frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

DAYUS KIM?

23.08.2019   34147   2 min.
DAYUS KIM?

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch kimsa borki, Alloh azza va jalla qiyomat kuni ularga (rahmat nazari ila) qaramaydi: ota-onasiga oqq bo‘lgan kimsaga, erkakshoda ayolga, dayusga. Va uch kishi jannatga kirmaydi: ota-onasiga oqq bo‘lgan kimsa, aroq ichishga mukkasidan ketgan kimsa, berganini minnat qiluvchi kimsa» dedilar. Imom Ahmad va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Imom Ahmadning rivoyatlarida bunday kelgan: «Uch kishi borki, Alloh taolo ularga jannatni harom qilgan: aroqqa mukkasidan ketgan, oqq bo‘lgan, ahlida iflos ish (zino) sodir bo‘lishiga rozi bo‘lgan kimsa».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch kishi hech qachon jannatga kirmaydi: erkaklardan dayus, ayollardan erkakshoda va xamr (aroq)ga mukkasidan ketgan kimsa» dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, xamr (aroq)ga mukkasidan ketgan kimsani tushundik. Ammo erkaklardan dayus kim?» deb so‘rashdi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: «Ahli (xotini)ning oldiga kimlar kirishiga parvo qilmaydigan kimsa» dedilar. Biz: «Ayollardan erkakshodasi kim?» deb so‘radik. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘zini erkaklarga o‘xshatgan ayol» deb javob berdilar.

Demak, kengroq olib qaraydigan bo‘lsak, dayus:

  • o‘ziga qarashli ayollarning oldiga kimlar kirayotganiga parvo qilmaydigan «erkak»;
  • ayoli, qizi, singlisi, nabirasi telefonda, smsda, internetda kimlar bilan gaplashayotganiga e’tibor bermaydigan «erkak»;
  • ayoli, qizi, singlisi, nabirasi ko‘chada, bozorda kimlar ila yurgani bilan ishi bo‘lmaydigan «erkak»;
  • ayoli, qizi, singlisi, nabirasi Turkiya, Qorasuv, Dubayga «tovar opkelaman» deb, mahramsiz ketsa indamay dovdirga o‘xshab o‘tiradigan, xotini, qizi, singlisi, nabirasining u yoqlarda nimalar qilayotganiga parvo qilmaydigan «erkak»;
  • to‘ylarda erkaklar oldida ayoli, qizi, singlisi, nabirasi raqsga tushsa, «O‘tir joyingga, yana bir marta likillaganingni ko‘rsam oyog‘ingni urib sindiraman, meni dayus bo‘lishimni, jannatdan mahrum bo‘lib, do‘zaxga kirishimni istayapsanmi?» deyish o‘rniga, tirjayib o‘tiradigan, borib pul qistiradigan «erkak»;
  • ayoli, singlisi, qizi va nabirasi avratlari ochiq holda ko‘chaga chiqsa, ularni tergash, tanbeh berish, bu behayolikdan qaytarish o‘rniga, og‘ziga talqon solgandek indamaydigan «erkaklar»dir.

Demak, Alloh taolo qiyomat kuni dayusga rahmat nazari ila boqmas ekan.

Demak, Alloh taolo dayusni jannatga kiritmas ekan.

Demak, Alloh taolo dayusga jannatni harom qilib qo‘ygan ekan.

Mahramimiz bo‘lgan ayollarning yurish-turishlarini, kiyinishlarini, gap-so‘zlarini, qayerga borib, kimlar bilan ko‘rishayotganlarini nazoratga olaylik!

Alloh taolo barchamizni dayuslikdan asrab, hamiyat, rashk, qizg‘onish tuyg‘ularimizni mustahkam qilsin!

 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

11.08.2026   57999   2 min.
Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:

  • mikromoliya tashkilotini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini mikromoliya tashkilotiga o‘zgartirish;
  • bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish.

Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.

Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.

Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari