى فِي جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّمَا حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا"
(رَوَاهُ الْإِمَامُ البُخَارِيُّ وَالْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Qaysi biringiz oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik rizqi bor holda tong ottirsa, go‘yoki butun dunyoni qo‘lga kiritibdi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Bu ne’matlarning davomli va ziyoda bo‘lishi esa shukronaga bog‘liqdir. Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh shunday deganlar:
مَنْ عَرَفَ نِعْمَةَ اللّهِ بِقَلْبِهِ، وَحَمِدَهُ بِلِسَانِهِ، لَمْ يَسْتَتِمَّ ذَلِكَ حَتَّى يَرَى الزّيَادَةَ
ya’ni: “Kim Allohning ne’matini qalban his qilib, tilida e’tirof etsa, e’tirofi oxiriga yetmasdan ne’matning ziyodaligini ko‘radi”.
Muhtaram azizlar! Tabiiyki, inson qayerda dunyoga kelsa, ana shu yer uning uchun aziz Vatan hisoblanadi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan, hamma narsadan ham qimmatli dargohdir! Rasululloh sallalohu alayhi va sallam o‘zlari tug‘ilib o‘sgan shahar Makkai mukarrama haqida shunday deganlar:
"مَا أَطْيَبَكَ مِنْ بَلْدَةٍ وَأَحَبَّكَ إِلَيَّ، وَلَوْلَا أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِي مِنْكَ، مَا سَكَنْتُ غَيْرَكَ"
(رَوَاهُ الْإِمَامُ ابْنُ حِبَّانَ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنه).
ya’ni: Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallalohu alayhi va sallam aytdilar: "Qanday ham yaxshi shaharsan! Menga qanday ham sevimlisan! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, sendan boshqa joyda yashamagan bo‘lardim!” (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Demak, vatanni sevish, uni sog‘inib yashash – inson tabiatida mavjud bo‘lgan nozik hisdir! Vatanni sevish faqat tilda qolib ketmasligi, balki vatandoshlar yurt ravnaqi uchun birlashishi, bir-biriga xayrihoh bo‘lib, dunyo-oxiratda foydali ishlarga harakat qilishlari kerak. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
﴿...وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ ﴾
(سورة المائدة الآية-2).
ya’ni: “...Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Mana shu sevimli Vatanda yashayotgan har bir mo‘min-musulmon, avvalambor – o‘zi, ahli-ayoli, yaqinlari va jamiyatga foydali bir inson bo‘lishga harakat qilishi kerak. Buning uchun o‘ziga yuklatilgan vazifani chiroyli ado qilishi darkor. Biz bir paytning o‘zida ham farzand, ham ota, ham fuqaro, ham turli idora va tashkilotlarda xodimmiz. Mana shu majburiyatlarimizni mas’uliyat bilan bajarib, o‘zaro bir-birimizni qo‘llab-quvatlab, atrofimizdagilarga imkon qadar yordam berishimiz kerak. Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِىُّ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه).
ya’ni: “Odamlarning Allohga eng sevimlisi – boshqalarga foydasi ko‘proq tegadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Alloh taolo biz, bandalarini, O‘zining behisob ne’matlaridan bahramand etgan ekan, o‘z navbatida ana shu ne’matlarining qadriga yetib, shukrini ado etib borishimizga buyuradi. Alloh taoloning ne’matlarini katta-kichik demay, shukrini bajo keltirishimiz – zimmamizdagi burchdir. Shu bilan birga Alloh taoloning shariatiga amal qilib, O‘zi buyurganidek imon-e’tiqodda va taqvoda hayot kechirib borsak, Alloh taolo ikki dunyoda ham mukofotlarni va’da qilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
﴿ وَلَوْ أَنَّ أَهْلَ الْقُرَى آَمَنُوا وَاتَّقَوْا لَفَتَحْنَا عَلَيْهِمْ بَرَكَاتٍ مِنَ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ ﴾ (سورة الأعراف/96).
ya’ni: “Agarda (mazkur) yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo‘lur edik” (A’rof surasi, 96-oyat).
Bu oyatda katta ibrat bordir. Alloh taolo bandalaridan juda ko‘p va og‘ir narsani talab qilmadi. Imon keltirib, shirk va gunohlardan o‘zlarini tiysalar bas. Shu ishlari evaziga yeru osmondan barakot ato etaman, deb va’da qilmoqda. Bu shart va mukofot va’dasi to Qiyomatgacha dunyoga kelib-ketuvchi barcha bandalarga ham tegishlidir.
Ma’lumki, yangi o‘quv yili ham boshlanmoqda. Har bir ota-ona farzandlarini yangi o‘quv yiliga tayyorlab, ularga kerakli o‘quv qurollarini olib berishlari lozim. Zero, ilm-fanga e’tibor kuchaygan sari yurtimiz rivojlanib, obod bo‘lib boradi.
Haq taolo barchamizni Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarimizga rivoj bersin! yurtimiz mustaqilligini bundan ham mustahkam aylab, mustaqil yurtda unib-o‘sayotgan farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib, o‘z vatani va xalqiga fidoiy, yurt koriga yaraydigan avlodlar bo‘lib yetishishlarini nasib aylasin! Barchalarimizga mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin! Omin!
31 AVGUST – HIJRIY 1441 YILNING BIRINCHI KUNI
Ma’lumki, 31 avgustdan hijriy 1441 yil boshlanadi. Uning birinchi oyi Muharram oyi bo‘lib, Ramazon oyidan keyin eng hurmatli oy hisoblanadi. Ashuro kuni esa Muharram oyining o‘ninchi kunidir. Muharram oyi va unda ro‘za tutishning fazilati haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadis rivoyat qilingan. Jumladan:
"أَفْضَلُ الصِّيَامِ بَعْدَ رَمَضَانَ شَهْرُ اللهِ الْمُحَرَّمُ" (رَوَاهُ الْاِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazondan keyin ro‘zalarning afzali Allohning oyi Muharram (ro‘zasi)dir” (Imom Muslim rivoyati). Yana bir hadisda shunday marhamat qilingan:
"صِيَامُ يَوْمِ عَاشُورَاءَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ " (رَوَاهُ الْاَمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي قَتَادَةَ).
ya’ni: Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kuni ro‘zasi (sababli) Alloh o‘tgan yilgi gunohlarni kechirishini umid qilaman” (Imom Termiziy rivoyati).
Bunday ulkan imkoniyat Alloh taoloning biz – bandalariga qilgan fazl va marhamatidir.
Ashuro kuni (Muharramning 10-kuni)ning ro‘zasini 9-kuni bilan qo‘shib tutish sunnat amaldir. Faqat Ashuro kunining o‘zida ro‘za tutish makruhdir (“Fatvoi Hindiya” kitobi).
Ashuro kunidan avval ham, keyin ham bir kun ro‘za tutish mustahab bo‘ladi (“Fathul Qadir” kitobi).
Ashuro kuni oila ahliga kengchilik qilish borasida hadisi sharifda shunday deganlar:
"مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ فِي سَائِرِ سَنَتِهِ (َروَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ عَنْ عَبْدِ اللهِ ابْنِ مَسْعُودٍ).
ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim oila ahliga Ashuro kunida (oziq-ovqat, kiyim-kechakda va boshqa narsalarda) kengchilik qilsa, yilning qolganida Alloh unga kengchilik qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imom Sufyon as-Savriy hazratlari: “Biz ushbu hadisni amalda qo‘llab ko‘rdik va uning aytilganidek ekanligiga guvoh bo‘ldik,” – deganlar. Sufyon ibn Uyayna: “Biz buni 50-60 yil tajriba qilib ko‘rdik va faqatgina yaxshilik ko‘rdik”, – deganlar.
Demak, Ashuro kuni bozorlik qilib, ro‘zg‘orini but qilib olsa, yilning qolgan oylari ham barakali bo‘lishi umid qilinadi. Bu yil Ashuro kuni 9 sentyabr dushanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.
Fazilatli oylardan bo‘lgan Muharramdagi har bir lahzani g‘animat bilaylik. Yangi hijriy yil yurtimiz, xalqimiz, oilamiz uchun tinchlik, xotirjamlik, xayrli-barakali yil bo‘lishini Alloh taolo nasib aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “HALOL SAVDO – BARAKA OMILI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.