Sayt test holatida ishlamoqda!
08 May, 2025   |   10 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:12
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:31
Xufton
20:57
Bismillah
08 May, 2025, 10 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahriga yangi bosh imom-xatib tayinlandi

25.08.2019   15438   1 min.
Toshkent shahriga yangi bosh imom-xatib tayinlandi

25 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi.
Nuriddin domla Xoliqnazarov 1968 yilda Andijon viloyati Asaka shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. 1992 yilda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasini, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.
Ish faoliyati davomida Nuriddin domla Xoliqnazarov Andijon viloyati Asaka shahri “Ahmadali Maxdum” jome masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri Yunusobod tumani “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi va shu kunga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilgan.
Nuriddin domla Xoliqnazarovga ushbu sharafli vazifada, xalqimizning diniy-ma’rifiy ehtiyojini ta’minlash yo‘lida Alloh taolodan kuch-quvvat so‘raymiz.
Shu paytgacha poytaxt bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilib kelgan Rahimberdi domla Rahmonov “Minor” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ish faoliyatini davom ettiradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

G‘azabi chiqishining oldini oluvchi kalima

07.05.2025   1364   2 min.
G‘azabi chiqishining oldini oluvchi kalima

Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ikkisidan birining ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men agar u aytsa, undagi bu narsa ketadigan kalimani bilaman. U A’uzu billahi minash-shaytonir rojiymdir», dedilar. Bas, u: «Menda jinnilik bor deb o‘ylaysanmi?» dedi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).

G‘azabi chiqishining oldini olish niyatida bo‘lgan odam «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib yurmog‘i lozim. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin, dedilar (Abu Dovud va Ahmad rivoyati).

Albatta, bu ishlarning g‘azabni so‘ndirishi tajribada ham sobit bo‘lgan.

Imom Abu Dovud Abu Voil Ossdan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Urva ibn Muhammad Sa’diyning oldiga kirgan edik. Bir odam gapirib, uning g‘azabini qo‘zg‘adi. Shunda u o‘rnidan turib, tahorat qildi. So‘ngra: Otam menga bobom Atiyya roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni aytib bergan edi, deb quyidagilarni aytdi: Atiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin, dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Albatta, mazkur va shunga o‘xshash choralar g‘azabni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yordamchi choralardir. G‘azabning asosiy chorasi esa Allohga bo‘lgan iymon, qiyomatdan umidvorlikdir. G‘azabi chiqqan odam darhol Alloh taoloni eslashi, U Zot har bir narsani ko‘rib-bilib turganini va hamma narsani hisob-kitob qilishi shubhasizligini yodga olishi zarur.

Shuningdek, g‘azabni ishga solib yomonlik qilsa, qanday jazo olishini, g‘azabini yutib ortga qaytsa, qanday savoblar olishini o‘ylashi lozim.

Ruhiy tarbiya kitobi asosida tayyorlandi