Kechiruvchanlik ruhga dori va badanga rohatdir. Qalblarni yorituvchi ezgulik shu'lalari aynan kechirimlilikdan porlaydi. Og'rigan chehralarga rozilik tabassumi bilan boqsangiz, ular yorishadi, shod bo'ladi.
Gohida sizga yomonlik qilgan odamni kechirish qiyindek ko'rinadi, u xoh do'stingiz, yaqiningiz bo'lsin, xoh ishdagi yoxud darsdagi sherigingiz bo'lsin. Kechirib yuborish sizni hiqdu adovat tuyg'ularidan xalos etib, o'rniga rohat va xotirjamlik kabi shirin tuyg'ularni olib keladi.
Kechiruvchan bo'lish aslo hurmatingizni yo'qotishingizni anglatmaydi, haqlaringizdan kechganingizni ham yoki xorlikka rozi bo'lganingizni ham bildirmaydi. Buning tamoman aksi!
Boshqalarning aybiga ko'z yumish rohat va xotirjamlik eshiklarini ochadi hamda muhim ishlarga qo'l urishingizga imkon yaratadi. Odamlarning yomonligini, har xil gap-so'zlarini o'ylab, siqilib yurmaysiz.
Imom Shofeiy rahimahulloh bir she'rida shunday deydi:
Uzoq bo'lgach kek-adovat ta'midan,
Halos bo'ldim dushmanchilik g'amidan.
Qalbingizni musaffo aylang, uni gina-adovat hislaridan poklang, bunday yomon tuyg'ular qalbingizga o'rnashishiga qo'yib bermang!
Kimda-kim sizga nisbatan xatoga yo'l qo'ysa, haqqingizni poymol qilsa, uning yaxshi xulqlarini, oliy sifatlarini yodga oling. U bilan o'tgan yaxshi xotiralarni, sizga bergan yordamlarini esga oling. Bu uni kechirishingizda, unga yana bir bor imkoniyat berishingizda sizga qo'l keladi!
U bilan o'rtangizda bo'lgan mojaroning tafsilotlarini o'ylab, vaqtingizni ketkazmang. Zero bu muammoni hal qilib bermaydi, uni chigallashtirgani qoladi.
Kimdir sizni tanqid qilsa, mavzuni shaxsiyatga burmang, masalaga e'tibor qarating va fikringizni unga ochiq-ravshan tushuntirib bering.
G'azab bilan hukm qilmang, chunki g'azab o'z fikringizni to'g'ri, boshqalarning fikrini xato deb bilishga olib boradi.
G'onidiy aytadi: “Biz shaxslarga dushman emasmiz, xatolarga dushmanmiz”.
Kechiruvchanlikni onalardan, otalardan, jufti-halollarimizning muhabbatidan, do'stlarimizning vafosidan o'rganishimiz mumkin. Ular dunyoni shodlik va saodatga to'ldiradilar. Odamlar orasida mehr-muhabbatni yoyadilar.
Yana shuni bilingki, yaxshi odamlar kelishmovchilik bo'lgan paytda jahl ustida qo'pol gaplarni gapirib, qasd olishni va'da qilishlari mumkin, lekin qasd olishga fursat bo'lganda qalblari yumshab: “Kim afv etib isloh qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir” (Sho'ro surasi, 40-oyat), deb aytadilar.
Yaratuvchimiz Allohning kechirimidanda kattaroq kechirim bormi?! “Avf etsinlar, o'tib yuborsinlar. Alloh sizlarni mag'firat qilishini xush ko'rmaysizlarmi?! Alloh o'ta mag'firatli, o'ta rahmli Zotdir”(Nur surasi, 22-oyat).
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
حدثنا أبو مسلم البصري حدثنا الرمادي نا سفيان بن عيينة نا الزهري أخبرني عامر بن سعد عن أبيه أن النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم قال: ”أعظم المسلمين في المسلمين جرما: من سأل عن أمر لم يحرم فحرم على الناس من أجل مسألته.“
Omir ibn Sa’d otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Musulmonlarning gunohi eng kattasi – harom qilinmagan ish haqida so‘rayverib, uning harom qilinishiga sabab bo‘lgan kishidir”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi